Sabzavot ekinlari
Sabzavot ekinlari — asosan, sabzavot olish uchun yetishtiriladigan madaniy oʻsimliklar guruhi. 120 dan ortiq ekiladigan turi maʼlum. 10 oilaga mansub 90 turi koʻp tarqalgan. Sabzavot ekinlari karamdoshlar (karam, sholgʻom, rediska, turp va boshqalar), soyabonguldoshlar (sabzi, selderey, petrushka, ukrop va boshqalar), shoʻradoshlar (lavlagi va boshqalar), qovoqdoshlar (bodring, tarvuz, qovun, qovoq), tomatdoshlar (pomidor, baqlajon, qalampir), burchoqdoshlar (mosh, noʻxat, loviya), murakkabguldoshlar (salat va boshqalar), piyozdoshlar (piyoz, sarimsoq piyoz), torondoshlar (rovoch, otquloq) boshoqdoshlar (shirin donli makkajoʻxori) botanik oilalariga boʻlinadi. Piyozdoshlar va boshoqdoshlar bir pallali, qolganlari ikki pallali o'simliklarga mansub. Sabzavot ekinlari oʻsishi va rivojlanishi davomiyligi tipiga koʻra, bir yillik (bodring, pomidor, qalampir, baqlajon), ikki yillik (sabzi, karam, piyoz, sarimsoq va boshqalar) va koʻp yillik (shovul, otquloq va boshqalar) ekinlarga boʻlinadi. Mahsuldor organlari (yeyiladigan qismi)ga koʻra 5 guruhga: ildizmevalilar (sabzi, lavlagi, sholgʻom, turp, rediska), piyozlilar (piyoz, sarimsoq), mevali sabzavotlar (pomidor, baqlajon, qalampir, bodring, tarvuz, qovun va boshqalar), bargli sabzavotlar (karam, ukrop, ismaloq, selderey, petrushka), dukkakli sabzavotlar (koʻk noʻxat, loviya, jandiq)ga bulinadi. Ikki yillik Sabzavot ekinlari da 1-yili ovqatga ishlatiladigan hosil organlari yetishadi. 2-yili ular urug' (piyoz, sarimsoq, karam va boshqalar) beradi. Koʻpchilik Sabzavot ekinlari issiqsevar, tuproq unumdorligi va namga talabchan (yana qarang Sabzavotchilik). Sabzavot ekinlari jahondagi barcha dexqonchilik mintaqalarida yetishtiriladi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |