Rixtagarlik
Rixtagarlik (fors.toj. — quymoq) — rangli metall (asosan, mis, bronza, qalay) dan turli buyumlar quyish kasbi. [[Hunarmandchilikning qad. turlaridan. Qadimda bronzadan qurollar, uy jihozlari, sanʼat va diniy marosimlarga oid buyumlar quyilganligi maʼlum (Bobil, Misr, Rim, Xitoy, Yunoniston). 13—14-asrlarda Vizantiya, Venetsiya, Genuya, Florensiya oʻzining R. buyumlari bilan shuhrat qozondi. 14—15-asrlarda rus davlatida (Uralda) bronza va choʻyandan zambaraklar, qoʻngʻiroqlar R. usulida quyilgan.
Arxeologik qazilmalarda hozirgi Oʻzbekiston hududida miloddan avvalgi 3ming yillikka doir bronza bolta quyiladigan tosh qolip topilgan. Moʻgʻullar istilosi Oʻrta Osiyoda R.ning rivojiga salbiy taʼsir etdi. 14-asrdan metall konlarining qayta ishga solinishi munosabati bilan R. yana taraqqiy eta boshladi. 1399-yil Amir Temur buyrugʻi bilan Abdulaziz ibn Sharafiddin tomonidan Ahmad Yassaviy maqbarasi uchun bronzadan quyilgan "nazirniyoz qozoni" hajmi, quyilish uslubi va bezagi jihatidan noyob hisoblanadi.
16— 18-asrlarda Oʻrta Osiyoda koʻproq urush qurollari quyilgan. Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeiida shu davrlarga oid mis va bronzadan quyilgan zambaraklardan namunalar saqlangan. 19-asr oxirlarigacha Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent va boshqa yirik shaharlarda, asosan. uyroʻzgʻor buyumlari quyish keng oʻrin egalladi. Keyinchalik sanoat rivojlanishi munosabati bilan R.ga uncha ehtiyoj qolmadi. Quyma metall buyumlar tayyorlovchi usta rixtagar (quymachi) deb ataladi (qarang [[Hunarmandchilik).[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |