Kontent qismiga oʻtish

Saidjon Kalonov

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Saidjon Kalonov (1914.30.6, Chust tumani Karkidon qishlogʻi — 1971.31.11, Toshkent) — sozanda (nay), bastakor. Oʻzbekiston xalq artisti (1966). Dastlabki musiqa saboqlarini Toshkent musiqa texnikumida A. Vahobov, Sh. Shoumarov kabi tanikli sanʼatkorlardan olgan. Nay ijrosi asoslarini Abduqodir naychi Ismoilovdan oʻrgangan. Mustaqil ijodiy faoliyatini Fargʻona teatri musiqa rahbari sifatida boshlab (1932—36), mazkur teatrda sahnalashtirilgan "Farqod va Shirin" (Xurshid) singari spektakllarga musiqa yozgan. Oʻzbekiston davlat filarmoniyasining T. Jalilov rahbarligidagi orkestri (1936—38), Oʻzbek davlat opera va balet teatri (1938—42), Yangiyoʻl teatri (1942—48), Oʻzbekiston radio va televideniyesi oʻzbek xalq cholgʻulari orkestrining (1948—71) yakkanavozi. "Yovvoyi Ushshoq", "Yovvoyi Chorgoh", "Choʻli Iroq" kabi kuylarni nayda mahorat bilan ijro etgan. "Ey, sarvi ravon", "Yor kezar", "Topmadim", "Dilnavozim", "Kuyla dilkash dutorim", "Gulmidi, raʼnomidi", "Ona diyorga salom" singari oʻnlab ashula va qoʻshiqlar, "Fargʻona tongi", "Armugʻonim" kabi kuylar yaratgan. Bular oʻzbek musiqa merosining muayyan katlamlari va zamonaviy ohanglar bilan uzviy bogʻlangan.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil