Kontent qismiga oʻtish

Saʼdulla Poʻlatxojayev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Saʼdulla Poʻlatxojayev
Asl ismi Saʼdulla Poʻlatxojayev
Tavalludi 1930-yil 30-may
Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston, Toshkent
Unvoni 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi

Poʻlatxojayev Saʼdulla Xoʻjayevich 1930-yil 30-mayida Toshkent shahrida tugʻilgan, millati oʻzbek, maʼlumoti oliy, 1952-yilda Toshkent davlat universiteti huquqshunoslik fakultetini tugatgan. 1962-yilda 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi

1930-yil 30- mayida Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati oʻzbek, maʼlumoti oliy.

1947-1952-yillarda Toshkent davlat universiteti talabasi

1952-1953-yillarda Namangan viloyati Uychi tumani prokurorining yordamchisi, viloyat prokurorining yordamchisi

1953-1957-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasida umumiy boʻlimi prokurori

1957-1962-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasida nazorat inspektorlik boʻlimi prokurori.

1962-1965-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi prokurorining oʻrinbosari

1965-1966-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi oʻrinbosari

1966-1972-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi

1972-1974-yillarda Ilmiy tekshirish tadqiqot institutida ilmiy ishlar boʻyicha direktor muovini

1981-1986-yillarda Mahalliy sanoat vazirligida yuridik boʻlim boshligʻi

1986-1990-yillarda „Orzu“ XJda yuridik boʻlim boshligʻi

1990-2015-yillarda Turli tashkilotlarda yuridik boʻlim maslahatchisi

Mehnat faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

S.Poʻlatxoʻjayev ish faoliyatini 1952-yilda Namangan viloyati prokurorining voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha yordamchisi lavozimida ish oʻrganuvchilikdan boshlagan. Namunali xizmati uchun 1953-yilda Namangan viloyati prokurorining voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha yordamchisi lavozimiga tayinlangan.

1953-yilda Namangan viloyati prokurori tomonidan S.Poʻlatxoʻjaayevni Namangan tumani prokurori lavozimiga tayinlash haqida Oʻzbekiston SSR prokuroriga taqdimnoma kiritiladi. Lekin, S.Poʻlatxojayev Oʻzbekiston SSr prokurori bilan suhbatda ushbu lavozimda ishlashni rad etgan. S. Poʻlatxoʻjayevning zehni va qobilyatini anglagan Respublika prokurori uni respublika prokuraturasida umumiy boʻlim prokurori lavozimida ishda olib qolgan. S.Poʻlatxoʻjayev ushbu lavozimda 1957-yilga qadar faoliyat yuritib, oʻzini mehnatkash va ilmli xodim sifatida koʻrsatgan. Oʻzbekiston SSR prokuraturasida hay’at tuzish va Tashkiliy nazorat boshqarmasini tashkil etishga ehtiyoj tugʻilgan. Bir ovozdan barcha xodimlar bu faoliyatini tashkil etish va unga rahbarlik qilishni S.Poʻlatxoʻjayev tashkillashtirishi mumkinligini aytishadi. Shu yili S. Poʻlatxoʻjayev boshchiligida Oʻzbekiston SSR prokuraturasida ilk bora tashkiliy-nazorat boshqarmasi tashkil etilib, toʻqqiz kishidan iborat hay’at tuziladi. Prokuraturadagi faoliyati davomida S. Poʻlatxoʻjayev Sh. Rashidovning ukasi[1] Oʻzbekiston SSR prokurorining kadrlar boʻyicha oʻrinbosari Sahob Rashidov bilan faoliyat olib boradi.

S.Poʻlatxoʻjayev qisqa fursatda prokuratura reglamenti, ish-yuritish tartibi va ijro intizomini butkul yangicha uslubda oʻzgartirib, ish faoliyatini tizimli tashkil qiladi. Shu sababli, u Oʻzbekiston SSR Kompartiyasi Markaziy qoʻmitasi eʼtiboriga tushib, 33 yoshida Respublika prokurorining oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan va unga 3-darajali Davlat adliya maslaxatchisi unvoni berilgan. S.Poʻlatxoʻjayev ushbu lavozimda Oliy sud sudlov hayʼati, Rayosati va Plenumi majlislari ishida faol qatnashgan. 1964-yilda Oliy sudga S. Poʻlatxoʻjayevning ustozi Xadicha Sulaymonova[2] rais etib tayinlanadi va ular birga sud-huquq sohasiga yangi nafas olib kirishadi. Ammo X.Sulaymonova ogʻir xastaligi tufayli 1965-yildaSharof Rashidov qabuliga kirib, sogʻligiga koʻra lavozimida ishlay olmasligini aytadi va oʻrniga S. Poʻlatxoʻjayevdan boshqa munosib nomzod yoʻqligini bildiradi. Soʻng, S. Poʻlatxoʻjayev Sharof Rashidovning qabuliga chaqirtirilib, suxbatdan keyin vaqtincha Oliy sud raisining birinchi oʻrinbosari, soʻng Oliy sud raisi etib tayinlanadi. S. Poʻlatxoʻjayev ustozi X. Sulaymonovani davolatish uchun Moskvagacha oliv boradi, biroq koʻrilgan choralar samara bermaydi.

1967-yilda S. Poʻlatxoʻjayev Moskvaga chaqirtirilib, unga SSSR Oliy sudi Oʻrta Osiyo boʻyicha sudyasi lavozimi taklif etiladi. Biroq, u Sharof Rashidov unga ishonib lavozimga tayinlaganligini ishonchni suiisteʼmol qilolmasligini bildirib, taklifni rad etadi. S.Poʻlatxoʻjayevning ushbu qarori Sharof Rashidovga yetib boradi va unga boʻlgan hurmati yanada oshadi. 1971-yilda S. Poʻlatxoʻjayev yana Moskvaga chaqirtiriladi va yangi tashkil etilgan SSSR Adliya vazirligiga boshqarma boshligʻi lavozimida ishlash taklif etiladi. Ammo, bu safar ham u oʻz suzida turib, taklifni rad etadi. Shu orada, S. Poʻlatxoʻjayev Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining sudyalarni saylash, afv etish toʻgʻrisidagi farmonlari ijrosini yuqori saviyada tashkillashtiradi va Prezidium raisi Yodgora Nasriddinova[3][4]ning eʼtiboriga tushadi. Hatto, bir kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlarning muvofiqlashtirish yigʻilishida Y.Nasriddinova "Topshiriqlarni oʻz vaqtida sifatli qilib bajarishda S. Poʻlatxoʻjayevdan oʻrnakolinglar! Deb uni uni boshqalarga namuna qiladi. 1972-yilda Oʻzbekiston SSR Kompartiyasi markaziy qoʻmitasi 2-kotibi V.Lomonosov tomonidan millatparvar rahbarlarga nisbatan boshlangan qatagʻon siyosati sababli, S. Poʻlatxoʻjayev turli boʻxtonlar bilan lavozimidan ozod etilgan. Shundan soʻng, u Toshkent sud ekspertizasi ilmiy-tadqiqot institutida ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari lavozimiga tayinlanadi va bu lavozimda 1974-yilga qadar ishlaydi. Lekin, taʼqiblar davom etib, 1974-yilda unga nisbatan tuxmat bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. U partiya safidan chiqarilib, qamoqqa olingan. Unga nisbatan asossiz tergov 2 yil davom etadi. U 1976-yilda soxta ayblovlar bilan 10 yilga ozodlikdan maxrum etilib, jazoni oʻtash uchun maxsus joyga yuborilmasdan, Sibirga – oʻta ogʻir jinoyat sodir etganlar lageriga joʻnatilgan. 1982-yilda ozodlikka chiqib, uyiga qaytgan 1982-yilda Sharof Rashidov[5] S.Poʻlatxoʻjayevni tuxmat bilan qamalganligini bilgani uchun unga gʻamxoʻrlik qilgan. S. Poʻlatxoʻjayevning tanlovi bilan u Mahalliy sanoat vazirligi yuridik boʻlimi boshligʻi lavozimiga tayinlangan. 1986-yilda „Orzu“ tikuvchilik firmasiga yuridik boʻlim boshligʻi sifatida ishga kirgan va 2015-yilgacha turli joylarda yurist lavozimlarida ish yuritgan:

1994-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Ubaydulla Mingboyev Moskva shahridan „paxta ishi“ bilan birga S. Poʻlatxoʻjayevning jinoyat ishini ham talab qilib olib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumida Vazirlar Kengashi raisiNormuhammadi Xudoyberdiyev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi JoʻqorgʻI kengash raisi Kallibek Kamolov, Markaziy ijroiya qoʻmitasi qishloq xoʻjaligi boʻyicha kotibi Errajab Aytmuratovlar bilan uni ham oqlashga muvvaffaq boʻlgan.

Bosh prokurorning 2024-yil 3-yanvardagi buyrugʻi bilan S.Poʻlatxoʻjayevga „Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasining Faxriy xodimi“ koʻkrak nishoni berildi.

  1. Shohrux Akbarov. Agar dardim bayon estam... bir mudhish tuhmat tafsiloti. 
  2. „Xadicha Sulaymonova“ (2024-yil 29-yanvar). 2024-yil 25-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 29-yanvar.
  3. „Yodgor Nasriddinova“, Vikipediya, 2023-11-24, qaraldi: 2024-01-29
  4. „Yodgor Nasriddinova“ (2024-yil 29-yanvar). 2023-yil 15-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 29-yanvar.
  5. „Sharof Rashidov“ (2024-yil 29-yanvar).