Kontent qismiga oʻtish

Abduvali Mirzayev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Shayh Abduvali Qoridan yoʻnaltirildi)
Abduvali Mirzayev
Tavalludi
Abduvali Ashur oʻgʻli Mirzayev

1950-yil 11-aprel
Vafoti 29-avgust 1995-yil(1995-08-29)
(45 yoshda) (bedarak yoʻqolgan)
Aniq emas
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi OʻzSSROʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Kasbi Imom
Bolalari 1 oʻgʻil va 6 qiz
Veb-sayti abduvaliqori.com

Abduvali Ashur oʻgʻli Mirzayev (1950-yil 11-aprel, Oltinkoʻl tumani, Andijon viloyati, OʻzSSR — 1995-yil 29-avgust) — 1989–1995-yillarda Andijon viloyati bosh imom-xatibi. Oʻzbekistondagi taniqli imomlardan biri boʻlgan.

Abduvali Mirzayev 1950-yil 11-aprelda Andijon viloyatining Oltinkoʻl tumanida tavallud topgan. Islom bilimlarini oʻrganishdan mahrum etilgan oilalardan birida voyaga etadi. Balogʻatga yetgandan boshlab doʻsti Rahmatulloh domla bilan birga sirli ravishda Islom bilimlarini oʻrgandi. Ular tafsir, hadis, aqida, fiqh fanlaridan hanafiylik mazhabi boʻyicha bitilgan kitoblardan dars olishadi. Keyinchalik arab tili qoidalari va balogʻat ilmi boʻyicha tojikistonlik Muhammad domladan taʼlim olishadi. Abduvali qori 8 oy ichida Qurʼonni yod oladi. Keyinchalik, Qurʼonni oʻzbek tiliga izoh berib tarjima qilgan va bir qancha kitoblarga sharh berib ovozli darsliklar chiqargan. 1981-yilda Rahmatulloh domla avtohalokatda vafot etadi, Abduvali qori esa bu halokatdan qutulib qoladi. 1982-yili qamoqqa olingan, aybi isbotlanmagani sababli bir necha kundan keyin chiqarib yuborilgan.

Bundan tashqari oʻsha vaqtda davlat xavfsizligi idorasiga doimiy ravishda chaqirtirib turilgan. Abduvali qori oshkoralik davri boshlangandan buyon 1989-yilda Andijonda qaytadan ish boshlagan Andijon jomeʼ masjidida imom-xatib boʻlib, vaʼz oʻqiy boshlaydi. 1992-yilda Toshkentda Oʻzbekiston islom uygʻonish partiyasining raisi Abdulla Atayev oʻgʻirlangandan boshlab, Abduvali qoriga ham bevosita tazyiqlar davom etgan. 1995-yil 29-avgust kuni Abduvali qori Andijon xalqaro aeroportidan Toshkentga uchib boradi. Toshkent xalqaro aeroportida qoʻshimcha tekshiruv uchun olib ketilgan va shu bilan gʻoyib boʻlgan. Yaqinlari uni Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan oʻgʻirlangani va avaxtaga tashlanganini taʼkidlaydilar. Oʻzbek rasmiylari esa, Abduvali Mirzayevning yoʻqolishiga aloqalari borligini rad etadilar. Ayni paytda uning qayerda ekani nomaʼlumligicha qolmoqda. Oʻzbekiston hukumati Abduvali qorining oʻgʻli Abdulquddusdan otasining yoʻqolishini siyosiylashtirmaslikni soʻraydi. Abdulquddus, avval Birlashgan millatlar tashkilotining bedarak yoʻqolganlar bilan shugʻullanish boʻlimi, Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSh elchixonalari bilan aloqa oʻrnatadi va Human Rights Watch kabi tashkilotlarni xabardor etib, bu ishga siyosiy tus ham beradi.

Abdulquddus Mirzayev