Serradura
Serradura (portugalcha: Serradura), səʀɐˈdurɐ, „qirindi“) ― shuningdek, qirindili puding yoki makao pudingi, Makaoda mashhurlikka erishgan portugal shirinligi[1]. U bir necha qatlamlardan: koʻpirtirilgan qaymoq, quyultirilgan sut va „Mariya“ pechenyesi uvoqlaridan iborat. „Serradura“, yaʼni „qirindi“ nomi pechenyening retseptga koʻra maydalanishi tufayli paydo boʻlgan.
Kelib chiqishi va tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Serradura — Portugaliyada oʻylab topilgan va Makaoda mashhurlikka erishgan shirinlik. Serradura Makaoda keng tarqalgan boʻlib, uni turli restoran va qandolatxonalarda uchratish mumkin, shuning uchun ham ushbu shirinlik Makaoga kelgan sayyohlar orasida tatib koʻrish shart boʻlgan yeguliklardan biri sanaladi[2]. Serradura Makao Portugaliya mustamlakachiligi ostida boʻlgan davrda oʻylab topilgan. U Gonkong, Goa, portugal va ispan tillarida muloqot qiluvchi mamlakatlarda ham yetarlicha mashhur. Gonkong va Makaoda serradura tayyorlashga ixtisoslashtirilgan yoki ushbu shirinlik maxsus desert sifatida dasturxonga tortiladigan mashhur va koʻp tarmoqli kafe hamda doʻkonlar yetarlicha.
Turlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Taʼmlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Anʼanaga koʻra, serradura „Mariya“ deb nomlanuvchi pechenye va koʻpirtirilgan qaymoq bilan tayyorlangan[3] Keyinchalik, shirinlik turli taʼmlar, jumladan „Oreo“ pechenyelari, kofe donalari, yongʻoqlar, koʻk choy va boshqa taʼmlar bilan boyitilgan[4]. „Qirindi“ni hosil qilish uchun ayrim retseptlarda boshqa turdagi pechenyelar, biskvit, turli kukunlar „Mariya“ pechenyesi bilan qorishtiriladi yoki oʻrni almashtiriladi. Ayrim retseptlarda shirinlikka shokolad, qulupnay, koʻk choy va boshqa turdagi taʼm bagʻishlash maqsadida qaymoqqa har xil qoʻshimchalar qoʻshish mumkin[5].
Shakli
[tahrir | manbasini tahrirlash]Serradura tayyor holatdagi shakliga koʻra ikki xil: pirojniy yoki puding koʻrinishida boʻladi. Pirojniy koʻrinishidagi serradura qattiq holatga kelguniga qadar muzlatiladi, shuning uchun ham uning tuzilishi muzqaymoqqa oʻxshab ketadi. Puding koʻrinishidagi shirinlik ham ozroq muzlatiladi, ammo bu kremning quyuqlashishi va kremsimon koʻrinishga kelishi uchun kerak xolos.
Retsept
[tahrir | manbasini tahrirlash]Serradurani tayyorlash juda oson, buning uchun bir nechta tarkibiy mahsulot boʻlsa yetarli. Quyultirilgan sut, „Mariya“ pechenyesining uvoqlari va koʻpirtirilgan qaymoq serraduraning keng tarqalgan tarkibiy masalliqlari sanaladi, ammo baʼzan koʻpirtirilgan qaymoq oʻrniga quyuq qaymoqdan ham foydalanish mumkin. Birinchi qatlam koʻpirtirilgan qaymoq, oxirgi qatlam esa pechenyedan iborat boʻladi. Bundan tashqari, shirinlikka qirgʻichlangan shokolad sepish ham mumkin. Muzlatgichda besh-olti soat sovutilgan shirinlikni dasturxonga tortsa boʻladi. Serradura bugungi kunda keng tarqalgan va mashhur desert boʻlgani sababli yangi taʼmlar bilan boyitilmoqda: koʻk choy, shokolad, guava hamda vanil bilan pishirilgan serradura turlari allaqachon paydo boʻlgan. Shirinlik ichidagi „Mariya“ pechenyesi oʻrniga „Oreo“ pechenyelaridan foydalanib ham yangi taʼmga ega shirinlik tayyorlash mumkin[6][7][8].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Macanese Cuisine & Recipes - Serradura“ (fransuzcha). Macao Government Tourism Office. Qaraldi: 26-mart 2016-yil.
- ↑ „10 must-try Macau foods“. CNN Travel (12-noyabr 2013-yil). Qaraldi: 26-mart 2016-yil.
- ↑ „Then & Now - Historically a Place Where East meets West, Macau's Unique Colonial and Trading Past Continues to Inform its Present > Cuisine“. BBC Travel. 18-aprel 2016-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 25-mart 2016-yil.
- ↑ „Serrdura 木糠布甸“ (xitoycha). Serradura 沙度娜. 21-avgust 2018-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 23-mart 2016-yil.
- ↑ 假日鮮食譜 Kelly’s Fusionology (xitoycha). Hong Kong: Wan Li Book Co., 16-Jun 2008-yil. ISBN 9789621437686.
- ↑ „Recipe for Serradura (in Chinese)“. 1-iyul 2016-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 13-iyun 2022-yil.
- ↑ Desert „Serradura“ (rus.)
- ↑ Serradura (Macau`s famous Sawdust pudding). The Adventures of Fat Rice: Recipes from the Chicago Restaurant Inspired by Macau [A Cookbook], Abraham Conlon, Adrienne Lo, Hugh Amano. Potter/Ten Speed/Harmony/Rodale, 2016. — 320 p. — ISBN 1-60774-896-7, 9781607748960