Sattor Jabbor
Sattor Jabbor | |
---|---|
Tavalludi |
1905-yil 5-sentabr Toshkent Jarko'cha mahallasi |
Vafoti |
1938-yil 9-oktabr Toshkent, O'zSSR |
Fuqaroligi | Rossiya imperiyasi |
Kasbi | Kimyogar |
Sohasi | Kimyogar, tarjimon, pedagog, adabiyotshunos |
Ish joylari | O‘rta Osiyo davlat Meditsina institutining biokimyo kafedrasi |
Ilmiy darajasi | Kimyo fanlar nomzodi |
Mashhur ishlari | F.Engelsning “Tabiat dialektikasi”, H.Vamberining “O‘zbeklar” asarlari tarjimasi |
Turmush oʻrtogʻi | Mahbuba Muhamedova |
Dini | Islom |
Sattor Jabbor (1905-yil 5-sentabr - 1938-yil 9-oktabr) - XX asr boshida Germaniyada tahsil olgan taraqqiyparvar, birinchi o‘zbek kimyogari, tarjimon, pedagog va adabiyotshunos. 30-yillardagi O‘zbekistonda sodir bo‘lgan muhim ijtimoiy-madaniy jarayonlarning faol ishtirokchisi. Nemis josusi ayblovi qo‘yilib sovet hukumati tomonidan otib tashlangan.
Hayoti va faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sattor Jabbor 1905-yil 5-sentabrda Toshkentning Jarko‘cha mahallasida savdogar oilasida tug‘ilgan. Dastlab, eski maktabda, so‘ng 1913-17 yillar rus-tuzem maktabida o‘qigan. 1917-1920 yillarda Munavvar qori Abdurashidxonovning “Namuna” maktabini bitirgan. 1920-21 yillarda “Chig‘atoy gurungi” a’zosi bo‘lib, Fitratning eng ishongan shogirdlaridan biri bo‘ldi. 1922 yil “Ko‘mak” uyushmasi va BXR hukumati tomonidan Germaniyaga tahsil uchun yo‘llagan 70 dan ortiq yigitlar orasida edi.
Germaniyadagi faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sattor Jabbor 1922-23-yillar Berlinda til o‘rgandi. 1925-yilgacha Berlinda gimnaziyada tahsil oldi. 1925-27-yillarda Geydelberg universitetida, 1928-31-yillar Berlin universiteti kimyo fakultetida o‘qidi[1]. 1930-yil SSSR talabalar uchun yuboriladigan barcha pullarni to‘xtatdi. Uning oxirgi yil o‘qish pulini Berlin universitetiga Aleksandr Gumbolt fondi to‘lab berdi. U nemis professorlariga assistent bo‘lib laboratoriyada ishladi. Sovet hokimiyati Sattor Jabborga stipendiya berishni to‘xtatib qo‘ygach, yordam so‘rab universitetdagi professorlari Shleyn va Buinshteynlarga murojaat qilgan. Sattor Jabbor o‘qish bilan bir vaqtda ma’daniy ma’rifiy ishlarda ham faol edi. U Fitratning “Hind ixtilolchilari” asarini Berlinda nashr ettirishga yordamlashdi. 1923-yil Berlinda nashr etilgan “Ko‘mak” jurnalida “Tilak” nomli she’ri e’lon qilindi.
Qora kiygan qalam qoshli, qorako‘z,
Uzun sochli, o‘rta bo‘yli bir qizcha
O‘ynay, o‘ynay, ucha-ucha sayragan,
Bulbul kabi kelib qo‘ndi bog‘imga.
Yovuz qishning to‘ndirguvchi yelindan
Qotib qolgan yigitlarni o‘zining —
Suchuk, suchuk so‘zi bilan turgizdi.
Hammasini o‘z izindan yurgizdi.
Men ko‘pdan-da uvshib qolgan qo‘limni
Tebratib etagini tutay dedim,
Biroq u ko‘kka uchdi,
Yulduzlarga qo‘shuldi.
Men esa qanoti yo‘q qushlardek
Uning nurli yuziga qarab qoldim termulib[2].
Sattor Jabbor Berlinda Turkiston milliy ozodlik harakati yetakchilaridan Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on bilan yaqindan aloqada bo‘lgan. Turkiston tarixiga oid asarlarini nemischaga tarjima qilib Berlinda nashr ettirgan[3]. Bu haqida Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on o‘zining “Xotiralar”ida yozib qoldirgan[4].
Sattor Jabbor sovetlarning O‘zbekistonda o‘tkazayotgan mustamlakachilik siyosatini qoralagan, Turkistondagi istiqlolchilik adabiyoti namoyandalariga xurmat tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan, shuningdek, xotin-qizlar mavzusiga bag‘ishlangan maqolalar yozadi. Chunonchi, Berlinda chiqayotgan «Ost-Yevropa» jurnalida uning «Turkiston she’riyati va shoirlari», «Doyche Algemeyne Saytung» gazetasida esa «Turkiston ayollari» degan maqolalarini e’lon qiladi. «Buenos Ayres» degan nemis gazetasida qayta bosilgan so‘nggi maqolasida O‘zbekistonda ayollar ozodligi va huquqi masalalariga to‘xtalib: «Ularni haqiqiy ozodlikka sovetlar emas, kelgusi mustaqil Turkiston chiqarajak», - deb yozadi[5].
Oilasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sattor Jabbor 1937-yil 8-yanvar kuni josuslikda ayblanib qamoqqa olindi. Uning qamoqqa olingan kuni to‘ldirgan anketasida oilasi haqida qisqacha ma’lumotlar bor. O‘sha vaqtlarda Sattor Jabbor Toshkent shahridagi Karl Marks ko‘chasida joylashgan Toshkent Davlat meditsina instituti olimlari uyida yashagan. Rafiqasi Mahbuba Muhamedova 26-yoshda bo‘lgan va Toshkent tekstil instituti talabasi bo‘lgan. Onasi Kamolxon Jabborova 57 yoshda. Katta o‘g‘li G‘affor 14 yoshda. Elxon 8 yoshda, qizi Dilbar 4 yoshda, o‘g‘li Urxon 3 yoshda, O‘zxon esa 1yoshda bo‘lgan. Sattor Jabbor qamoqqa olingach ayoli Mahbuba Muhamedovani yashab turgan uyidan ham, o‘qishidan ham haydashadi. Shundan so‘ng Taxtapuldagi otasi Dadamat Nurmuhamedovning uyiga borib yashaydi. Biroz vaqt o‘tgach Markazqo‘m kotibi Ivanovning shaxsan aralashuvi bilan o‘qishga qayta tiklanadi. Keyinchalik o‘qishni tamomlab tekstil kombinatida ishlaydi[6].
O‘zbekistondagi faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sattor Jabbor 1931-yilda O‘zbekistonga qaytib, O‘rta Osiyo davlat Meditsina institutining biokimyo (1932-1934), keyinchalik noorganik kimyo kafedralari (1935-1937) mudiri, Sog‘liqni saqlash xalq komissarligi kollegiyasi a’zosi, Maorif xalq komissarligi huzuridagi Ilmiy kengash a’zosi vazifalarida ishlaydi. Toshkent Davlat Meditsina instituti noorganik kimyo kafedrasi mudiri Ma’fuaxon Alaviyaning guvohlik berishicha, Sattor Jabborga o‘sha yillari ko‘p yillik ilmiy ishlari majmuasi uchun kimyo fanlari nomzodi ilmiy unvoni berilgan. Uning asosiy ilmiy yo‘nalishi xilma-xil kimyoviy xossalarning tashkil topish kinetikasini tadqiq qilish bo‘lgan. Olimning 20 dan ortiq ilmiy ishi mavjud bo‘lib, ular orasida nemis tilidagi kimyo darsliklarining o‘zbek tiliga tarjimalari, shuningdek, ruscha-o‘zbekcha va nemischa-ruscha-o‘zbekcha kimyo terminlari kitoblari ham bo‘lgan[7].
Taniqli faylasuf olim, professor Omonulla Fayzullayevning xotirlashiga ko‘ra, 1936-yilda O‘zbekiston Maorif xalq komissarligi qoshidagi Ilmiy kengash Sattor Jabborga professorlik unvonini bergan[6].
Sattor Jabborning Turkiston matbuotida e’lon qilingan maqolalarining birinchisi “Turkiston” gazetasining 1924-yil 2-sentabr sonida “Ertoy” imzosi bilan bosilgan “Germaniyada O‘rta Osiyo talabalarining ikki yili”dir. Unda Germaniyada turkistonlik talabalarning qisqa muddatda ilm olish bobida erishgan yutuqlari haqida batafsil hikoya qiladi va kelgusidagi rejalari bilan o‘rtoqlashadi.
Maorif va o‘qituvchi jurnalining 1928-yil 10-sonida bosilgan “Suyuq ko‘mir va sun’iy neft” maqolasida jahondagi barcha urushlarning bosh sababi neft ekanligiga to‘xtalib kelajakda bu muammoni kimyo fanining hal etishida ya’ni, ko‘mirni suyultirish muammosi haqida to‘xtaladi va o‘quvchilarga o‘z qarashlarini ma’lum qiladi.
1929-yil “Maorif va o‘qituvchi” jurnalida “Kimyogar” nomi bilan Yangi alifboga o‘tishga bag‘ishlab yozgan maqolasida millat hayotida imloning o‘rniga to‘xtaladi va u bu jarayonda ming yillik milliy madaniy meros va qadriyatlarni yo‘qotib qo‘ymaslikka chaqiradi.
Tarjimonlik faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sattor Jabbor ulkan tarjimon edi. U F.Engelsning “Tabiat dialektikasi”, H.Vamberining “O‘zbeklar” asarlarini, shuningdek, kimyo fanidan Rozanfeldning “Noorganik praktika va sifatiy analiz” darsligini, Areniusning “Ilmiy ximiya asoslari” asarlarini nemis tilidan o‘zbek tiliga tarjima qildi. Sattor Jabbor 1934-yil 1-ilmiy terminologik syezdda ishtirok etadi. 1936-yil Terminologiya komitetining ximiya terminlar komissiyasiga rais etib tayinlandi. U 1936-yil Zarifa Saidnosirova, Alimov, Hakimov kabi bir qator kimyogarlar bilan qisqa muddatda o‘zbekcha kimyo terminlar lug‘atini yaratishda katta ishlarni amalga oshiradi. “Madaniy inqilob” gazetasida qator maqolalar chop etadi[8].
Ayblov
[tahrir | manbasini tahrirlash]1937-yil 7-yanvarda O‘zSSR IIXK Zagvozdin ToshMI dosenti Sattor Jabborni Germaniyada o‘qigan josus, O‘zbekistonda mustaqil burjua davlati tuzmoqchi deb qamoqqa olishga qaror qildi. 1937-yil 8-yanvar kuni order asosida ToshMI yotoqxonasi 4-korpus, 17-xonadan tintuv o‘tkazib, uning kutubxonasi, kitoblari, hujjatlari, xatlari, rasmlaridan shaxsiy buyumlarigacha xatlab olib ketildi. Tergov 1937-38 yillar deyarli ikki yil davom etdi. Bu vaqtda Sattor Jabbor Germaniyada birga o‘qigan To‘lagan Mo‘min, Sulton Matqul, Fuzayl Sherahmedov, Temurbek Qozibekov, Rahmatjon va Muhammadjon Avazjonovlar bilan yuzlashtirishdi. Biroq, qo‘yilgan ayblovlarning birortasi isbotini topmadi. Shunga qaramay 1938-yil 9-oktabr kuni “uchlik sudi” Sattor Jabborni otuvga hukm etdi. Sattor Jabborni 1931-yil Germaniyadan josus bo‘lib qaytgan deb, O‘zSSR Jinoyat Kodeksining 57 - (Vatanga xiyonat, harbiy va davlat sirlarini sotish, josuslik), 64 - (Sovet davlatiga qarshi terakt), 67 - (aksilinqilobiy tashkilotga a’zolik) moddalarini qo‘llaydi.
Sattor Jabbor hech qachon o‘zini millat va xalq oldida aybdor hisoblamagan. Sattor Jabborning tergov materiallarida “A.Ayub 57 kamerada, S.Jabbor 59 kameraga joylashtirilgan. Kameralarning devori bitta bo‘lib, mahbuslar aksilsovet qo‘shiqlar, latifalar aytishib o‘tirishadi. Shuning uchun ular ikki marta karserga ham tashlangan ammo, to‘xtatmayaptilar”, - degan mazmundagi ko‘rsatmalar bor.
Oqlov
[tahrir | manbasini tahrirlash]1956-yil 1-fevralda Sattor Jabborning onasiga ZAGS idorasidan o‘g‘lining 1938-yil 15-oktabrda sudlangani va 1940-yil 26-dekabrda jazoni o‘tash vaqtida vafot etgani to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotnoma berishadilar. Stalin vafotidan keyin, Sattor Jabborning onasi Kamolxon aya Mavlonxo‘jayeva va rafiqasi Mahbuba Muhamedova 1956-yil 24-aprelda O‘zbekiston SSR Markazqo‘mining birinchi kotibi Nuritdin Muhitdinovga Sattor Jabborni oqlab berishni iltimos qilib ariza beradi.
Nuritdin Muhitdinov bu ishni paysalga solmay Respublika adliya vaziri Xadicha Sulaymonova, Davlat xavfsizlik komiteti boshlig‘i A.Bizov, Bosh prokuror Murod Sheraliyevdan iborat ishchi guruh tuzadi va Sattor Jabborning ishini qaytadan ko‘rib chiqishadi. 1959-yil 13-aprelda Sattor Jabbor to‘liq oqlanadi. Ushbu oqlov SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining 1959-yil 13-apreldagi H-4H-13699/57 sonli ma’lumotnomasida ko‘rsatilgan[9].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Olimjon Idris. Germaniyada O‘zbekiston shogirdlari. “Farg‘ona” g. 1926-yil 22-mart
- ↑ Sattor. Tilak. “Ko‘mak” jurnali. Berlin. 1923-yil 1-son. 21-bet
- ↑ Sherali Turdiyev. Ular Germaniyada o‘qigan edilar. Toshkent. 2006-yil. 69-bet
- ↑ A.Z.Validiy To‘g‘on. Bo‘linganni bo‘ri yer. Toshkent. Adolat. 1997. 254-255-betlar
- ↑ Sherali Turdiyev. Ular Germaniyada o‘qigan edilar. Toshkent. 2006-yil. 70-71-betlar
- ↑ 6,0 6,1 Sherali Turdiyev. Ular Germaniyada o‘qigan edilar. Toshkent. 2006-yil. 76-betlar
- ↑ Альманах. Ташкентский Медицинский институт (192(М980), - Ташкснт: «Медицина», 1980, стр. 54.
- ↑ Sherali Turdiyev. Ular Germaniyada o‘qigan edilar. Toshkent. 2006-yil. 78-bet
- ↑ SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining 1959-yil 13-apreldagi H-4H-13699/57 sonli ma’lumotnomasi