Kontent qismiga oʻtish

Imom

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Imom-xatibdan yoʻnaltirildi)

Imom (arabcha: إمام – „oldinda turuvchi“) – namozda oldinda turuvchi, gʻoyaviy rahbar, musulmon jamoasi boshligʻi. Kundalik hayotda masjidda jamoa namozining rahbarini imom deb ataydilar. Imom vazifalarini ayni bir odam bajarishi mumkin, ammo imom mansab ham, kasb ham hisoblanmaydi: u haqiqatda namozni boshqarib turganligi uchungina imom deb eʼtirof qilinadi. Mahalla va qishloq masjidlarida, odatda, diniy maʼlumoti bor odam imom hisoblanadi. Jome masjidlarining imomi maxsus diniy maʼlumotga ega va dindorlar oʻrtasida obroʻ qozongan boʻlishi kerak. Namozda kimlar imom boʻlishga haqliroq ekani fiqh kitoblarida bayon qilingan.

„Imom“ soʻzi arabcha soʻz boʻlib „yetakchi (lider)“ maʼnosini bildiradi. Misol uchun, davlat boshqaruvchisi imom deb atalishi mumkin. Lekin, islom olamida, xususan shia mazhabida imom soʻzi alohida tarihiy ahamiyatga ega. Islomiyatning dastlabki bir necha asrlari davomida ushbu soʻz sunniy va shia mazhablarida xalifalarga nisbatan ishlatilgan.

Islom dini paydo boʻlgan dastlabki yillarda imom vazifasini Muhammad, u zotning vafotlaridan soʻng esa xalifalar bajargan. Muhammad va dastlabki xalifalar namozda oldinda turuvchilargina emas, shu bilan bir vaqtda qavm boshliqlari ham edilar, binobarin imom – xalifa amalda oliy diniy va siyosiy rahbar hisoblangan. Nazariy jihatdan yagona musulmon jamoasida imomni oliy diniy va dunyoviy hokim sifatida tasavvur qilish ana shundan boshlangan. Aynan kimni qonuniy imom deb hisoblash kerak va uning hokimiyatining mohiyati qanday, degan masaladagi bahslar musulmonlarning sunniylar va shialarga boʻlinishiga sabab boʻldi. Sunniylarning oliy hokimiyat nazariyasiga koʻra, xalifa barcha musulmonlarning imomi hisoblanadi.

Xalifa – imomning asosiy vazifasi – dinni saqlash va dunyoviy ishlarni boshqarish. Imom diniy qonun-qoidalar qavm hayotiga toʻgʻri joriy qilinayotganligini kuzatib borishi kerak. Sunniylar, shuningdek, xorijiylar imomni qavmning vakili hisoblaydilar, u nazariy jihatdan butun qavm tomonidan, amalda esa uning vakillari tomonidan saylanadi yoki oʻtmishdoshi tomonidan tayinlanadi.

Shialar nazariyasiga koʻra, imomlarning oliy hokimiyati xudo tomonidan belgilab qoʻyilgan, shu sababli u odamlarning xohishiga bogʻliq boʻlishi mumkin emas, yaʼni imom saylanishi mumkin emas (imomning saylab qoʻyilishiga faqat zaydiylar qarshi emasdilar). Avval boshdan imomning saylanish qoidasini rad etgan shialar musulmonlar qavmi va davlatining oliy hokimiyati Ali avlodlariga meros hisoblanadi, chunki ularning huquqi ilohiy koʻrsatma bilan belgilab qoʻyilgan, deb eʼlon qildilar. Biroq Ali avlodlari tabiiy ravishda boʻlinib, tarqalib keta borgan sari oliy hokimiyatga daʼvogarlik qilishi mumkin boʻlganlar sonkoʻpayaya bordi. Ali avlodlarining turli shajarasi vakillarini imom sifatida tan olgan shialik har xil oqim va jamoalarga boʻlinib ketdi. Zaydiylar, ismoiliylar, imomiylar, „keskin“ shialar oliy hokimiyatni berish qoidasi, imomning huquq va burchlari, imomlarning hukmron sulola bilan hamkorlik qilishi mumkinligi, ularning „adolatsiz“ hukmdorlarga munosabati va hokazo masalalarni turlicha talqin qildilar. Koʻpchilik uchun hozirgi vaqtda Ali avlodlari boʻlgan haqiqiy imom yoʻq. Shialarning diniy rahnamolari – „din odamlari“ (rijal ad-din) uning toʻlhuquqlili vakillaridir.

imom istilohi shialik va sunniylikda, shuningdek, yirik diniy rahnamolar, katta qavmlarning rahbarlari, diniy mazhab va maktablar asoschilari (Abu Hanifa, al-Ash’ariy, Humayniy va hokazo) ga hurmat yuzasidan ham qoʻllanadi.