Sayid Mohiro‘yijahon majmuasi
Sayid Mohiro‘yijahon majmuasi | |
---|---|
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | Tarixiy obyekt |
Shahar | Xiva shahri |
Mamlakat | O‘zbekiston |
Egasi | Davlat mulkiga tegishli |
Sayid Mohiroʻyijahon majmuasi – 1884-yil Xiva xoni Muhammad Rahimxon soniy buyrugʻiga asosan Chodirli eshon qabristoni hududida qurilgan. Majmuada 2 ta madrasa, masjid, qorixona va maqbaralar saqlanib qolgan. Majmuaning oʻng tomonida Islomxoʻja madrasasi bor. Muhammad Rahimxon soniy bu majmuani ona tarafdan qarindoshi boʻlgan Sayid Muhammad Mohiroʻyi Jahon uchun qurdirgan.[1] Hozirgi kunda majmuaning bir tarafida Muhammad Mohiroʻyi Jahonning qabri boshqa tarafda esa Sayyid Muhammad, Muhammad Rahimxon soniy va Temurgʻoziyning qabrlari mavjud.[2] Majmua gʻarbdan qorixona va Sayid Mahyurjon madrasasi bilan tutashgan. Sayid Mohiroʻyi Jahon majmuasi 3 guruh yodgorliklaridan iboratdir. Majmuaning memoriy qurilishi Pahlavon Mahmud majmuasiga oʻxshashdir. Hozirda majmua turistlar uchun ochiq. Majmuada Xiva xoni Eltuzarxon va uning qarindoshlari, Rahimqulixon ibn Olloqulixon, Muso toʻra, Muhammad Aminxon, Muhammad Rahimxon va xonlar oilasiga yaqin boʻlgan Ibrohomxoʻja va shoir va tarixchi Muhammad Yusufbek Bayoniylarning qabrlari mavjud. Sayid Mohiroʻyijahon majmuasi toʻgʻrisida Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiyning Muhammad Aminxonga bagʻishlangan Jome al-voqeoti sultoniy asarida shunday deyilgan. „Muarrix Muhammad Aminxon 1855 yilda urushda oʻlgandan keyingi voqealar toʻgʻrisida toʻxtalib. Ul voqeai hayratangiz va hodisai kulfatomuz vuqu’idin besh-olti kun soʻng Oxal takasidin bir jamoakim, xizmatkorligʻ va hovoxohlik jodasin masluk tutar erdilar, peshbinlik yuzidin ixlosmandlik ayon qilib, izhori xizmat qilmoq uchun podshohi saʼid shahidning va shahzodai magʻfuri marhum Muso toʻraning humoyun jasadlarini qatlgohlarida muzallat tufrogʻidin olib, izzat mahfasigʻa soldilar. Abdulla mahram va Erniyoz mahramning dogʻi oʻliklarin tevalarga yuklab, sur’ati tamom bila Saraxsdan Xorazm jonibigʻa tavajjuh koʻrgizdilar. Xivaning Gandimiyon qishlogʻidagi Muso toʻraning hovlisida xon va shahzodani mayitlarini yuvib, kafanlab ota urugʻlarini soʻngi oshyoni boʻlmish, qudvatulatqiyo hazrati sayyidi Aʼloaddin xoʻja alayhirahmaning javori fayzosorida Imorat mavzeʼidakim, aboangʻan jada xoni, magʻfiratpanohning marqadu qabrgohidur, eltib dafn qildilar“. Muhammad Yusufbek Bayoniy oʻzining „Shajarai Xorazmshohiy“ asarida Sayid Muhammadxon vafoti toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtadi „Sayyid Muhammadxon hazrati qutb avliyo shamsil atqiyo Olavuddin xoʻja eshon alayhi rahmaning javori fayz osorlarida Imorat mavzeʼida, oʻzlarining qubbai oliylarida madfun boʻldilar“,- deb yozadi. Muhammad Rahimxon soniy 1884-yilda ona tomondan qarindoshchiligi boʻlgan Shabbozlik avliyo Sayyid Muhammad Mohiroʻyi jahon nomiga va oʻzi uchun otasi Sayid Muhammadxon qabriga yaqin joyda hashamatli bir maqbara qurdirgan. Hozir bu joyda bir xonada Sayyid Muhammad Mohiroʻyi jahon, ikkinchi katta gumbazli xonada Sayid Muhammadxon, Muhammad Rahimxon soniy, Temurgʻoziy toʻralarni qabrlari bor.[3]
Rekontruksiya ishlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]2008-2009 yillarda majmua qaytadan tamirlangan. Xonlik davridagi tugallanmagan qurilish ishlari ham yakuniga yetkazilgan.[4]