Kontent qismiga oʻtish

Shayx Jalol Hiraviy Buxoriy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Shayx Jalol Hiraviy Buxoriy
Tavalludi
Vafoti 1548–1549
Onasi ?

Shayx Jalol Hiraviy Buxoriy – ilohiyot ilmi va shoirlikda nom qozongan shaxslardan biri. Toʻliq ismi Shayx Jalol Hiraviy Buxoriy.

Shayx Jalol 1478-yilda Hirotda tavallud topgan. U Shamsiddin Muhammad Rujiydan tariqat asoslarini oʻrgangan. Shamsiddin Muhammad Rujiy oʻz davrining shoiri, mutasavvif olimi va Abdurahmon Jomiyning doʻsti boʻlgan. Har ikkalasi ham Saʼdiddin Koshgʻariydan taʼlim olgan. Shamsiddin Muxammad Rujiy 1489-yilda vafot etgach, Shayx Jalol Buxoroga kelgan. Uning Buxoroga kelishining boshqa sabablari ham mavjud. XVI asr boshlarida Hirotda shia va sunniy ulamolari oʻrtasida keskin nizolar yuz berib, har ikkala tomon bir-birini taʼqib qilishga kirishgan. Koʻplab sunniy ulamolari, tarixchilar, musavvirlar, shoirlar Movarounnahrga koʻchishga majbur boʻlgan. Bular orasida Shayx Jalol boʻlgan. Shayx Jalol Hirotni Muhammad Shayboniyxon bosib olingandan soʻng Buxoroga kelgan. U xalq orasida tasavvuf olimi, qisman shoir sifatida tanilgan. Shayx Jalol Shayboniy hukmdor Abdulazizxon (1539–1549) eʼtiborini qozonib, uning maʼnaviy ustoziga aylangan. „Muzakkiri ahbob“ asarida yozilishicha, Shayx Jalol maqom darajasini yaxshi bilgangan. Jumladan, „Baxt nishonli bu xon (yaʼni Abdulazizxon) darvishlar muxlisi boʻlib, ularga koʻp eʼtiqod qoʻygan edi. Sidq bilan iroda qaydida yetuk ustoz Shayx Jalolga murid ham edi. Shayx Jalol shirin kalom va muaddab kishi edi“. Shayx Jalol Buxoro maʼnaviy olamida oʻz oʻrniga ega boʻlgan. U majlislarda hadis aytib berib, xalqni oʻziga rom etgan. Hadis maʼnolari magʻzini chaqishda esa tengsiz hisoblangan. Shayx Jalolning odatlaridan biri soʻzni takror-takror aytish boʻlgan. Shayx Jalol Hiraviy Buxoriy hijriy 955-yili (milodiy 1548–1549-yillar) 70 yoshda vafot etgan[1]. O‘sha davrda Shayx Jalolga murid (shogird) bo‘lgan shayboniy Abdulazizxon Buxorodagi darvozalarning birini uning nomi bilan ataydi[2].

  1. Toʻrayev H.H. Buxoro tarixi. Buxoro: Durdona, 2020 — 320-bet. ISBN 978-9943-6571-0-6. 
  2. „Ворота Шейх Джалол“ (ruscha). Rusrav.uz (2019-yil 24-aprel). Qaraldi: 20-noyabr 2024-yil.