Rustam Shamsutdinov
Rustam Shamsutdinov | |
---|---|
Tavalludi |
1-may 1939-yil Andijon shahri, Andijon viloyati, Oʻzbekiston SSR, SSR |
Fuqaroligi | SSSR→ Oʻzbekiston |
Millati | oʻzbek |
Taʼsir koʻrsatgan | Oʻzbekiston tarixiga oid qoʻllanmalar, maktab darsliklari hamda oliy taʼlim fan darsliklari |
Mukofotlari |
Rustam Shamsutdinov (1939-yil 1-may, Andijon shahri, Andijon viloyati, Oʻzbekiston SSR) – taniqli oʻzbek tarixchi olimi, tarix fanlari doktori, professor. Tarixga oid fan darsliklari muallifi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi. Andijon davlat universitetining Oʻzbekiston tarixi kafedrasi professori, Andijondagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi direktori.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Rustam Shamsutdinov 1939-yil 1-may kuni Oʻzbekiston SSRga qarashli boʻlgan Andijon viloyatining markazi Andijon shahrida tugʻilgan. Dastlab Andijon shahridagi 30-sonli maktabda, soʻngra Jalolobod shahridagi 2-sonli maktabda tahsil olgan. 1960-yili Samarqand davlat universitetining tarix fakultetiga oʻqishga qabul qilinadi. 1967-yildan 1970-yilgacha aspirantura taʼlim bosqichida tahsilini davom ettirdi. Oliygohni 1964-yilda muvaffaqiyatli tamomlaydi. 1991-yildan 1998-yilgacha hamda 2008-yildan 2013-yilgacha Andijon davlat universitetining „Oʻzbekiston tarixi“ kafedrasi mudiri sifatida ishlagan. 1995-yildan 1998-yilgacha „Tarix“ fakulteti dekani sifatida faoliyatini olib borgan[1].
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Olim oliygohni tamomlaganidan soʻng, 1962-yildan boshlab tarix yoʻnalishida ilmiy ishlar bilan shugʻullanishni boshlagan. 1970-yil SSSR Fanlar akademiyasi tarix institutida „Shoʻrolar Turkistonida inqilobiy qoʻmitalar“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1987-yilda „Stanovlenie i razvitie Sovetov v Sredney Azii (1917-1925 gg.)“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Mazkur dissertatsiyani Moskva shahridagi professor Berxin ilmiy rahbarligida amalga oshirgan. 2011-yili Chor hukumati va SSSRning Turkistonda amalga oshirgan qatagʻon voqealari va ularning qurbonlarini faoliyatini oʻrganish maqsadida „Meros“ ilmiy-amaliy xalqaro jamoat fondiga asos solgan[2]. Rustam Shamsutdinov asosan, sovet davrida Turkiston aholisining mustaqil davlat tuzishga boʻlgan harakatlari, jadidchilik faoliyati va uning asl mohiyati, Stalin davrida amalga oshirilgan qatagʻon voqealari va ularning qurbonlari, Ikkinchi jahon urushiga oʻzbeklarning qoʻshgan hissasi kabi dolzarb mavzularda ilmiy ishlar bilan shugʻullangan. Olim ushbu mavzular bilan birgalikda, sovet davridagi „quloqlashtirish“ voqealarni ham chuqur tahlil etib, ilmiy izlanishlar amalga oshirdi. Bunda oʻzning shogirdlaridan tashkil topgan ilmiy jamoa bilan yirik ilmiy ishni olib borishib, yakunda 2001-yilda olimning „Oʻzbekistonda sovetlarning quloqlashtirish siyosati va uning fojiali oqibatlari“ nomli yirik kitobi nashrdan chiqarildi[3]. 2013-yili uning muallifligida „Oʻzbekiston tarixi“ nomli kitob chop etilgan[4]. Ushbu qoʻllanma, Oʻzbekistondagi barcha oliy taʼlim muassasalaridagi yoʻnalishi tarix boʻlmagan barcha fakultetlar uchun oʻquv fan darsligi sifatida joriy etilgan. Olimning 1962-yildan hozirga qadar 25 dan ortiq qoʻllanma va fan darsliklari, 30 ga yaqin monografik tadqiqotlari hamda 400 ga yaqin ilmiy maqolalari chop etilgan. Ilmiy yoʻnalishda izlanishlarni sovet davridagi arxiv hujjatlardan foydalangan holda amalga oshirgan. Ilmiy rahbarligida 8 ta nomzodlik va 2 ta doktorlik dissertatsiyalar ilmiy kengashda muvaffaqiyatli himoya qilingan. Tarixga oid izlanishlarini Toshkent, Dushanbe, Moskva, Yurmala, Boku, Tallin, Olmota, Bishkek, Anqara, Parij, Oksfordlarda oʻtkazilgan tarixga oid ilmiy konferensiya va anjumanlarda Oʻzbekiston tarixi haqida ilmiy maʼruzalar qilgan.
Mukofotlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Rustam Shamsutdinov 2 marotaba SSSR davlat oliy taʼlim vazirligining, Butunittifoq „Bilim“ jamiyatining hamda Oʻzbekiston SSR Oliy Sovetining faxriy yorliqlari bilan mukofotlangan[5]. 1991-yil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga binoan, „Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi“ faxriy unvoni bilan mukofotlangan. 2019-yili ilmiy izlanishlari va faoliyati uchun „Mehnat shuhrati“ ordeni bilan taqdirlangan. 2022-yili Oʻzbekiston Respublikasi maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan „Maʼnaviyat fidoyisi“ koʻkrak-nishoni bilan taqdirlangan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ "O'zbekiston tarixi" ilmiy jurnali. O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, 2019 — 107-bet.
- ↑ „Professor Rustambek Shamsutdinov “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi“. Oyina.uz.
- ↑ „SHIJOATLI OLIM VA AJOYIB INSON“. Andijon davlat universiteti rasmiy sayti.
- ↑ O'zbekiston tarixi. Toshkent: "Sharq" nashriyoti, 2013.
- ↑ Baxtiyor Rasulov. Professor, tarix fanlari doktori R.T.Shamsutdinov ilmiy asarlari ro'yxati (1962-1993). Andijon: Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti, 1993 — 6-bet.