Kontent qismiga oʻtish

Sement sanoati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sement sanoati - qurilish materiallari sanoatining eng yirik tarmogʻi. Portlandsement, putssolan portlandsementi, toshqol portland-sementi, shifer, asbotsement quvurlar, ganch, gil va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradi. Sement dastlab 1824-yilda Angliyaning janubidagi Portlend shahri yaqinida ("portlandsement" nomi shundan) ingliz ixtirochisi J.Aspdin tomonidan maʼlum nisbatlarda qoʻshilgan ohak va tuproq aralashmasini kuydirib olingan. 19-asrning 30-yillaridan boshlab Buyuk Britaniya, AQSH, Rossiya, Germaniyada sement zavodlari qurila boshlandi. 19-asrning 70-yillariga kelib sement jahon qurilish texnikasi rivojlanishining asosiy yoʻnalishini belgilab, yig'ma temirbetonning kashf etilishiga olib keldi. 20-asr davomida jahonning rivojlangan mam-lakatlarida Sement sanoati yuqori surʼatlarda oʻsdi va sement ishlab chiqarishning umumiy hajmi 1500 mln. tonnani tashkil etdi (1998). Oʻrta Osiyoda birinchi boʻlgan Xilkovo (hozirgi Bekobod) sement zavodi 1913-yildan qurila boshlagan. 1926-yilda korxona qayta ishga tushirildi. 1932-yilda Quvasoy sement zavodida turli markadagi sementlar ishlab chiqarila boshlandi. 50-yillardan bu korxonalar kengaytirilib, kombinatlarga aylantirildi, ularda sementdan tashqari shifer, ohak, asbotsement quvurlarni i.ch. yoʻlga qoʻyildi. Xalq xoʻjaligining sementga nisbatan ortib borayotgan ehtiyojini qondirish maqsadlarida 1962-yilda yillik quvvati 1,7 mln. t boʻlgan Ohangaron sement kombinati, 1976-yilda yillik loyiha quvvati 3,4 mln. t boʻlgan Navoiy sement kombinatining 1-navbati (yillik quvvati 1150 ming t) ishga tushirildi. 70-yillar oʻrtalariga kelib Sement sanoatida 3536 ming t turli markadagi sement ishlab chiqarildi.

90-yillar oʻrtalaridan tarmoq korxonalari aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirildi, rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi, chet el texnologiyalari bilan jihozlandi. "Ohangaron-sement" aksiyadorlik jamiyati huzurida "Ohangaron rangli sement" Oʻzbekiston—Britaniya qoʻshma korxonasi tashkil etildi (1995). "Qizilqumse-ment" aksiyadorlik jamiyati (sobiq Navoiy sement zavodi)da i.ch. quvvatla-rini toʻliq ishga solish tadbirlari amalga oshirildi. Oʻzbekiston Sement sanoatida gidrotexnika va yer osti inshootlari qurishda yuqori namlik va muzlash sharoitlarida ish-latiladigan, sement muddati va yaroqliligi hamda yuqori sifati betonni suv oʻtkazmaydigan, chidamli boʻlishiga koʻmaklashadi. Kislotaga chidamli M400 va M500 markali portlandsement, avtomobil yoʻllari va aeroportlar qurilishida ishlatiladigan portlandsement, neft va gaz quduqlarini burgʻulashda ishlatiladigan tamponaj sementi, shuningdek, putssolan sementi, ohak va may-dalangan ohak, shifer, qurilish gan-chi, mineral paxta va boshqa ishlab chiqariladi. 2003-yilda Oʻzbekiston Sement sanoati korxonalarida 4062,5 ming t sement, 313,7 mln. dona shartli shifer taxtalari ishlab chiqarildi (2002-yilda tegishlicha 3926,7 ming t sement; 298,8 mln. dona shartli shifer taxtalari). Respublika Sement sanoati korxonalari mahsulotlari chet ellarga eksport qilinadi. Xorijiy mamlakatlardan AQSH, Germaniya, Italiya, Yaponiya va Fransiya sement i.ch. boʻyicha jahonda yetakchi oʻrinlarni egallaydi. Nuriddin Musayev.