Kontent qismiga oʻtish

Radiotelemexanika

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Radiotelemexanika — boshqarish komandalari va nazorat (signal berish va oʻlchash) axborotlarini uzatish uchun radioaloqa kanallaridan (koʻproq santimetrli, detsimetrli toʻlqin diapazonida) foydalaniladigan telemexanika sohasi. Qoʻllanadigan radiotexnik va elektron qurilmalar kompleksi R. tizimiga birlashtiriladi. Radiotelemexanik tizimlar turli komanda informatsiyalari uzatiladigan radioboshqarish, nazorat informatsiyalari uzatiladigan radioteleoʻlchash va kompleks tizimlarga boʻlinadi.

Radiobosh qarish tizimlarida operator (dispetcher)dan obʼyektga komanda uzatilganda boshqarish pultida operator tergan komanda kodi ketma ket elektr impulslariga, soʻngra fazali, amplitudali yoki chastotali modulyasiya metodi bilan radiosignallarga aylanadi.

Radioteleoʻlchash yoki radiotelemetriya tizimlarida oʻlchash oʻzgartirgichi (datchik) qabul qilish organi boʻlib xizmat qiladi, uning chiqish qismida oʻlchanadigan kattalikka mos kuchlanish hosil boʻladi. Bu kuchlanish chastota, amplituda, faza yoki impuls boʻyicha modulyapiyalanib, avval yordamchi signalga, soʻngra ikkinchi modulyatorda yuqori chastotali radiosignalga aylantiriladi. Koʻpgina umumlashtirilgan obʼyektlarni oʻz ichiga oluvchi kompleks tizimlarda kanallarni adres (kod) boʻyicha taqsimlashdan foydalaniladi.

Boshqarish turiga qarab, R. ochiq va yopiq tizimli boʻlishi mumkin. Ochiq R.da operator qatnashadi. Masalan, Ep sunʼiy yoʻldoshlari asboblarini nazorat qilishda operator belgilangan vaqtda uzatkichni ulaydi va sunʼiy yoʻldoshdagi R. tizimini ishga tushirish uchun komanda signallarini yuboradi. Sunʼiy yoʻldoshdan kelgan signallarga qarab, bortdagi apparatlarning ishi nazorat qilinadi. Yopiq R. tizimida operator qatnashmaydi, uning vazifasini avtomatik elektron boshqarish qurilmasi bajaradi. R. kosmik kemalar, samolyotlar, reaktiv snaryadlar, raketalar, sayyoralararo st-yalar, kemalar va boshqalarni boshqarish, qoʻzgʻalmas va harakatdagi obʼyektlarda oʻtadigan turli jarayonlarni bir maromga solib turish, oʻlchash natijalarini zarur joyga uzatish uchun qoʻllanadi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil