Kontent qismiga oʻtish

Sebzor

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sebzor — oʻtmishda Toshkentdagi daha nomi. Shaharning shim.gʻarbiy qismida joylashgan. Toshkentning 4 dahasidan biri. Hududi jihatidan eng kichigi. Chegarasi gʻarbdan Sagʻbon va Qorasaroy koʻchalarining oraligʻidan (hozirgi Zarqaynar koʻchasining gʻarbidan), jan. dan Jangob arigʻidan oʻtgan. Shaharning shim. va sharq tomondagi mavzelarida (Alvastikoʻprik, Hasanboy, Koʻkterak, Boyqoʻrgʻon, Boltamozor, Gurunchariq va boshqalar) sebzorliklarning dala hovlilari, bogʻlari boʻlgan. Toshkentning eng qad. ariklaridan biri — Kaykovus S. hududidan oʻtgan. Shayboniylardan Suyunchxoʻjaxon tomonidan bunyod etilgan (1525-yil) Kaykovus chorbogʻi uning boʻyida joylashgan. 19-asr oʻrtalarida S.da 65 ta mahalla, 3 Madrasa (Baroqxon, Moʻyi Muborak, Beklarbegi), 78 masjid boʻlgan, shaharning 3 darvozasi (Labzak, Taxtapul, Qorasaroy), Eskijuva bozorining katta qismi, asosan, S. hududida joylashgan. Aholisi (1870y.larda 18650 kishi), asosan, hunarmandchilik, shahar tashqarisidagi yerlarida dehqonchilik bilan shugʻullangan. Muhammad Solihnchng "Tarixi jadidai Toshkant" asarida S. Hazrat Imom Qaffol Shoshiy dahasi nomi bilan qayd etilgan. S.da Qaffol Shoshiy (Xasti Imom) maqbarasi, Baroqxon madrasasi va boshqa meʼmoriy yodgorliklar joylashgan.

S. aholisi, ayniqsa, kosiblari bilan shuhrat qozongan, ularning mahsulotlari Turkiston oʻlkasining boshqa shaharlariga ham tarqalgan. Aholi, shuningdek, ip gazlama toʻqish va chitga gul bosish bilan mashgʻul boʻlgan. Taxtapul, Chuvalachi, Qorasaroy, Yov, Sebzor va Qozikoʻcha mahalla va mavzelari aholisi gʻalla ekinlari ham ekishgan; mol jalloblari daha aholisining oʻziga toʻq tabaqasini tashkil etgan.

Ad.h Mallitskiy N.G., Toshkent mahalla va mavzelari, T., 1996; Muhammadjonov A., Qadimgi Toshkent, T., 2002.

Mashxura Sharipova.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil