Sabohiddin ali
Sabohiddin Ali (1907.7.2, Egridere qishlogʻi — 1948.24, Kirklareli) — turk yozuvchisi. Germaniyada oʻqigan (1928 — 30). Nemis tili oʻqituvchisi boʻlib ishlagan. Maorif nozirligida, keyinchalik Anqara konservatoriyasida xizmat qilgan. Ijodi 1928-yildan boshlangan. Sheʼrlari turk xalq koʻshiqlari ruhida yozilgan boʻlib, ularda muhabbat navolari erksevarlik gʻoyalari bilan uygʻun holda ifodalangan. Hikoya, qissa va romanlarida esa romantik kayfiyat bilan birga tanqidiy realizmga xos xususiyatlar ustuvorlik qilgan. Soʻnggi yoʻnalishdagi asarlarida Turkiya hayotidagi ziddiyatlar butun keskinligi bilan ochib tashlangan. Sabohiddin Ali turk adabiyotida hikoya janrining ustasi sifatida shuhrat qozongan. "Togʻlar va shamol" (1934) sheʼrlar toʻplami, "Tegirmon" (1935), "Yangi dunyo" (1943), "Oynavand saroy" (1947) hikoya toʻplamlari hamda "Kuyujaklik Yusuf" (1937), "Ichimizdagi shayton" (1940), "Moʻyna libosli xonim" (1943) romanlari muallifi. Sabohiddin Ali ruhan Nozim Hikmatga yaqin boʻlib, 1945-yilda taraqqiyparvar nashrlarda hamkorlik qilgan va oʻzi ham "Marko Posha" hajviy-siyosiy gazetasini nashr etgan. Turkiyadan chiqib ketayotgan paytida xoinlarcha oʻldirilgan. Sabohiddin Alining ayrim hikoyalari oʻzbek tiliga tarjima qilingan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Kichkina Hasan [hikoyalar], T., 1954; Hikoyalar, T., 1959; Vragi [rasskazi], M., 1971.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Fish R., Sabaxittin Ali, M., 1959; Kyamilev X.K., Anatoliya glazami Sabaxattina Ali, T., 1965.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |