Kontent qismiga oʻtish

Serbiya va Chernogoriya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Serbiya va Chernogoriya (serbcha Srbije u Crna Gore, ing. Serbia and Montenegro) — Bolqon yarim orolning shim.gʻarbiy qismida joylashgan davlat. Maydoni 102,2 ming km². Aholisi 10,65 mln. kishi (2002). Poytaxti — Belgrad sh. Maʼmuriy jihatdan 2 respublika: Serbiya va Chernogoriyaga boʻlinadi.

Davlat tuzumi. S. va Ch. — parlamentli respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 2003-yil 4 fevralda qabul qilingan. Davlat boshligʻi — prezident (2003-yil 7 martdan Svetozar Marovich). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni parlament (skupshchina), ijrochi hokimiyatni hukumat amalga oshiradi.

Aholisi. Serb (62,6%), alban (16,5%), chernogor (5%), venger (3,3%)lar yashaydi. Rasmiy til — serb tili. Aholining 95% serb tilida, 5% alban tilida soʻzlashadi. Koʻpchilik dindorlar — xristian (pravoslav va katoliklar), qolganlari — musulmonlar. Yirik shaharlari: Belgrad, Podgoritsa, Novi Sad, Prishtina, Nish, Kraguyevats.

Tarixi. Birinchi jahon urushidan keyin Bolqon yarim orolda 1918-yil dekabrda Serblar, xorvatlar, slovenlar qirolligi tashkil topib, Chernogoriya, Makedoniya, Bosniya va Gersegovina ham uning tarkibiga kirdi. 1929-yildan bu davlat Yugoslaviya, 1963-yildan Yugoslaviya Sotsialistik Federativ Respublikasi deb ataldi. 1992-yildan Sloveniya, Xorvatiya, Bosniya va Gersegovina, Makedoniya federatsiya tarkibidan chiqib ketgach, Yugoslaviya Ittifok, Respublikasi deb ataldi. 2002-yil 14 martda bu davlat huquqiy jihatdan tugatildi va 2003-yil fevralda federatsiya asosidagi Serbiya va Chernogoriya deb atalgan yangi davlat tashkil topdi. S. va Ch. Yugosloviya Ittifoq Respublikasining huquqiy vorisi sifatida 2000-yil 1 noyabrdan BMT aʼzosi hisoblanadi. Milliy bayrami 27 aprel — Respublika kuni (1992). Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligini 1991-yil 31 dekabrda tan olgan va 1995-yil 18 yanvardan diplomatiya munosabatlari oʻrnatilgan. Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Serbiya sotsialistik partiyasi, 1990-yil tuzilgan; Serb yangilanish harakati, 1990-yil tashkil etilgan; Serblar birligi partiyasi; Serbiya demokratik muxolifati, 2003-yil tuzilgan; Serb radikal partiyasi, 1991-yil tashkil etilgan; Chernogoriya sotsialistlari demokratik partiyasi, 1991-yil asos solishali; Chernogoriya demokratik partiyasi; Chernogoriya xalq partiyasi, 1990-yil tuzilgan; Kosovo demokratik partiyasi, 2000-yil tashkil etilgan; "Yugoslaviya soʻllari" harakati.

Xoʻjaligi. S. va Ch. — industrialagrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi — 41,3%, qishloq xoʻjaligi ulushi 22,9%.

Sanoatining asosiy tarmoklari: konchilik, rangli metallurgiya, mashinasozlik, toʻqimachilik. Konchilik sanoatida lignit, qoʻngʻir kumir, neft, shuningdek mis, qoʻrgʻoshin va rux, uran rudalari qazib olinadi. Yiliga oʻrtacha 35,3 mlrd. kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Serbiya va Chernogoriya sanoatida mashinasozlik va metall ishlash (stanoksozlik, transport vositalari, shu jumladan, avtomobil, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, elektronika va radioelektronika sanoati) ustun. Rangli metallurgiyada alyuminiy, mis, qoʻrgʻoshin, rux eritish korxonalari bor. Qora metallurgiya, kimyo, farmatsevtika, mebel, shuningdek, toʻqimachilik, koʻnpoyabzaal. oziq-ovqat sanoati tarmoqlari rivojlangan.

