Kontent qismiga oʻtish

Said-Karim Ziyodullayev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Said-Karim Ziyodullayev — sovet iqtisodchisi, davlat va siyosat arbobi, iqtisod fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi. KPSS aʼzosi.

Said-Karim Ziyodullayev 1913-yilning 15-oktabrida Toshkent shahrida tugʻilgan.

  • 1933-1938-yillarda Moskva shahar qurilish institutining muhandislik-iqtisodiyot fakultetida tahsil olgan;
  • 1944-1946-yillarda Xorazm viloyati ijroiya qoʻmitasi raisining oʻrinbosari;
  • 1946-1948-yillarda Oʻzbekiston SSR qurilish materiallari sanoati vaziri;
  • 1955-1956-yillarda Respublika shahar va qishloq qurilish vaziri;
  • 1956-1957-yillarda „Glavgolodnostepstroy“ rahbariyatining birinchi oʻrinbosari lavozimlarida faoliyat olib borgan.

25 yildan ortiq vaqt mobaynida respublika Davlat Planlashtirish Komiteti (Gosplan)ni boshqargan, bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston SSR Vazirlar Soveti Raisining oʻrinbosari (1948-1955- va 1957-1974-yillarda) sifatida ham faoliyat koʻrsatgan.

S.Ziyodullayev mas’uliyatli va zalvorli xizmati davomida ilmiy faoliyat bilan ham doimiy shugʻullanib kelgan. Jumladan, Ziyodullayev 1952-yilda SSSR Fanlar akademiyasining Iqtisodiyot institutida nomzodlik, 1966-yilda doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.

1956-yilda SSSR Qurilish va arxitektura akademiyasining muxbir aʼzosi boʻlgan va 1966-yilga kelib ham muxbir aʼzo sifatida tayinlangan.

1974-yilda esa Said-Karim Ziyodullayev Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylangan.

Oʻsha yili akademik Said-Karim Ziyodullayev Fanlar akademiyasi Prezidiumi aʼzosi va Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasining ishlab chiqaruvchi kuchlarni oʻrganish boʻyicha kengash (SOPS) raisi etib tayinlangan. Rais etib tayinlanguniga qadar Ziyodullayev qariyb 20 yil davomida Respublika Fanlar akademiyasining Iqtisodiyot institutida rahbarlik qilgan.

Umrining oxirigacha (18.08.2003-yilgacha) mamlakat hayotida faol ishtirok etib, ilmiy izlanishlar olib borgan.

U mas’uliyatli ijtimoiy-siyosiy faoliyati davomida Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashi deputati (1947-1976-yillarda), Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti aʼzosi (1949-1986-yillarda) sifatida 10 yildan ortiq muddatga saylangan. 1975-1986-yillarda Respublika „Bilim“ jamiyati boshqaruvida rahbarlik qilgan. 1973-1991-yillarda SSSR Fanlar akademiyasi „Ishlab chiqaruvchi kuchlarni taqsimlash“ ilmiy kengashining Oʻrta Osiyo komissiyasi raisi, 1970-1991-yillar oraligʻida SSSR Fanlar akademiyasi Ilmiy kengashining „Milliy iqtisodiyotni optimal rejalashtirish va boshqarish“ Oʻzbekiston boʻlimi raisi boʻlgan.

Qolaversa akademik Said-Karim Ziyodullayev xalq xoʻjaligi va boshqa koʻplab ilmiy va jamoat kengashlari aʼzosi ham hisoblangan.

Iqtisodchi olim iqtisodiyot nazariyasi va amaliyotiga oid 300 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan, 11 monografiya va risolalar hamda ilmiy-ommabop maqolalar muallifi hamdir. Akademik Said-Karim Ziyodullayev 2003-yil 19-avgustda Toshkent shahrida vafot etgan.

  • Birinchi nikohi: turmush oʻrtogʻi Karimova Fazahat (1919-2007-yillarda yashab oʻtgan).

Farzandlari:

oʻgʻillari: Ozod (1941-2007-yillarda yashagan); Nabi (1944-yilda tugʻilgan) Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida yashaydi;

Qizlari:

Raʼno (1946-yilda tugʻilgan) AQShda istiqomat qiladi;

Lola (1949-yilda tugʻilgan) Oʻzbekistonning Toshkent shahrida yashaydi.

  • Ikkinchi nikohi: turmush oʻrtogʻi Baxretdinova Miyassar (1940-yilda tugʻilgan). Olimning ikkinchi nikohidan bir nafar oʻgʻil farzandi bor.

Ulugʻbek (1979-yilda tugʻilgan) Oʻzbekistonning Toshkent shahrida yashaydi.