Kontent qismiga oʻtish

Sauna

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Sauna (sauna), fin hammomi — hammomning quruq issiq havoli turi. Qad.dan Finlandiyada mavjud boʻlgan; S. qurish 20-asr 70y.laridan Gʻarbiy Yevropada, keyinroq boshqa yerlarda, jumladan, Oʻzbekistonda ham rasm boʻldi. S.ning odam organizmiga taʼsiri tralar farqiga asoslangan: issiqxonadagi qaynoq quruq havo (tra 90—140°, havo namligi 5 — 15%) sunʼiy hovuz yoki tabiiy suv havzasi (koʻl yoki daryo) suvining sovuq havosi bilan almashinadi. Issiqxonada yaxshigina qizib terlagan kishi birdaniga sovuq suvga tushgach, tralar farqi hisobiga kapillyarlardan organizmdagi zararli moddalar tirsillab chiqib ketadi. Shunda odam yengil nafas ola boshlaydi. S.da yuvinish kishi organizmini chiniqtiradi va maʼlum darajada davolaydi. S.dagi yuqori trani kishi organizmi bugʻi oʻta nam boʻlgan (namlik 80—90%, tra 70—90°) rus hammomidagiga nisbatan osonroq qabul qiladi. S.da yuvinish kishi organizmi uchun juda foydali va yoqimli muolaja, lekin uning ham oʻz meʼyori bor: yuvinish mobaynida issiqxonaga 2—3 martadan ortiq kirmaslik kerak: har bir kirish oldidan kamida 15 min. tanaffus qilish lozim. Ayniqsa, sogʻligi uncha yaxshi boʻlmaganlar: oshqozon yarasi borlar, yuragi xastalar, qon bosimi baland yoki past kishilar, astma xastaligiga duchor boʻlganlar, semiz va qari kishilar juda ehtiyot boʻlishlari lozim. Ogʻiroyoq ayollar va bolalar Sda yuvinishi mumkin emas. S. issikxonasining devorlari va terlash supalari igna bargli daraxt yogʻochidan qilinadi. Shuning uchun S.da oʻziga xos oʻrmon havosining hidi ufurib turadi. S.gaz, oʻtin, koʻmir va, asosan, elektr pech bilan qizdiriladi. Pech ustiga oʻrtacha kattalikdagi qora toshlar terib qoʻyiladi. Toshlar qizigach, chatnab kishini shikastlamasligi uchun ularning ustiga sim toʻr oʻrab qoʻyiladi. S.da bir haftada bir marta yuvinish yaxshi samara beradi.

Oʻrta Osiyo, shu jumladan, Oʻzbekistondagi qad. hammomlarda ham xuddi S.dagidek quruq havoli issiqxona boʻlgan, lekin suvli hovuz boʻlmagan (yana qarang Hammom).[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil