Kontent qismiga oʻtish

Qurultoy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Sʼyezddan yoʻnaltirildi)

Qurultoy (turkiy-moʻgʻulcha – xurultay), kengash, majlis, sʼyezd – turkiy xalqlar va moʻgʻul xalqida qadimdan mavjud boʻlgan turli harbiy kengashlar va majlislarning umumiy nomi. 1) Turkiy xalqlarda quriltoy va harbiy kengash oʻtkazish anʼanasi qadimdan mavjud boʻlgan. U Eftaliylar va Turk xoqonligi davlatlarida paydo boʻlib, kamida 1500 yillik tarixga ega. Hatto ayrim manbalarda yozilishicha, Hun xoqonligi davrida ham quriltoylar oʻtkazilgan. Saljuqiylar va usmonlilar sulolasi vakillari quriltoyda oʻz sultonlarini saylashgan. Moʻgullar davlatida (Chingizxon va uning vorislari davrida) quriltoy hokimiyat boshqaruvining oliy shakliga aylangan edi. Amir Temur va temuriylar davriga kelib, quriltoylar oʻzining mukammal tuzilishiga ega boʻlgan. Quriltoyda mamlakat hayotidagi jiddiy siyosiy va iqtisodiy masalalar hal qilingan, u muhim harbiy yurishlar arafasida oʻtkaziladigan oʻziga xos katta marosimga aylangan. „Temur tuzuklari“da quriltoy (harbiy kengash) oʻtkazish tartiblari haqida soʻz boradi. Quriltoyda mamlakat hukmdori va qoʻshin qoʻmondoni saylangan. Quriltoy oʻtkazish nizomiga koʻra, uning har bir ishtirokchisi oʻz fikrini erkin ravishda bildirishi mumkin boʻlgan. Quriltoy qatnashchisi boʻlgan amir va beklarga muayyan kuchlar tomonidan tavsiya etilayotgan nomzodlar haqida oshkora va hech qanday moneliksiz fikr-mulohaza aytish huquqi berilgan. Saylovlar oshkora va teng asoslarda oʻtgan. Soʻngra saylovda gʻolib chiqqai nomzodni paygʻambar Muhammad (sav) avlodlaridan boʻlgan sayyidlar qoq yerga toʻshalgan oq kigiz yoniga yetaklab kelishardi. Mamlakat hukmdori yoxud harbiy qoʻshinning oliy bosh qoʻmondoni qilib saylangan shaxs shariat qonunlariga binoan ish koʻrishi lozimligi toʻgʻrisida muqaddas Qurʼoni karimni qoʻlida tutib, qasamyod etishi kerak edi. Soʻngra uni nufuzli urug boshliqlari (biylar) oq kigizga solib, koʻtarish marosimini bajo keltirishgan. Bu anʼana Oʻrta Osiyoda xonliklar davrida (XX asr boshlarigacha) ham saqlanib qolgan; 2) 1917-yilda Butun Turkiston musulmonlari tomonidan oʻtkazilgan 4 ta anjuman. Ularning oxirgisida Turkiston muxtoriyati tashkil topgan (1917-yil 26—28-noyabr); 3) Buxoro Xalq Sovet Respublikasi va Xorazm Xalq Sovet Respublikasiaa oliy davlat hokimiyat organi; 4) Turkistonda srvet rejimiga qarshi qurolli harakat rahbarlari tomonidan tashkil qilingan idora. Turkiston vatanparvarlari quriltoylarda oʻz harbiy yoʻlboshchilarini saylashgan, qizil armiyaga qarshi kurashdan saboq va xulosalar chiqarib, boʻlgʻusi jang rejalarini muhokama qilishgan. Quriltoylarda Oliy bosh qoʻmondon bilan birgalikda harbiy dastalarning qoʻmondonlari- qoʻrboshilar ham saylangan. 5) XX asrda Oʻzbekiston SSRda qishloq xoʻjaligi xodimlari – paxtakorlar, chorvadorlar va boshqalarning eski yil yakuni va yangi yil rejalari munosabati bilan oʻtkaziladigan respublika, viloyat va tuman yigʻinlarining nomi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil