Kontent qismiga oʻtish

Shaxs

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Shaxs — alohida individ, mohiyatan yaxlit ijtimoiy-axloqiy olam. U oʻzida inson mohiyatini, uning mavjudot sifatidagi qadriyatini mujassam etadi. Shaxs ijtimoiy-gumanitar fanlarda oʻz yoʻnalishi, tadqiqot obyekti va maqsadi nuqtai nazaridan turlicha talqin etiladi. U oʻta murakkab, ziddiyatli, qarama-qarshi, oʻzini oʻzi inkor etadigan mavjudot sifatida, biologik, fiziologik, ijtimoiy, maʼnaviy, ruhiy, axloqiy va estetik aqlidrok, tafakkur obyekti sifatida, hatto, falsafiy va mantiqiy, yashash huquqi va hayot mantigʻi jihatidan tadqiqot manbaiga aylanishi mumkin.

Shaxsning shakllanish omillari koʻp va xilma-xiddir. Masalan, genetik (nasliy), biologik-tabiiy, madaniy, ijtimoiy hayot tajribasi, oʻz turdoshlari bilan munosabatlar va boshqalar shaxsning genetik jihati uning nasliy asosi, ajdodlaridan yetib kelgan fizionomiya, feʼl-atvor bilan, biofiziologik jihati esa yashash uchun quvvat olish, ovqatlanish, jinsiy aloqaga kirishish va nasl qoldirish singari individual ehtiyoj bilan belgilanadi.

Shaxs, mohiyatiga koʻra, madaniylashgan, ong, aql orqali faoliyatini boshqarish imkoniyatiga ega boʻlgan, ijtimoiy-tarixiy anʼana, turmush tarzi va tajribaga asoslangan muayyan avlodlar vakili. Shaxs fenomeni inson olamining butun murakkabliklarini oʻzida mujassam etadi. Uni har tomonlama oʻrganish maqsadida turli davrlarda tadqiqot olib borilgan. Ayniqsa, sharqda u yuksak axloqiymaʼnaviy meʼyorlar orqali tushunilgan va oliy xilqat, bebaho qadriyat deb hisoblangan. Inson shaxs sifatida komillikka intiladi, hayot mazmunini boyitadi, shu asosda kishilik jamiyatining goʻzal va farovon boʻlishiga ehtiyoj sezadi.

Shaxsning hayot tarzi bevosita jamiyat hayotiga daxldor va hayot neʼmatlaridan toʻla foydalanishga haqli. Shaxs tushunchasi inson tushunchasining yuksak koʻrinishi, oliy maqomidir. Har qanday odam tabiiy mavjudligi, yashash huquqi va hayot qadriyatiga ega boʻlgan jonzotdir. Biroq u hamma vaqt ham toʻlaqonli shaxs boʻlib yetilmasligi mumkin.