Kontent qismiga oʻtish

Sanjar Nazar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sanjar Hasanovich Nazarov
Tavalludi 21-mart 1974-yil (1974-03-21) (50 yosh)
Fuqaroligi O‘zbekiston SSR
Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Taʼlimi Toshkent Davlat universiteti
Kasbi noshir

Sanjar Nazar (toʻliq ismi: Sanjar Hasanovich Nazarov; 1974-yil 21-mart, Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumani, Doʻng qishlogʻi, Oʻzbekiston SSR) – taniqli noshir, adabiyotshunos. Akademnashr[1] va „Irfonnashr“ nashriyotlari, „Jajji akademik“ akademik jurnali hamda „Yoki“ elektron, audio kitoblar va kitobxonlar hamjamiyati platformasining asoschisi[2].

1992–1997-yillarda – Toshkent Davlat universiteti talabasi, 1997–2000-yillarda – Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi aspiranti. 1997–2001-yillarda – „Yosh Kuch“ jurnalida boʻlim muharriri, 2001–2005-yillarda – „Yangi asr avlodi“ NMMda ijrochi direktor, 2005-yilda „Yoki ijodiy guruhi“ga (Loyihaning asosiy maqsadi jahon tafakkuri durdonalarini oʻzbekchaga oʻgirish boʻlib, uning doirasida 20 ga yaqin asarlar tarjima qilingan) asos solib, 2007-yilga qadar ushbu shoʻba korxonasida direktor lavozimida faoliyat yuritgan. U 2007-yilda „Akademnashr“ nashriyotiga asos solgan va bugungi kungacha ushbu nashriyot direktori lavozimida ishlab kelmoqda. Koʻplab xalqaro kitob koʻrgazmalarida ishtirok etgan. Adabiyotshunoslik, ijtimoiy psixoanaliz, publitsistika yoʻnalishida 50 dan ortiq maqolalari vaqtli matbuotda eʼlon qilingan. 2015-yil – „Jajji akademik“ jurnalini taʼsis etgan va bu jurnal baʼzi sabablarga koʻra yopilgan[3]. Bu oʻzbek tilida ilk bolalar uchun ilmiy-intellektual jurnal edi[4]. Bundan tashqari u yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan „Izlam“ loyihasining ham muallifi. „Izlam“ – shoir Faxriyorning shu nomdagi kitobidan olingan va bu turkum jamiyatga bugungi kunning yosh ijodkorlari yangicha ruh bilan adabiyotga kirib kelayotganini koʻrsatib berdi[5]. Shuning uchun ham kitobxonlar orasida koʻp muhokma va tanqidlarga sabab boʻldi[6]. Sanjar Nazar tashabbusi bilan 2022-yil ilk bor Oʻzbekistonda 3000 adadda 3 yoshdan (3+) boshlab oʻqilishi mumkin boʻlgan kitoblar nashr etilgan[7].