Kontent qismiga oʻtish

Radiotelegraf aloqa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Radiotelegraf aloqa — telegraf aloqaning xabarlar (telegrammalar) radiotoʻlqinlar yordamida uzatiladigan turi. Dastlab (20-asrning 1choragi) xabarlar telegraf kodidan foydalanib uzatilgan. Radiotelegraf aloqada qoʻllangan apparatlar kam quvvatli uzatkichlar va qabul qilgichlardan iborat boʻlgan. Keyinchalik tezkor avtomatik uzatkich — transmitterlar va elektromexanik qayd qilish qurilmalari — ondulyatorlardan foydalanilgan. Harf teruvchi telegraf apparatlari yaratilganidan, radioaloqa va telegraf aloqa takomillashganidan, Yer sunʼiy yoʻldoshlaridan foydalana boshlanganidan soʻng Radiotelegraf aloqa ham ancha takomillashgan. Simli telegraf aloqadan farqli ravishda Radiotelegraf aloqa qoʻshimcha oraliq apparatlardan foydalanmagan holda xabarlarni uzoq masofalarga uzatishga imkon beradi. Uning yordamida harakatlanib turgan obʼyektlar (samolyotlar, kosmik kemalar va boshqalar) bilan aloqa oʻrnatish mumkin[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil