Kontent qismiga oʻtish

Rejissyorlik sanʼati

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Rejissyorlik sanʼati yoki rejissura – garmonik bir butun va muayyan yaxlitlikka ega boʻlgan tomosha, koʻrinish yaratish sanʼati (teatr, kino, telefilm, sirk va estradada). Rejissyor sahna asari yoki kinofilm yaratish jarayonida ijodiy xodimlar – aktyor, yakkaxon, rassom, kompozitorga (kino va televideniyeda operatorlarga ham) va yordamchi xodimlarga rahbarlik qiladi. Rejissyorlik sanʼati drama teatrida pyesa tanlash, uning gʻoyasi, janr va badiiy xususiyatlari, tasvirlanayotgan davr, muallifning ijobiy uslubini oʻrganishdan boshlanadi. Rejissyor asar talqini uchun sahna vositalarini izlaydi, har bir personaj feʼl-atvori va umuman, spektakl talabiga monand aktyorlar tanlaydi, sahnaviy ritm va sur’atni belgilaydi, mizansahnalar yaratadi, rassom va kompozitor bilan hamkorlikda asarni badiiy bezash prinsiplarini ishlab chiqadi. Realistik spektakldagi yaxlit va chuqur haqqoniylik bir-biri bilan uzviy bogʻlangan „uch haqiqat“ (hayotiy, ijtimoiy va sahnaviy) asosida yaratiladi (V. I. Nemirovich-Danchenko). Agar rejissyor ulardan birini eʼtibordan chetda qoldirsa, boshqalari ishonarli chiqmaydi. Rejissurada aktyor bilan ishlash muhim oʻrin tutadi. Rejissura sahna ijodining mustaqil turi sifatida ajralib chiqquniga qadar, sahnalashtiruvchi vazifasini muallif, yetakchi aktyorlar bajargan.

Uygʻonish davrida Yevropada sayyor professional teatr bilan birga muallif, aktyor va rejissyor vazifalarini oʻtagan truppa rahbari ham yuzaga keldi. XVI—XVII asrlarda rejissura rivojiga U. Shekspir, J. Molyer, Lope de Vegalar muhim qissa qoʻshgan. Burjua maʼrifatparvarligi davrida rejissura nazariyasi yaratila boshladi (Gotthold Ephraim Lessing, Denis Diderot). G. Lessingning izdoshi F. L. Shreder Gamburg teatrida birinchi boʻlib, aktyor oʻz rolinigina emas, pyesani ham toʻliq oʻrganishini joriy etdi. Bu prinsiplarni F. Talma (Fransiya) davom ettirib, rejissurada klassitsizmdan romantik teatr tomon burilish yasadi.

Rejissura yuzaga kelishida XIX asrda Meyningen teatri rejissyorlari (L. Kornek va boshqalar) muhim rol oʻynadi. Muallif matniga ehtiyotkorlik bilan qarash, tarixiy muhitni aniq aks ettirish, ommaviy sahnalarning uygʻunligiga erishish Meyningen rejissurasining ijobiy tomonidir.

XX asr boshlarida Gʻarbiy Yevropa rejissurasida formalistik oqimlar hukmron boʻldi (E. Kreg – Angliya, M. Reynhardt – Germaniya, A. Appia – Shveysariya va boshqalar). XX asrda Gʻarbiy Yevropa rejissurasi rus rejissurasi (K. S. Stanislavskiy, V. I. Nemirovich-Danchenko, Yevgeniy Vaxtangov, Vsevolod Meyerxold, A. Y. Tairovlar) taʼsirida rivojlandi.

Rejissura unsurlari oʻzbek anʼanaviy teatrida paydo boʻlgan. U korfarmon deb atalgan. 1914-yildan oʻz faoliyatini boshlagan Yevropa shaklidagi oʻzbek teatrida yozma drama asosida ish olib boruvchi va oʻz spektakllarini bino ichida sahnada koʻrsatilishiga moʻljallab tayyorlovchi malakali rejissuralar yetishib chiqa boshlaydi. Rejissuraning shakllanish jarayoni A. Avloniy, Hamza, M. Majidov (Uygʻur) faoliyati bilan bogʻliq. Dastlabki sahna asarlari maʼrifatchilik, targʻibot-tashviqot ruhida talqin qilingan. Voqelikni hayotiy vositalar bilan naturalistik yoritish (sahnada rasmana uylar qurish, bugʻi chiqib turgan ovqat, meva-cheva ishlatish, buyumlardan foydalanish kabi), personajlar xarakterlarini boʻrttirish, ijobiy qahramonlarni birinchi rejada koʻrsatish bu davrda rejissyorlik sanʼatiga xos xususiyatlardir. Moskvada ochilgan oʻzbek drama studiyasida M. Uygʻur, Ya. Bobojonov M. Muhamedovlar aktyorlik mahorati bilan birga rejissyorlik sanʼati asoslarini ham oʻzlashtirganlar. Ular oʻsha davr rus teatrida hukmron boʻlgan barcha oqimlarga katta qiziqish bilan qaragan. Ayniqsa, ularga Ye. Vaxtangov va V. E. Meyerxold rejissyorlik uslubi kuchli taʼsir koʻrsatgan. Mannon Uygʻur boshliq eng yaxshi rejissyorlar badiiy-estetik jihatdan eʼtiborli, realistik, kechinma, his-tuygʻularga asoslangan sahna asarlari („Hamlet“, „Boy ila xizmatchi“ singari) yaratish yoʻlidan borib, oʻzbek rejissyorlik maktabiga asos soldilar. Sh. Qayumov, A. Turdiyev, J. Obidov, 3. Madaliyev, V. Fayozov, X. Mustafoqulov kabi atoqli aktyorlar ham rejissura rivojiga oʻz hissalarini qoʻshganlar. Opera teatrining tarkib topishi va taraqqiyotida rejissyorlardan M. Muhamedov bilan E. I. Yungvald Xilkevichning xizmati katta. Hozirgi oʻzbek milliy akademik drama teatri, Muqimiy teatri taraqqiyotida N. V Ladigin, A. O. Ginzburg , I. V. Radun, ayniqsa, R.Hamroyev va T.Xoʻjayevlar oʻrni salmoqli boʻlib, drama, musiqali drama janrlarining professional darajaga koʻtarilishi uchun koʻp kuch sarf qilishgan.

1960-yillarning oxirlaridan rejissyor E.Masofoyev bir guruh aktyorlar bilan „Yosh gvardiya“ (hozirgi Abror Hidoyatov nomidagi teatr) teatrini tashkil etib, poetik teatr yaratishga bel bogʻlaydi.

1970-yillarning boshlarida teatr sahna madaniyati Yevropa darajasiga koʻtarilib, aholi maʼnaviy hayotida muhim oʻrin egallaydi. Bu davrda rejissyorlardan B.Yoʻldoshev, M.Ravshanov, M.Niyozmatov, R. Hamidov, K. Yoʻldoshev, B. Ixtiyorov va boshqa ish boshladi. Ular turli janrdagi asarlarni sahnalashtirish asosida murakkab uslubiy vazifalarni bajarishga kirishadilar, hayot haqiqatini, inson ichki dunyosini ochishda turli vositalarni ishga solib, badiiy yaxlitlikka erishadilar.

1970-yillarning oxiri – 1980-yillarning boshlarida rejissura oʻzbek teatrini ichdan yangilashga erishadi, eski mavzular, teatr ijrochiligi ham yangicha jaranglay boshlaydi. Ayniqsa, 1980-yillarda studiyachalik harakati kuchayib, teatrning badiiy salohiyati oshadi. Yosh rejissyorlar M.Vayl, N. Abdurahmonov, A.Abdunazarov, O. Salimov izlanishlari eʼtiborli boʻldi. Oʻzbekistonning mustaqilligidan soʻng teatr sanʼatida ham tub oʻzgarishlar roʻy berdi. Sahna vositalari bilan tarixni yoritish buyuk ajdodlarimiz – allomalar, shoirlar va davlat arboblari shaxslarini gavdalantirishga eʼtibor kuchaydi. Zamonaviy mavzularni aks ettirishda esa milliy vositalar keng qoʻllana boshladi. Balet asarlarini sahnalashtirishni baletmeysterlar bajaradi, rejissyorlar ularga yordam berishadi. Balet baletmeysterlari orasida I.Yusupov faoliyati diqqatga sazovor.

Rejissura opera (shuningdek, musiqali drama va operetta) da musiqali teatr xususiyatlariga tayanadi. Bu yerda spektaklning asosini musiqa tashkil qilganligi uchun rejissyor dirijyor va xormeyster bilan hamkorlikda ish olib boradi. Kompozitor partiturasining sahnaviy talqini musiqali teatr rejissurasining asosiy xususiyatidir.

Rejissurada qoʻgʻirchoq rejissyorligi alohida ajralib turadi. Respublika qoʻgʻirchoq teatri (Toshkent, 1939-yilda tashkil topgan), undan keyin Andijon, Samarqand, Buxoro, Jizzax, Qarshi, Xiva, Termiz shaharlarida barpo etilgan qoʻgʻirchoq teatrlarida oʻnlab rejissyorlar bu sanʼatning saviyasini koʻtarish, nainki bolalar orasida, balki kattalar orasida ham uning nufuzini oshirishda oʻz hissalarini qoʻshmoqdalar. Qoʻgʻirchoq teatri rejissurasining rivojlanishida I. Yoqubov, M. Ashurova, SV. Iogelson, Sh. Yusupov kabi rejissyorlarning xizmatlari alohida. Radio va televideniyeda ham uziga xos rejissura vujudga kelgan. Mustaqillik yillarida maydon tomoshalari rejissyorligi shakllandi. Bu sohada faoliyat koʻrsatayotgan B.Yoʻldoshev, R.Hamidov, N.Otaboyev va boshqa katta maydon va amfiteatrlarda tomosha qoʻyish boʻyicha katta tajriba orttirishdi.

Kinoda rejissura milliy kino shakllanishi bilan bogʻliq holda rivojlana bordi. Oʻzbek ovozsiz kinosining dastlabki yillarida mahalliy hayotning oʻziga xos tomonlarini yaxshi bilmaydigan, oʻz oldiga badiiy jihatdan jiddiy vazifa qoʻymagan rejissyorlar filmlar qoʻydi.

1930-yillarning boshlarida milliy sanʼat arboblari (N.Gʻaniyev, S. Xoʻjayev, Y. Aʼzamov) rejissuraga kirib kelishi munosabati bilan xalq hayotining turli jabhalarini chuqur oʻzlashtirish, ijodiy qayta ishlash, uslubiy janr izlanishlar boshlandi. „Yuksalish“, „Ajoyib ish“, „Ramazon“, „Tong oldidan“, „Yigit“, „Qilich“ singari filmlar ishchilarning mehnat kundaligi, harbiy ish, dehqon harakati, oʻlka tarixiga bagʻishlandi. Rejissyorlar mahalliy aktyorlar (O. Jalilov, E.Hamroyev, M.Qayumov, S.Iskanderov va boshqalar)dan foydalanishni yoʻlga qoʻydilar.

Haqiqiy milliy kinorejissuraning yuksalish davri 1940—1950-yillar boʻldi. Oʻsha yillar Ya. Protazanov, A.Usolsev—Garf, N.Gʻaniyev, K..Yormatov, Z.Sobitov, Y.Aʼzamov kabi rejissyorlar „Tohir va Zuhra“, „Nasriddinning sarguzashtlari“, „Alisher Navoiy“, „Paxtaoy“, „Boy ila xizmatchi“, „Stadionda uchrashamiz“, „Amirlikning yemirilishi“ kabi yetuk filmlar bilan tanildilar. Shu davrda oʻzbek kinorejissyorlarining obroʻsi respublikadan tashqariga ham yoyildi. 1960-yillar milliy kinorejissurada sifat jihatdan yangi davr boshlandi, „Oʻzbekfilm“ga yangi yosh mutaxassislar (D.Salimov, R. Botirov, Yu. Stepchuk, A. Qobulov, Q. Kamolova va boshqalar) kelib qoʻshildi. „Sen yetim emassan“, „Laylak keldi, yoz boʻldi“, „Yor-yor“, „Surayyo“, „Toshkent – non shahri“ filmlari shu davrda yaratildi. Rejissuradan yangi – zamonaviy mavzu, yoshlar mavzusi keng oʻrin oldi („Nafosat“, „Sevishganlar“, „Yigit va qiz“, „Mahallada duvduv ran“) va boshqa Shuningdek, keksa avlod rejissyorlarining yangi izlanishlari koʻzga tashlanadi („Maftuningman“, „Furqat“, „Fidoiy“, „Natashaxonim“ kabi).

Rejissyorlarning professionallik jihatidan yuksaklikka koʻtarilishi turli mavzu va janrda ijod etishga keng yoʻl ochdi. „Abu Ali ibn Sino“, „Dahoning yoshligi“ (rejissyor E.Eshmuhammedov), „General Rahimov“ (Z. Sobitov), „Ulugʻbek yulduzi“ (L.Fayziyev), „Ikki dil dostoni“ (K.Yormatov), „Oʻtgan kunlar“ (Y. Aʼzamov) kabi filmlar oʻzbek kinosiga katta shuhrat keltirdi. „Abu Rayhon Beruniy“, „Achchiq danak“, „Seni kutamiz, yigit“ singari filmlar rejissurasi uchun kinofestival kabi anjumanlarda yuqori baholandi va sovrinlar bilan taqdirlandi.

Hozirgi oʻzbek kinosi dramaturgiyasidagi murakkab jarayonlar bilan birgalikda turli mazmun va shakldagi janrlar izlanmoqda, rejissura xarakteri oʻzgarmoqda, yangi-yangi nomlar kashf etilmoqda (aktyorlikdan chiqqan rejissyorlar va boshqalar). J.Fayziyev, I.Ergashev, Yu. Sobitov, F.Haydarov kabilar shular jumlasidan. Zamonaviy oʻzbek kinosida yetakchi janrlardan boʻlgan komediya („Siz kimsiz?“, „Moʻjizalar maydoni“, „Yaratganga shukur“, „Bomba“, „Oʻrtoq Boykenjayev“, „Meshpolvon“ va boshqalar) sermahsul boʻlmoqda. „Otamdan qolgan dalalar“ (Sh. Abbosov), „Sevgi“ (I.Ergashev), „Voiz“ (Yu. Rozikrv; festival bosh sovriniga ega boʻlgan), „Piyoda“ (R. Malikov) va boshqa soʻnggi yillarda yaratilgan filmlardan namunalardir.