Kishloq xoʻjaligi ning asosiy tarmogʻi — dehqonchilik. Donli ekinlar (asosan, makkajoʻxori, bugdoy), qand lavlagi, kungaboqar, zigʻir, tamaki, kartoshka va sabzavot yetishtiriladi. Mevachilik (ayniqsa, qora olxoʻri), tokchilikka katta ahamiyat beriladi. Chorvachiligida qoramol, choʻchqa, qoʻy, uy parrandasi boqiladi.

Transport yoʻli uzunligi 4 ming km, avtomobil yoʻllari uzunligi 49,6 ming km. Dengiz porti — Bar. Belgrad va Podgoritsada xalqaro aeroportlar bor. Dunay va Sava daryolarida kema katnaydi (yirik dare porti — Belgrad). Chetga xom ashyo va chala tayyor mahsulotlar, sanoat va oziq-ovqat mollari, mashina va sanoat uskunalari, tirik chorva mollari chiqaradi. Chetdan mashina va transport uskunalari, yonilgimoylash materiallari, sanoat mollari, kimyoviy moddalar, oziq-ovqat mahsulotlari oladi. MDH mamlakatlari, Germaniya, Italiya, Vengriya, Bosniya va Gersegovina, Makedoniya bilan savdo qiladi. Pul birligi — Serbiyada dinor, Chernogoriyada 1999-yildan nemis markasi, 2002-yildan yevro.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. S. va Ch. da koʻpgina gaz. va jur,lar nashr etiladi. Muhimlari: "Borba" ("Kurash", serb tilida chiqadigan mustaqil kundalik gaz., 1922-yildan), "Vecherne novosti" ("Oqshom yangiliklari", serb tilida chikadigan mustaqil kundalik gaz., 1954-yildan), "Madyar so" ("Venger soʻzi", venger tilida chiqadigan kundalik gaz., 1944-yildan), "Rad" ("Mehnat", serb tilida chiqadigan haftalik gaz., 1945), "Jena danas" ("Hozirgi ayollar", serb tilida chiqadigan oylik jur., 1936-yildan), "Mejdunarodna politika" ("Xalqaro siyosat", serb, rus, ingliz, fransuz, nemis va ispan tillarida 2 xdftada chiqadigan jur., 1950-yildan), "Mejdunarodni problemi" ("Xalqaro masalalar", serb tilida har chorakda chiqadigan jur., 1949-yildan), "Ekonomski politika" ("iqtisodiy siyosat", serb tilida chikadigan haftalik jur., 1952-yildan). Radioeshittirish 1926-yildan, telekoʻrsatuv 1958-yildan olib boriladi.

Oʻzbekiston — S. va Ch. munosabatlari. 1999—2001-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi bilan S. va Ch. oʻrtasida faol iqtisodiy hamkorlik amalga oshirildi. 2002-yilda ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar aylanmasi 1,8 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. Oʻzbekiston Respublikasi dan rangli metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar, mexanika asbobuskunalari, ip gazlama va kalava ip, xizmatlar eksport qilindi. S. va Ch. dan tosh va gips, doridarmon, mebel, keramika mahsulotlari, transport vositalari va boshqa keltirildi. Oʻzbekiston Respublikasi da S. va Ch. investorlari ishtirokidagi 14 qoʻshma korxona va serb sarmoyasi 100% boʻlgan 4 ta korxona roʻyxatga olingan. Jumladan, S. va Ch.ning tashqi savdo faoliyati bilan shugʻullanuvchi "Progress", qishloq xoʻjaligi xom ashyosini kayta ishlash va sotishga ixtisoslashgan "Kompaniya BK", sanoat va fuqaro obʼyektlari meʼmorligi, dizayni, loyihalash va qurish ishlari kompleksini amalga oshiruvchi "Energoproyekt xolding" firmalarining vakolatxonalari faoliyat yuritadi.

OʻzR da 2 qoʻshma korxona — yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi "Gama—Kamalak" va tashqi savdo bilan shugʻullanuvchi "MNM" barpo etilgan. 2003-yil sentabrdan "Oʻzbekiston havo yoʻllari" milliy aviatsiya kompaniyasi bilan S. va Ch. ning aviatsiya kompaniyasi oʻrtasida tuzilgan bitimga muvofiq, oʻzbek aviakompaniyasining "Toshkent—Belgrad—NyuYork" marshuruti boʻylab haftasiga 2 marta borib keladigan tijorat reyslari amalga oshirilmoqda.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil