Sensillalar
Sensillalar (sensilla) — umurtqasiz hayvonlarning sezgir tukchalari; tashqi va ichki retseptorlar vazifasini bajaradi. Boʻgʻimoyoklilar, ayniqsa, hasharotlarda xilmaxil boʻladi. Kutikula qismining tuzilishiga koʻra, trixoid, bazikonoid, qoʻngʻiroqsimon, xordotonal va boshqa xillarga ajratiladi. S.ning kutikula qismi ichi boʻsh qilga oʻxshash yoki tana qoplogʻichi ostiga botib kirgan boʻladi. Kdpsimon S. — mexano va xemoretseptorlar hisoblanadi; bazikonoid S. harorat, namlik va boshqa taʼsirlarga sezgir. S. hayvon tanasining hamma qismida uchraydi, ayniqsa, moʻylovlar (asalarilar erkagida faqat hid bilish S.ning oʻzi 30 000 ga yaqin), ogʻiz organlarining (xemo, termo, gigra va mexanoretseptorlar), dum oʻsimtalari va oyoklarda (mexano va xemoretseptorlar) koʻp boʻladi. S. tarqoq yoki toʻp boʻlib joylashishi; oʻzaro birlashib, murakkab (timpanal, jonstonov va boshqalar) organlarni hosil qilishi mumkin. S. trixogen (qil hosil qiluvchi) gormogen (membranali) va aksonli sezgir neyron hujayralardan iborat. Neyron aksoni markaziy nerv sistemasi bilan bogʻlangan. Mexanoretseptorlarda elektr impuls dendrit uchki qismining siqilishi, xemoretseptorlarda modda molekulasining filamentlar bilan kontakti tufayli paydo boʻladi. S. neyroni taʼsirni qabul qilib, nerv impulslariga aylantiradi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |