Sakkiz yoqli maqbara
Sakkiz yoqli maqbara | |
---|---|
Sakkiz yoqli maqbara | |
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | YuNESKOning Butunjahon merosi obyekti № 603 |
Turi | Maqbara |
Meʼmoriy uslubi | Markaziy Osiyo meʼmorchiligi |
Joylashuvi | Samarqand, Oʻzbekiston |
Manzili | Shohi Zinda koʻchasi 1-uy |
Texnik holati | |
Material | Pishiq gʻisht |
Sakkiz yoqli maqbara |
Sakkiz yoqli maqbara – Samarqanddagi meʼmoriy yodgorlik (XV asr). Shohizinda ansambli tarkibida. Samarqand meʼmorligiga xos boʻlmagan (ozarbayjonlik meʼmor qurgan deb taxmin qilinadi) uslubda, 8 ravoqli (nomi ham shundan), tomonlari ochiq qilib qurilgan. Tashqi qirralari sopol gʻishtchalar bilan qoplangan. Ravoq tepasidagi qanoslari yorqin lojuvard rangda terma koshinlar bilan bezatilgan. Gumbazi (diametri – 6,3 m) qayta tiklangan. Ichki bezagida qizil, koʻk va oq rangdagi naqshlar qoʻllangan.
Maqbaraning tagida 4 ta aslzoda ayol kishining sagʻanasi bor. Undagi sakkiz ochiq eshiklar, musulmonlar tasavuridagi jannatning eshiklarini eslatadi, chunki paygʻambar Muhammad (S. A.V) ning hadislari eʼtiborga molikdir, yaʼni „jannat onalar oyogʻi ostidadir“. Uning ichki qismida, sodda naqshlar solingan. Chiroyli nusxalar ichida, muqaddas Qur’ondan maxsus suralar bitilgan. 1963-yilda sakkiz yoqli maqbaraning shimolidan ikkita maqbara qoldiqlari ochildi. Undan daxma devor qoldiqlari va oʻymakor uslubda ishlangan qabr usti toshlari qolgan.
Tavsifi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tuzilishi jihatidan Shohizinda majmuasi uchun gʻayrioddiy boʻlgan va chetlari oʻtkir qirralari boʻlgan bu maqbara Shirinbeka maqbarasining shimolida joylashgan. Noyob sakkiz burchakli shakl Gʻarbiy Eron yoki Ozarbayjon meʼmorchiligi taʼsiri ostida tanlangan. Maqbaraning toʻrttala tomoni ham ochiq. Gumbazning ichki tomoni osmon jismlarini eslatuvchi bezaklar bilan ajralib turadi. Maqbarada 4 sagʻana joylashgan. Bu sagʻanalar aslzoda ayollarga tegishli. Inshootning bezalish uslubi, foydalanilgan materiallar bu yerda temuriylar xonadoniga mansub shaxslar yotganidan dalolat beradi.
Keyingi davrlarda olib borilgan taʼmirlash ishlari natijasida gumbaz qismi qaytadan tiklangan. Ravoqlarning ochiq timpanlariga hadislardan namunalar yozilgan. Maqbara xonalarining ichki qismida takrorlanmas zarhal berilgan devorlarda Qur’on oyatlari yozilgan.
Meʼmorchiligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Arxeologik tadqiqotlar natijasida maqbaraning hovli qismi kengaytirilgan. Xilxonada joylashgan qabrlar ochilib, diniy marosimlari oʻrganilgan. Yogʻoch tobutlarda dafn etilgan kishilarning suyak qoldiqlari baʼzi ashyolar, ularning irqi va tana tuzilishi toʻgʻrisida maʼlumotlar olishga imkon berdi. Maqbaraning sakkiz qirrali silueti XIV asrdagi gumbazli qabrlar guruhiga organik tarzda mos tushadi va ansambl panoramasiga rang-baranglik kiritadi. Maqbaradagi sakkiz ochiq eshigi musulmonlar tasavvurida jannat eshiklarini eslatadi[1].
Bir paytlar sakkiz burchakli maqbaraning yon tomonlarida ravoqlari boʻlgan yengil gʻishtli mozaikali kichik sharsimon gumbaz bilan qoplangan. Maqbara chetlari sirlangan va sayqallangan gʻishtlar bilan qoplangan. Ichki gumbaz koʻk tusdagi polixrom ganch boʻyoq bilan qoplangan boʻlib, uslubiy jihatdan Shahrisabzdagi Gumbazi Sayidon maqbarasi, Samarqanddagi Ulugʻbek madrasasi rasmlariga oʻxshaydi[2].
„Sakkizburchak“ – Shohizinda majmuasining yangi turdagi maqbarasi boʻlib, qurilishi Gʻarbiy Eron va Ozarbayjon minora maqbaralari bilan bogʻliq. Ansambl va umuman Samarqandga xos boʻlmagan meʼmoriy shaklning paydo boʻlishiga Amir Temur tomonidan poytaxtga olib kelingan xorijiy hunarmandlar sabab boʻlgan boʻlishi mumkin.
Arxeologik tadqiqotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]XX asrning 50-yillaridan boshlab maqbarada arxeologik tadqiqotlar oʻtkazish boshlandi. Ilk qazishma ishlariga A. N. Vinogradov boshchilik qilgan. Maqbara poydevori A. I. Terenojkin tomonidan tekshirib oʻrganilgan. XX asrning 60-yillarida N. B. Nemsova va antropolog V. Y. Zezenkova tomonidan xilxonada joylashgan tobutlar oʻrganilgan. 1963-yilda sakkiz yoqli maqbaraning shimoliy qismidagi ikki maqbara qoldiqlari ochilgan. Maqbaradan hozirda faqat dahma devori qoldiqlari va oʻymakor uslubda ishlangan qabr usti toshlari qolgan. Toʻrt ayol qabrining ikkitasida qabrlar devorlari gʻisht bilan qoplangan va shiftli toʻsinli tuproqli qabrlardir. Uchinchi qabrning cheti gʻisht bilan qoplangan gʻishtli sandiq koʻrinishida qilingan. Arxeologik tadqiqotlar 1940-yillarda qabr astronom Qozizoda Rumiyga tegishli degan taxminni bekor qildi. Maqbara 1957-yilda mahalliy ishlab chiqarilgan koshinlar bilan tiklangan[3]. Qayta tiklash jarayonida K. A. Shaxurin jasadlarni oʻrganib chiqdi[4].
Epigrafiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Maqbara timpanumlarida (sakkiz tomonda) yozuvlar butunlay oʻchib ketgan edi. 2004—2005-yillardagi obodonlashtirish ishlarida bu joylarga hadislar bitilgan.
Galereya
[tahrir | manbasini tahrirlash]-
Maqbara lavhasi
-
Bino devorining umumiy koʻrinishi
-
Ichki qismi bezaklari
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Qulmatov Sh, Berdimurodov A. Samarqand yodgorliklari. Самарканд: Имом Бухорий халкаро маркази, 2017 — 42-bet. ISBN 978-9943-4783-8-1.
- ↑ Н.Б.Немцова. Ансамбль Шахи-Зинда: история-археология-архитектура XI—XXI в. Самарканд 2019 — 255-bet. ISBN 978-9943-357-47-1. Qaraldi: 9-sentabr 2023-yil.
- ↑ „Ансамбль Шохи-Зинда“. Qaraldi: 17-sentabr 2023-yil.
- ↑ „Ансамбль мавзолеев Шахи-Зинда в Самарканде“. Qaraldi: 2-sentabr 2023-yil.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi – SAMARQANDNING TARIXIY OBIDALARI VA MUZEYLARI BOʻYIChA EKSKURSIYA MATNLARI, 2010
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |