Seysmogen zonalar
Seysmogen zonalar - kuchli zilzilalar boʻlib turadigan xududlar. Yer poʻstidagi kuchlanishlar taʼsirida oʻzgarayotgan faol geologik struktura uzilishlaridan tashkil topadi. Bu zonalarda tektonik harakatlarning muayyan davrida yuqori magnitudali yer qimirlashlar sodir boʻladi. Seysmogen zonalar avval hosil boʻlgan zilzila oʻchoqlari, epitsentrlari, pleystoseym maydonlari va ular bilan bogʻliq boʻlgan seysmouzilmalar, seysmodeformatsiya qoldiqlari, kelajakda kuchli tebranish manbai shakllanish ehtimoli bor hududlarni oʻz ichiga oladi. Seysmogen zonalar yer osti chuqur qatlamlarida boʻlayotgan geodinamik jarayonlarni va bu qatlamlarni tashkil etgan jinslarnig tuzilishini, ularga taʼsir etadigan tektonik xususiyatlarni, shuningdek, qaysi joylarda zilzila xavfi yuqori boʻlishi mumkinligini, kuchli va kuchsiz yer qimirlashlar kelib chiqish qonuniyatlarini oʻrganish natijasida aniqlanadi. Katta kuchga ega boʻlgan zilzila oʻchogʻi muayyan geologik muhit bilan bogʻlangan seysmogen uzilishlarda shakllanadi va tektonik harakatlarning faollashuvi paytida tebranish manbalariga aylanadi. Kuchsiz zilzilalar hamma yerda togʻ jinslarining darz ketishidan paydo boʻladi. Kuchli zilzila har gal yangi joyda, yaʼni Seysmogen zonalardagi maʼlum boʻlgan yer qimirlash oʻchoklarining davomida yoki ular orasidagi seysmogen uzilmalarda sodir boʻladi. Zilzila kuchi uzilmalarning kattakichikligiga, ularda boʻladigan tektonik harakatlar amplitudasi, tezligiga bogʻliq. Seysmogen zonalarda geodinamik jarayonning tez rivojlanishi natijasida yer qimirlash manbaidagi yigʻilgan tektonik kuchlanishlar seysmik toʻlqinlar energiyasiga aylanadi. Shu sababli, Seysmogen zonalarni kuchli zilzilalar generatori deyish mumkin. Oʻzbekiston hududida kuchli zilzila oʻchoklarining shakllanishi ehtimoli boʻlgan Seysmogen zonalar konsepsiyasi ilk bor yaratildi.
Seysmotektonik sharoitlarga qarab seysmik xavf boʻlgan har bir hududda bitta yoki bir nechta Seysmogen zonalar boʻladi. Ular hozirgi zamon tektonik harakatlarning faol seysmogen uzilmalarining oʻlchami, zilzilalarning parametrlari (magnitudasi, chuqurligi, intensivligi va boshqalar) ga boʻlinadi. Oʻzbekistonda ishlab chiqilgan Seysmogen zonalar konsepsiyasiga kura, ular 3 toifadan iborat. Birinchi toifali Seysmogen zonalarda magnitudasi 7,5, intensivligi 9 ball, ikkinchisida — magnitudasi 6,5, intensivligi 8 ball va uchinchisida — magnitudasi 5,5, intensivligi 7 ballgacha zilzilalar sodir boʻladi. Izlanishlar natijasida birinchi marta Seysmogen zonalarning yangi tipdagi haritasi tuzildi (561betdagi sxematik haritaga q.). Oʻzbekistonning sharqi va unga yondosh hududlar uchun tuzilgan bu harita 1976-yil eʼlon qilingandan keyin 1977-yilda 8 balli IsfaraBotken, 7 balli Haydarkon, 7 balli Tovoqsoy, 1980-yilda 7 balli Konibodom, 8 balli Nazarbek, 1982-yilda 8 balli Chimyon, 1984-yilda 8 balli Pop va 1985-yilda 8 balli Qayroqqum, 1988-yilda 7 balli Shomodsi, 1990-yilda Oʻzgan, 1992-yilda 8 balli Izboskan zilzilalari sodir boʻddi. Ularning joyi, kuchi va magnitudasi bashoratga toʻla mos keldi. Seysmogen zonalar konsepsiyasi asosida Vyetnam, Laos, Yaman mamlakatlari va Turkiyaning Egey sistemasi grabenlari uchun seysmik rayonlashtirish haritalari tuzilgan, shuningdek, AQShning zilzilalarni halokatli okibatlarini kamaytirish dasturida ham oʻz aksini topdi.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ibragimov R.N., Seysmogennie zoni Vostochnogo Oʻzbekistana i seysmichnie rayonirovaniye, M., 1976.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |