Kontent qismiga oʻtish

Rasm

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Mona Lisa

Rasm — tekis yuzaga qoʻlda chiziq va nursoya (oqqora boʻyoq dogʻlari) yordamida ishlangan tasvir; rassomlik sanʼati (rangtasvir va grafika)nish ifoda vositasi. Rasmda asosiy ifoda vositasi chiziq boʻlib, qoʻlda grafika vositalari qalam, pero va boshqa yordamida chegara chizik, (kontur chiziq) yoki qisqa va yuliq chiziq (shtrix)lar hamda boʻyoq dogʻlarida bir xil (axromatik) rangda bajariladi. Bu ifoda vositalarining turlicha qoʻshilishi natijasida (shtrixlar kombinatsiyasi, boʻyoq dogʻlari va chiziqlarning uygʻunligi va boshqalar) rasmning nafis ishlanishi, tus, ranglarning ohangdorligi, nursoyaning oʻta taʼsirchanligiga erishiladi. Rasm qogʻoz, mato, devor va boshqalarga qalam, koʻmir, pero, sangina, moʻyqalam va boshqa vositasida, tosh, taxta, metal kabi qattiq yuzalarga oʻtkir uchli buyum (qurol, bigiz va boshqalar) bilan oʻyib chiziladi. Rasm, asosan, bir rangda yoki turli ranglarni u yoki bu darajada qoʻllanishi bilan bajariladi. Rasmning tugal mazmun, maʼlum gʻoyaviy estetik qarashlarni ifodalovchi mustaqil (dastgoh) hamda biror sanʼatga bogʻliq (kitob bezagi, ilmiy ishlarni izohlashga yordam beruvchi qoʻshimcha material va boshqalar) holda yaratiladigan turi mavjud. Tasviriy, amaliy bezak sanʼati va meʼmorlikda rasm muhim oʻrin egallaydi, ularning asosini oʻrganish rasmdan narsa, buyumlarni yuza (qogʻoz)da tasvirini ishlashdan boshlanadi. Borliqni oʻrganish va bilish, real borlikdan abstrakt tafakkurga oʻtish jarayonida rasm katta imkoniyatga ega. Badiiy rasm tekis yuzada ishlanadigan barcha tasvirlar (rangtasvir, grafika, boʻrtma tasvir — relyef)ning asosini tashkil etadi, bajarilishiga koʻra tugallangan (portret, manzara va boshqalar) hamda naturadan yaratilgan xomaki rasm, chizgi, eskiz, etyud va boshqa turlari farqlanadi. Yagona nusxada yaratilishi bilan rasm grafika, gravyura va litografiyadan farq qiladi. Rasm rangtasvirda asar yaratishning dastlabki bosqichi boʻlib, unda boʻlajak asarning tuzilishi, buyum va obrazlarning fazoviy joylanishi, koʻrinish chegara chiziklari, oʻlcham va uning nisbatlari belgilab olinadi. Grafikada rasm badiiy ijodning mustaqil va asosiy yoʻnalishi hisoblanadi hamda uning turlari asosini tashkil etadi. Rassom gʻoyaviy estetik qarashlarini qalam, koʻmir qalam, sangina, pastel va boshqa vositasida ifodalab, moʻʼjiza yaratishi va kishini hayratlantiradigan darajadagi sanʼat asarini maydonga keltirishi mumkin. Rasm badiiy taʼlimning (asosan, naturadan chizish, oʻquv mashqi) asosini tashkil qiladi. Rasm texnologik jihatdan quruq va suyuq holdagi boʻyoq ashyolaridan foydalanib bajariladi. Eng qadimiy quruq boʻyoq — koʻmirga aylangan yongan yogʻoch qoldiqlari boʻlgan. Uoʻgʻonish davrida italyan qalami (qora boʻr) va sangina (qizil boʻr) ishlatila boshlangan, XVI asr oxiridan grafit, XVIII asrda bugungi kunda keng tarqalgan qalam amalda qoʻllanila boshlagan. Suyuq boʻyoqlar (tush, siyoh, sepiya, bistr) yuzaga pero, qush pati, moʻyqalam yordamida tushiriladi, bu boʻyoqlar alohida yoki aralashtirib ishlatilishi mumkin. Rasm oʻrnida hozirgi kunda qalamtasvir, chizmatasvir iboralari ham keng ishlatiladi (Masalan, rangtasvir rasmi, yaʼni uning qalamda ishlangan tasviri — qalamtasvir).[1][2]juda ajayib rasm bo'libdi[3]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. „Rasm“ OʻzME. R-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  3. Juda ajoyib rasm