Kontent qismiga oʻtish

Seboreya

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Seboreya (lotincha: sebum — yogʻ va yun. rhoia — kechmoq) — teri kasalligi. Yogʻ bezlari funksiyasining buzilishi bilan kechadi. Asosan, gipofiz bezining faoliyatiga, yogʻ almashinuvi va teri yogʻ bezlari ishining buzilishiga bogʻliq. S.da yogʻ bezlaridan ajralib chiqadigan yogʻ koʻpayib yoki kamayib ketib, sifati ham oʻzgaradi. Koʻpincha balogʻatga yetayotgan oʻsmirlarda uchraydi. Kishi qariganida S. alomatlari kamayadi yoki yoʻqolib ketadi.

S, asosan, yuz, bosh, koʻkrakning yuqori qismi va yelkada, yaʼni yogʻ bezlari koʻp joylashgan yerlarda uchraydi. S bilan ogʻrigan kishilar terisi ustida ishqoriy muhit boʻlib, u yiringli kasalliklar paydo boʻlishiga olib keladi. Bunday bemorlar yuziga husunbuzar toshadi, soch toʻkilib, siyraklashadi.

Moyli va quruq S. bor. Moyli S.da teri yaltirab turadi. Teri yogʻ bezlarining teshiklari kengayib ketganligidan, burun kataklari atrofidagi teri apelsin poʻstiga oʻxshab qoladi. Ana shu kengaygan kovaklarga muguz qavat hujayralari, yogʻ, chang va kir yigʻilishidan teri kulrang tusga kiradi.

Boshdagi sochlar yogʻliq, yaltiroq, baʼzi yerlarda birbiriga yopishgan, tagi qasmokli boʻladi. Teri qattiq qichishadi, shu bois bemor qichiyverib, boshini tirnab yuboradi, hatto sizlogich, shirincha kabi yiringli kasalliklar kuzatiladi.

Quruq S.da, aksincha, yogʻ kam chiqadi, teri yupqa va quruq boʻladi. Boshga qazgʻoq yigʻiladi. Baʼzan qazgʻoq birbiriga yopishib, kulrang taangachalar hosil qiladi. Qazgʻoq va tangachalar ostidagi terining rangi oʻzgarmaydi. Sochlar quruq, nozik, moʻrt, xira va uchidan ikkiga ayrilgan boʻladi. Bemor badaniga pushtiqizil, usti qipikli, kattaligi va shakli har xil dogʻlar tushadi.

Baʼzi bir bemorda S.ning har ikkala xili, yaʼni badanning yogʻ bezlari koʻp joylashgan qismida yogʻli S., terining boshqa yerlarida QURUQ S. uchrashi mumkin.

S.da achchiq, yogʻliq ovqatlardan parhez qilish, spirtli ichimliklar ichmaslik kerak. Sport bilan shugʻullanish, koʻproq vitaminlarga boy ovqatlar isteʼmol qilish, dam olish, sayr qilib, organizmni chiniqtirish zarur. Terining holatiga qarab parvarish qilish (qarang Teri), zarur boʻlsa, vrachga koʻrsatib davolatish kerak.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil