Kontent qismiga oʻtish

Sharqiy Yevropa tekisligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Rossiya tekisligidan yoʻnaltirildi)
Sharqiy Yevropa tekisligi

Sharqiy yevropa tekisligi - Yer sharidagi eng katta tekisliklardan biri, asosan, Yevropaning sharqiy qismida joylashgan. Shimolida Oq va Barens dengizlari, janubida Qora, Azov va Kaspiy dengizlari, shim.gʻarbda Skandinaviya togʻlari, gʻarb va jan.gʻarbda Markaziy Yevropadagi togʻlar va Karpat togʻlari, jan., janubisharqda Qrim va Kavkaz togʻlari, sharqda Ural va Mugʻojar togʻlari bilan chegaradosh. Tekislikning oʻrtacha bal. 170 m. Shimoliy Muz, Atlantika okeanlari va Ichki berk havza suvayirgʻichidir. Eng past qismi janubida — Kaspiy dengizi sohilida. Tekislikda bir qancha deyarli meridian boʻylab choʻzilgan qirlar (Manselkya, Suomenselkya, Gʻarbiy Kareliya, Valday, Belarus, SmolenskMoskva, VolinPodoliya, Oʻrta Rossiya, Volgaboʻyi, Yuqori Zavoljye, Timan kryaji va boshqalar) va pasttekisliklar (Dnepr boʻyi, OkaDon, Quyi Zavoljye, Azov boʻyi, Qora dengiz boʻyi, Kaspiy boʻyi va boshqalar) joylashgan. Qirlar dengiz sathidan 300– 350 m baland (Podoliya qirlarining eng baland joyi 471 m). Suvayirgʻichlar vodiylardan oʻrta hisobda 20–60 m baland. Tekislikning shim. va markaziy (toʻrtlamchi davrda qadimiy muzliklar bosgan) qismlarida yassi suvayirgʻichlar va muzliklar ishi natijasida hosil boʻlgan morena tepaliklari, jan. qismida esa jarlar tarqalgan. Sh.Sharqiy Yevropa tekisligi hududida Rossiya Federatsiyasining Yevropa (gʻarbiy), Ukrainaning shim., sharqiy, jan., Belarus, Polshaning shim.gʻarbiy, Finlandiya, Shvetsiyaning katta qismi, Norvegiyaning chekka jan.sharqiy qismlari joylashgan.

Tektonik tuzilishiga koʻra, tekislik Sharqiy Yevropa platformasiga deyarli toʻgʻri keladi. Zaminida kuchli burmalangan tokembriy qadimiy (arxey, proterozoy) togʻ jinslari yotadi. Bu jinslar koʻtarilgan Boltiq va Ukraina qalqonlarida yer yuzasiga chiqib qolgan. Platforma zamini ustida deyarli gorizontal paleozoy, mezozoy va kaynozoy togʻ jinslari joylashgan. Qalqonlardan tashqari Sh.Sharqiy Yevropa tekisligida tektonik harakatlar natijasida pasaygan sineklizalar (Moskva, Ukraina, Pechora, VolinPodoliya, Kaspiy boʻyi va boshqalar) va koʻtarilgan anteklizalar (Voronej, Belarus, VolgaUral va boshqalar) tektonik strukturalar mavjud. Foydali qazilmalarga boy. Temir rudasi, toshkoʻmir, qoʻngʻir koʻmir, neft, gaz, yonuvchi slanetslar, apatit, marganets, oltingugurt, torf, tuzlar, qurilish materiallari qazib olinadi.

Tekislik subarktika va moʻʼtadil iqlim mintaqasida joylashgan. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi gʻarbdan sharqqa shim. qismida —10° dan — 20°gacha pasayadi. Yoz oylari temperatura shim.dan jan.ga 8° dan 24° gacha koʻtariladi. Yillik yogʻin shimoli-sharqida 500–700 mm, janubi-sharqida 200–500 mm.

Tekislikdan boshlanuvchi daryolar Oq va Barens (Onega, Shimoliy Dvina, Mezen, Pechora va boshqalar), Baltika (Neva, Daugava, Nyamunas va boshqalar), Qora (Dnepr), Azov (Don), Kaspiy (Volga, Ural, Emba) dengizlariga quyiladi. Kelib chiqish jihatidan morena, termokarst, qayir, liman tipiga mansub koʻl (Imandra, Umbozero, Lovozero, Yuqori Volga, Ladoga, Onega, Ilmen, Syamgo, Elton, Baskunchak va boshqalar) koʻp.

SH.Sharqiy Yevropa tekisligi hududining shim. qismi tundra, oʻrmontundra; katta qismi oʻrmonlar zonasida, janubrogʻi oʻrmonli dasht va dasht zonalarida, Kaspiy boʻyi pasttekisligining shim. qismi chala choʻl, jan. qismi choʻl zonasida. Bu zonalarda ularga xos tuproqlar, oʻsimliklar va hayvonlar tarqalgan. Sh.Sharqiy Yevropa tekisligi tabiiy resurslar (foydali qazilmalar, suv, tuproq, yer, oʻrmon, yaylov va boshqalar)ga boy.

Murod Mamatqulov.