Sazagʻon makoni
Sazagʻon makoni — Samarqand sh. yaqinidagi Sazagʻon qishlogʻidan topilgan neolit davri yodgorligi. 1964-yilda M. Joʻraqulov boshliq arxeologolimlar tomonidan topilgan. Hozirgi kunga qadar davom etayotgan tadkiqotlar natijasida makondan togʻli jamoalarga xos boʻlgan koʻplab tosh qurollar topib oʻrganilgan, ular fanda „Sazagon madaniyati“ deb nom olgan. Ushbu madaniyatni oʻrganish natijasida Zarafshon vohasi togʻ oldi mintaqalarida yashagan neolit jamoalarining turmush tarzi, maʼnaviy dunyosi, xoʻjaligi, madaniy aloqalari masalalari boʻyicha koʻplab maʼlumotlar toʻplangan. Xususan, Sazagʻon makonidan topilgan yorgʻuchoq, qadamatosh (oʻroq) tigʻlari ziroatchilikdan, qoʻy, echki suyaklari esa, chorvachilikdan dalolat beradi. Ammo, topilmalarning umumiy taxlili — bu jamoalarning asosiy xoʻjaligi ovchilik va terimchilik boʻlganligini koʻrsatadi. Sazagʻon makoni jamoalari qoʻniqoʻshni qabilalar bilan keng koʻlamda madaniy aloqalar oʻrnatganligi aniqlangan. Mas, tosh sanoati tarkibidagi mexnat qurollarini yasashda qoʻllangan texnologiya usullari, sopol parchalari — quyi Zarafshon voxdsidagi Darvozaqir, Markaziy Fargʻona vohasidagi neolit jamoalari hamda Tojikistondagi Tutqovul-Hisor jamoalari madaniyatini eslatadi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |