Kontent qismiga oʻtish

Sariq arilar

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Sariq arilar (Polistes) - pardakanotlilar oilasiga mansub hasharotlar urugʻi. Oila boʻlib yashaydi, in quradi. Oilasi inga asos solgan urgochisi, bir qancha erkak va koʻp sonli ishchilardan iborat. Ishchilari ona aridan faqat bir oz kichikroq boʻlishi bilan farq qiladi. Ishchilari orasida in qoʻriqchilari, in quruvchilari, qurtlarini boquvchilari va oziq yigʻuvchilari boʻladi. Lekin Sariq arilar oilasida mehnat taqsimoti qatiy boʻlmaydi. Inlari juda koʻp katakchalardan iborat, koʻp qavatli boʻladi. Sariq arilar inni jagʻlari yordamida maydalab, soʻlak bilan aralashtirilgan yogʻoch tolasidan tayyorlangan krgʻozdan quradi. Sariq arilar oilasi qishda halok boʻladi, faqat urgʻochilari qishlab qoladi. Erta bahorda urgʻochi Sariq arilar yakka oʻzi yoki baʼzan bir nechtasi birgalikda bir necha uyadan iborat in quradi. Har bir uyaga ona ari bittadan tuxum qoʻyadi. Uyasi yarim doira shaklida, poyacha yordamida substratga yopishgan, kataklarining ogʻzi pastga qaragan boʻladi. Yetilgan qurtlar uyalarini yopib, uning ichida gʻumbakka aylanadi. Uyalardan chiqqan ishchilari uya qurish va naslni boqishni davom ettiradi. Sariq arilar gul nektari va oʻsimlik shirasi bilan oziqlanadi.

Sariq arilar moʻʼtadil va tropik iqlimda keng tarqalgan. Oʻrta Osiyoda Kaspiy polistasi koʻp uchraydi. Bu tur kasallik qoʻzgʻatuvchi mikroblar, gijjalar tuxumi va bir hujayralilar sporalarini yuqtirib hamda uzum va boshqa mevalarni yeb ziyon keltiradi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil