Kontent qismiga oʻtish

Fazlulloh ibn Roʻzbehxon

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Ro`zbehon Isfahoniydan yoʻnaltirildi)

Fazlulloh ibn Roʻzbehxon (Roʻzbehxon Isfahoniy; forscha: روزبهخان اصفهانی‎; 1457-yil, Janubiy Forsning (Loristonning) Hunji qishlogʻi, Sheroz yaqinida — 1521-yil 13-aprel, Buxoro, Shayboniylar davlati) — oʻrta asr fors tarixchi olimi, faqih va shoir. Saljuqiylar, Temuriylar va Shayboniylar davlatlari tarixini yetarlicha batafsil yoritgan va yozgan olim sifatida tanilgan.

Fazlulloh ibn Ro‘zbexon 1457-yilda Sheroz shahri yaqinidagi Xunji qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning otasi Isfahon zodagonlaridan boʻlgan taniqli islom ilohiyotchisi va faqih Jamoliddin Roʻzbehxon boʻlib, keyinchalik Tabrizga koʻchgan. Fazlulloh ibn Ro‘zbehxon bolaligida ham, o‘smirligida ham Sheroz va Isfahon madrasalarida tahsil olgan. U Isfahonda tahsil olib, shu shaharning nisbasini qabul qilib, keyinchalik Roʻzbehxon Isfahoniy nomi bilan mashhur bo‘lgan. 1474-yili 17 yoshida Hijozga jo‘nab, Makka madrasasida tahsil ola boshlaydi. Shundan soʻng Madinada oʻqigan. 1482-yilda esa Qohirada tahsil olgan. Yoshligidan fors tilida sheʼr yoza boshlagan.

Oʻqishni tamomlab, Tabrizga koʻchib oʻtadi va u yerda Sulton Yoqub davrida saroy aʼyonlaridan biri boʻlgan. 1490-yilda Sulton Yoqub vafotidan keyin uning oʻrniga sulton Abulfath mirzo Boysungʻur bin Yoqub oʻtirdi va Roʻzbehxon Oqqoʻyunlu saroyida xizmat qilishni davom ettirdi. Keyinchalik Temuriylar davlatidagi Hirotga koʻchib oʻtadi va Husayn Bayqaro davridagi saroy aʼyonlaridan biriga aylanadi. Koʻp yillardan so'ng Buxoroga koʻchib, Shayboniylar davlatida Ubaydullaxon qoʻl ostida ham saroy aʼyonlaridan biriga aylanadi. Umrining qolgan qismini Buxoro va Karmanada oʻtkazgan. Shuningdek, u Movarounnahr va Xurosonning boshqa shaharlarida, jumladan, Samarqand, Naxshab, Mashhadda ham boʻlgan. U 1521-yilda Buxoroda vafot etgan, tahminan shu yerda dafn etilgan.

Roʻzbehxon Isfahoniy koʻplab sheʼrlar muallifi, islom ilohiyotiga, shuningdek, tarixga oid kitob va asarlar muallifi.

Fazlulloh ibn Roʻzbehxon „Tarixi olamoroyi Aminiy“ (1490) asarida sulton Yaʼqub va boshqa oq qoʻyunlilar haqida, temuriy shahzoda Xalil Sultonning ularga karshi olib borgan kurashlari toʻgʻrisida muhim maʼlumotlarni keltirgan. „Suluk almuluk“ (1514) asari Buxoro hokimi sulton Ubaydullaxonga bagʻishlangan boʻlib, unda shariat yoʻlyoʻriqlari asosida davlatni idora qilish masalalariga toʻxtab oʻtilgan.

Uning mashhur asarlaridan biri 1509-yilda yozilgan fors tilidagi „Mehmonnomayi Buxoro“ nomli yirik tarixiy asaridir.

Bu kitob XV asrning ikkinchi yarmi va XVI asr boshlaridagi Movarounnahrning tarixi haqida hikoya qiluvchi kam sonli manbalardan biri hisoblanadi. Kitob muqaddima, 59 bob, xotimadan iborat.

Kitobda 1508—1509-yillar qishida oʻzbek xoni Muhammad Shayboniyning 1508—1909-yil qish mavsumida qozoq sultonlari Janish Sulton va uning oʻgʻli Ahmad sulton, shuningdek, Burunduqxon ustiga qilgan harbiy yurishi, oʻzbek va qozoq xonlarining kelib chiqish tarixi, Movarounnahr, Dashti Qipchoq va qozoq ulusining jugʻrofiy holati, oʻzbek va qozoqlarning kelib chiqishi, etnik tarkibi, urfodati va anʼanalari asarda oʻz aksini topgan.

  • Abdullayev I., Hikmatullayev H., Samarqandlik olimlar, T., 1969;
  • Hasanxoja Nisoriy, Muzakkiri ahbob, T., 1993;
  • Mixmannameyi Buxara, M., 1976; Tarixi alamarayi Amini, Boku, 1987;
  • Xoja Abduxoliq Gʻijduvoniy, T., 2003.