Shayx Rangrez masjidi
Masjid | |
Shayx Rangez masjidi
| |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Hudud | Buxoro |
Meʼmoriy uslub | Islom, yaqin sharq va oʻzbek milliy meʼmorchiligi |
Holati | Mavjud emas |
Maktab |
Shayx Rangrez masjidi — Buxoroda joylashgan masjid. Hozir mavjud emas. Buxoro Eski shahrining janub-sharqiy tomonida Shayx Rangrez (baʼzi manbalarda Gulrez) mahallasida joylashgan. Mahallaning yana bir nomi Darvozayi Qavoladir[1]. Davozayi Qavola nomi 1818—1819-yillardagi vaqf hujjatlarida ham keltirilgan. Guzar shu nomdagi darvoza yaqinida joylashgan, yaʼni Qavola (Qarshi) darvozasi oldida joylashgan. 1920-yil M.Frunze boshliq rus qoʻshinlarining hujumi natijasida Qarshi darvozasi yonidagi Shayx Rangrez guzarning yarmi yonib ketgan. Mahallada 41 uy mavjud boʻlgan. Aholi savdogarlik va hunarmandchilik bilan shugʻullangan. Mahallada yirik yer egalari ham yashagan, ularning yerlari asosan shahar tashqarisida joylashgan.
Shayx Rangrez masjidi mahalla masjidi hisoblangan. Masjid yonida xonaqoh ham boʻlib, u yerda asosan zikr majlislari oʻtkazilgan. Masjid kubraviya tariqatiga eʼtiqod qiluvchi ruhoniylar boshqaruvi ostida boʻlgan. Masjid yonida maktab va tahoratxona ham boʻlgan. Masjidda karomatgoʻy avliyo Shayx Rangrezning qabri borligi uchun mahalla nomi ham shu nom bilan atalgan. Mozor joylashgan kichkina qabristonga faqat Shayx Rangrez avlodlari koʻmilgan. 1910—1911-yillarda rus qoʻmondonlari Parfenov va Fenin tomonidan Buxoro shahrining topografik xaritasi tuzib chiqiladi. Ularning xaritasida Shayx Rangrez masjidi ham aks ettirilgan.
XX asrning birinchi yarmida masjid (xonaqoh) Shayx Rangrez maqbarasi va qabriston buzib tashlangan[2]. Shayx Rangrez masjidi aks etgan birinchi fotosurat muallifi fransuz tabiatshunosi Edmond de Ponsendir. U 1893-yilning aprel oylarida Samarqandga kelgan Zarafshon vodiysini oʻrganishga kirishgan. Ponsen Buxoro shahriga ham tashrif buyurib, 1893-yilda masjidni suratga olgan[3]. Masjid hozirda mavjud emas.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ С.Раҳматова, Ҳ.Қурбонов. Бухоро гузарлари тарихидан лавҳалар. Бухоро, 1995 — 8-bet.
- ↑ „Мечеть Шейх Рангрез“. Qaraldi: 24-iyul 2023-yil.
- ↑ „Главная улица от Каршинских ворот. Мечеть Шейх Рангрез“. Qaraldi: 24-iyul 2023-yil.