Kontent qismiga oʻtish

Sadduqiylar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sadduqiylar - miloddan avvalgi II-I asrlarda farisiylikka qarama-qarshi yo‘nalish sifatida sadduqiylik o‘rtaga chiqdi. Yahudiylar tarixiga oid manbalarni o‘rganar ekanmiz, mazkur ikki yo‘nalish o‘rtasida juda ham ko‘plab tortishuv va bahslar bo‘lganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.Sadduqiylik aqidaviy nuqtai nazardan farisiylikdan quyidagi jihatlari bilan ajralib turadi: 1. Ular “Tavrot” dan boshqa kitoblarni tan olmaydilar hamda Musoga nisbat beriluvchi “Og‘zaki Tavrot”ni ham inkor qiladilar; 2. Qiyomat kuni va qayta tirilishga ishonmaydilar. Ularning e’tiqodiga ko‘ra, solih kishilarga mukofot, gunoxdorlarga jazo mana shu dunyoning o‘zida beriladi. Yuz yillar davomida ushbu yo‘nalishning nomlanishi Saduq (Sabos) ismli shaxs bilan bog‘lanib kelingan. Bunday fikrlarni mashhur alloma Ibn Hazm hamda ko‘plab Yevropa olimlari asarlarida uchratish mumkin. XX asrga kelib, ba’zi tadqiqotchilar bu qarashning noto‘g‘ri ekanini isbotlashga harakat qilishdi. Jumladan, fransuz olimi Gigneber (Guignebert) bu borada quyidagi fikrlarni keltiradi: “Sadduqiy so‘zida “d” harfi ikkilangan. Qolaversa, ushbu yo‘nalish tarafdolari o‘zlarini hech qachon “Saduq” degan shaxs bilan bog‘lamaganlar. Aslida, mazkur nom sadduqiylarga dushmanlari tarafidan kinoya tarzida ishlatilgan. Bu bilan, ularning yahudiylikdagi asosiy aqidaviy masalalarni inkor qilganlari, buning aksini tasdiqlab olganlariga (“sadduqiylar” - “tasdiqlovchilar”) ishora qilingan”. Mazkur qarashni misrlik olim Ahmad Shalabiy ham qo‘llab-quvvatlaydi. Sadduqiylik tarafdorlari asosan nasl-nasabli, yirik mulkdorlar kabi yuqori qatlam vakillaridan iborat bo‘lgan. E’tiborli jihati shundaki, ularning aksar qismi o‘zaro qarindoshlik aloqalari bilan bog‘langan. Ta’kidlash lozimki, yahudiylikdagi ushbu yo‘nalish vakillari boshqa xalqlar bilan do‘stona aloqa o‘rnatishga doim harakat qilib kelgan bo‘lsalar, farisiylar esa, aksincha, yahudiy bo‘lmaganlarga nisbatan dushmanona kayfiyatda bo‘lganlar. Xristian va musulmon manbalarida sadduqiylar bilan farisiylar o‘rtasida bir qancha ixtiloflar mavjudligi ta’kidlansa-da, bir nuqtada ularni birlashtiruvchi o‘zaro mushtarak g‘oya bo‘lgani qayd etiladi, u ham bo‘lsa ularning Isoga nisbatan adovati hamda u olib kelgan ta’limotga qarshi kurashganlaridir. Yuqorida ta’kidlanganidek, sadduqiylar o‘limdan keyingi hayot hamda ruhning abadiyligini inkor qilganlar. Ularning rasionalistik qarashlari shu darajaga olib bordiki, ular farishtalarning g‘ayritabiiy mavjudot ekaniga ham shubha bildirdilar. Shuningdek, inson ixtiyori masalasida sadduqiylar Xudo insonning ishiga aralashmasligi, inson o‘z amalini o‘zi yaratishi haqidagi fikrni ilgari surganlar[1].

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 334.
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.