Sepkisoy
Sepkisoy – Samarqand viloyatining gʻarbida Qashqadaryo havzasidagi daryo. 1100 m balandlikdagi buloqdan boshlanadi. Yuqori oqimida Jinichka nomi bilan maʼlum. Qashqadaryogacha yetib bormaydi. Xonuy qishlogʻidan 2 km shimoli-gʻarbda tugaydi. Uzunligi 39 km, havzasining maydoni 180 km². Qoryomgʻir suvlaridan toʻyinadi. Ingichka shaharchasi yonida koʻp yillik oʻrtacha suv sarfi 0,36 m³/sek., oqim moduli 2 l/sek, km². Oʻrtacha yillik suv sarfi 1,13 m³/sek.dan (sersuv yilda) 0,025 m³/sek.gacha (kamsuvli yilda) oʻzgaradi. Suv toshqini fevral oʻrtasidan boshlanadi. Suvning eng koʻp sutkalik sarfi shu oyda (baʼzida martda) kuzatiladi. Suv toshqini aprel boshlarida tugaydi. Oktyabr—dekabrda (har yili emas) yomgʻir suvlari toʻplanib qoladi. Ingichka shaharchasidan pastrokda daryo suvi ekin maydonlarini sugʻorishga sarflanadi va Sepki qishlogʻidan pastda qurib qoladi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |