Kontent qismiga oʻtish

Turkiston muxtoriyati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Turkiston muxtoriyati (ikkinchi nomi Qoʻqon muxtoriyati) – Turkiston mintaqasidagi dastlabki demokratik hukumat (1917-yil 27-noyabr – 1918-yil 19-fevral).

Tarixi

Qoʻqonda boʻlib oʻtgan Butun Turkiston musulmonlarining favqulodda 4-qurultoyi (1917-yil 26—28 noyabr)da tashkil topgan. Qurultoy Turkiston oʻlkasini Rossiya Federativ Respublikasi tarkibida hududiy jixatdan muxtor deb eʼlon qildi. Shuningdek, taʼsis majlisi chaqirilgunga qadar hokimiyatni Turkiston Muvaqqat kengashi va Turkiston Milliy Majlisi qoʻlida boʻlishi kerak deb hisobladi. Markazi – Qoʻqon shahri.

Boshqaruvi

Qurultoyda Turkiston Muvaqqat Kengashi aʼzolaridan Turkiston muxtoriyati hukumati (8 kishidan iborat) tuzildi. Yevropalik aholi vakillari orasidan nomzodlar koʻrsatilishi uchun ularga ham yana 4 oʻrin ajratildi. Hukumat tarkibiga Muhammadjon Tinishboyev (Bosh vazir va ichki ishlar vaziri), Islom Shoahmedov (Bosh vazir oʻrinbosari), Mustafo Choʻqay (tashqi ishlar vaziri), Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev (harbiy vazir), Hidoyatbek Agayev (yer va suv boyliklari vaziri), Obidjon Maxmudov (oziq-ovqat vaziri), Abdurahmon Oʻrazayev (ichki ishlar vazirining oʻrinbosari), Solomon Gersfeld (moliya vaziri) kiritildi. Keyinchalik hukumat tarkibida ayrim oʻzgarishlar yuz berdi. M. Tinishboyev Alash oʻrda Muxtoriyati faoliyatida qatnashish uchun Orenburgga joʻnab ketgach (1917-yil), Mustafo Choʻqay Bosh vazir lavozimini bajarishga kirishdi. Shoahmedov moliya vaziri (S. Gersfeld oʻrniga), Potelyaxov oziq-ovqat vaziri (O. Mahmudov oʻrniga), O. Mahmudov adliya vaziri, Nosirxon Toʻra maorif vaziri, Saidnosir Mirjalilov hukumat xazinachisi lavozimlarini egallashdi. Savodsiz bolshevik komissarlardan farqli ravishda hukumat aʼzolari chuqur maʼlumotli taraqqiyparvar ziyolilar boʻlib, ulardan 5 nafari huquqshunos edi. Turkiston Millat Majlisi 54 nafar (36 musulmon, 18 yevropalik) aʼzodan iborat boʻlishi kerakligi belgilandi. Qurultoy jarayonida 32 kishidan iborat Millat Majlisi saylandi.

Turkiston muxtoriyatida Milliy majlis

1917-yil 26-noyabrdan Qoʻqon shahrida Oʻlka musulmonlarining IV favqulodda syezdi ish boshladi. Unda oʻlkaning barcha mintaqalari va koʻpgina jamoat tashkilotlaridan 200 dan ortiq vakil ishtirok etdi. 28-noyabrda tashkil topayotgan davlatning nomi aniqlanib „Turkiston muxtoriyati“ deb ataladigan boʻldi. Butunrossiya Taʼsis s’yezdi chaqirilgunga qadar hokimiyat toʻla ravishda Turkiston Muvaqqat Kengashi va Turkiston Xalq (Milliy) Majlisi qoʻlida boʻlishi haqida qaror qabul qilindi. Muvaqqat kengash aʼzolaridan 12 kishilik hukumat tuziladigan boʻldi. [[Qurultoy jarayonida Turkiston Milliy Majlisi 54 kishidan iborat qilib saylandi. Turkiston Muxtoriyati va Turkiston Xalq Majlisi delegatlar tomonidan saylandi. Saylov ochiq va teng imkoniyatlar asosida amalga oshirildi. [1]

Ijtimoiy-maʼnaviy hayot

Turkiston Millat Majlisi tomonidan tasdiqlangan qonunlar tez orada eʼlon qilindi, shuningdek, yangi hukumat mamlakat Konstitutsiyasini tayyorlash uchun taniqli huquqshunoslarni jalb qildi. 1917-yil 26-dekabrda Turkiston muxtoriyatining Milliy bayrogʻi qabul qilindi. „El bayrogʻi“, „Birlik tugʻi“, „Svobodnoʻy Turkestan“, „Izvestiya Vremennogo Pravitelstva Avtonomnogo Turkestana“ kabi hukumat gazetalari oʻzbek, qozoq, rus tillarida nashr qilina boshlandi. Avval chiqayotgan „Ulugʻ Turkiston“ va „Hurriyat“ gaz.lari ham oʻz sahifalarida muxtoriyat hukumati faoliyatiga alohida oʻrin ajrata boshladi. Nashr ishlarini yaxshilash uchun O. Mahmudovning bosmaxonasi hukumat ixtiyoriga oʻtdi. Turkiston muxtoriyati milliy qoʻshinni tashkil qilishga kirishdi. 1918-yil boshida ularning soni 2000 askarga yetdi. Bundan tashqari Qoʻqonda taxminan shuncha mirshablar bor edi. Hukumat iqtisodiy sohada 30 mln. soʻm miqdorida ichki zayom chiqarishni yoʻlga qoʻydi. Shuningdek, hukumat aʼzolari ochlik changalida qolgan Turkiston aholisiga Orenburg orqali gʻalla keltirish muammosini hal qilish uchun amaliy qadamlar tashlagan. Turkiston muxtoriyati hukumati qisqa muddat ichida xalq oʻrtasida katta eʼtibor qozondi. Yangi hukumat faoliyati butun Turkiston mintaqasida yashayotgan tub yerli xalqlar tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlandi.

Barham topishi

Oʻlka bolsheviklari Turkiston muxtoriyati hukumatiga katta xavf deb qaradilar. Turkiston oʻlkasi ishchi, soldat va krestyan deputatlarining favqulodda 4-sʼyezdi (Toshkent shahri, 1918-yil 19—26 yanvar)da muxtoriyatga munosabat masalasi asosiy oʻrinda turdi. Sʼyezd Turkiston muxtoriyati hukumati va uning aʼzolarini qonundan tashqari holda deb hisoblab, hatto vazirlarni qamoqqa olish haqida qaror qabul qildi. 1918-yil 30-yanvarda Turkiston oʻlkasi XKS Turkiston muxtoriyatini tugatish uchun harbiy harakatlarni boshladi. Toshkentdagi bolsheviklar buning uchun qizil gvardiyachilar otryadlari va arman dashnoqlari drujinalaridan (qarang Dashnaksutyun) keng foydalandi. Milliy matbuotning yozishicha, 31-yanvar (yangi hisob bilan 13-fevral)da janglar boshlandi. Turkiston oʻlkasi XKS 1918-yil 14-fevralda (yangi hisob bilan) Fargʻona viloyatida harbiy holat eʼlon qildi.

Dastlabki jangda muxtoriyatning milliy qoʻshinidan tashqari qoʻqonlik tinch aholi vakillari ham qatnashdi. Asosan bolta, choʻkich, tayoq koʻtargan xaloyiqning soni 10.000 kishiga yetdi. Shunga qaramay, qurolsiz bu kishilar qizil askarlarning Qoʻqon shahriga qilgan hujumini uch kun davomida mardonavor qaytardilar. Shu orada muxtoriyatchilar safida parokandalik yuz berdi (18 fevralda ulamolarning tazyiqi bilan Mustafo Choʻqay isteʼfoga chiqdi va baʼzi vazirlar singari Qoʻqonni tark etdi. Ayrim vazirlar (H.Agayev va boshqalar) jangda halok boʻldi. Hukumatning boshqa aʼzolari (O.Mahmudov, Nosirxon toʻra, S.Gersfeld, U.Asadullaxoʻjayev, I.Shoahmedov) esa keyinchalik bolsheviklar tomonidan qoʻlga olindi.

Qoʻqon sh. qoʻrboshi mirshablari boshligʻi Kichik Ergash 18 fevraldan boshlab amalda Turkiston muxtoriyati hukumatining rahbariga aylandi. 19 fevralga oʻtar kechasi Toshkentdan Turkiston oʻlkasi harbiy komissari Ye. Perfilyev boshchiligidagi piyoda, otliq va artilleriya qismlaridan iborat 11 eshelon qoʻshin yetib keldi. 19 fevraldan boshlab 3 kun davomida qizil askarlar shahar ustiga toʻplardan yondiruvchi snaryadlar yogʻdirishdi. Shahar butunlay vayron boʻldi va oʻtolov ichida qoldi. Qoʻqonning oʻzida 3 kun davomida 10 mingdan ziyod kishi oʻldirildi. Muxtoriyat qoʻshinining tirik qolgan qismi Kichik Ergash boshchiligida (200—300 yigit) Qoʻqon yaqinidagi Bachqir qishlogʻiga chekindi va mudofaa istehkomlarini qurib, dushman hujumini qaytardi. Qizil gvardiyachilar Qoʻqon va uning atroflaridagi tinch aholini talash va oʻldirishni avj oldirishdi. Sovet rejimi Turkiston muxtoriyati hukumatini 19 fevralda qurol kuchi bilan agʻdarib tashladi. 1918-yil 22-fevralda Qoʻqon shahridagi Rus-Osiyo banki binosida bolsheviklar tomonidan tayyorlangan „tinchlik shartnomasi“ imzolandi. Turkiston muxtoriyati hukumati atigi 72 kun umr koʻrgan boʻlsa ham, u erksevar xalqimizni milliy mustaqillik va istiklol uchun kurashga daʼvat etdi. Bu hukumatning agʻdarilishi turkistonliklar tomonidan sovet Rossiyasining Turkistonga nisbatan tajovuzkor rejalari mavjudligining yana bir dalili sifatida qabul qilindi. Turkistonliklar tinch yoʻl (parlament) bilan milliy davlatchilikni qayta tiklash mumkin emasligini tushunib, 1918-yil fevral oyining oxirida qoʻllariga qurol olgan holatda Turkistonda sovet rejimi va bolsheviklarga qarshi qurolli harakatni boshlab yubordilar. Sovet tuzumi davrida Turkiston muxtoriyatining mohiyati soxtalashtirilib, u tor maʼnodagi Qoʻqon muxtoriyati bilan almashtirildi.[2][3][4][5][6]

Yana q.

Manbalar

  1. Shosh.uz - Turkiston Muxtoriyati {{citation}}: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud: |seperator= (yordam); Unknown parameter |link= ignored (yordam)
  2. Saidakbar Aʼzamxoʻjayev. Turkiston muxtoriyati, T., 2000;
  3. Rajabov K,. K., Mustaqil Turkiston fikri uchun mujodalalar
  4. Alimova D., Golovanov A., Oʻzbekiston mustabid sovet tuzumi davrida: siyosiy va mafkuraviy tazyiq oqibatlari, T., 2000
  5. Oʻzbekistonning yangi tarixi, 2kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida]
  6. OʻzME