Mirmuhsin
Mirmuhsin (toʻliq ismi Mirmuhsin Mirsaidov, 1921.03.05, Toshkent) — jurnalist, yozuvchi. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1981). Mirmuhsin Toshkentning Kesakqoʻrgʻon mahallasida kulol oilasida tugʻildi. Eski shahardagi 1-maktabni, Toshkent pedagogika institutining Til va adabiyot fakultetini tugatgan. U Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasida, „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasi tahririyatida ishlagan, uzoq muddat „Sharq Yulduzi“, „Mushtum“ va „Guliston“ jurnallarining bosh muharriri boʻlgan.
Sheʼrlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shoir Mirmuhsinning ilk toʻplamlari „Er yurak“, „Vatan“ (1942). U koʻplab sheʼrlar, „Usta G’iyos“, „Doʻlan“ (1947), „Yashil qishloq“ (1948), „Qadrdonlar“ (1954), „Shiroq“ (1967), „Nevara“ singari dostonlar, „Adib va Ziyoda“ (1957) kabi sheʼriy roman muallifi.
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbek adabiyotida Mirmuhsin adib sifatida ham oʻziga xos oʻringa ega. Uning „Dorbozlar“ (1956), „Jamila“ (1957), „Hikoyalar“ (1959), „Qizil durralar“ (1961), „Sozanda“ (1963) singari hikoya va qissalar toʻplamlari bor. „Arab hikoyalari“, „Iskandariya koʻrfazi“, „Moʻtilal“, „G’urbatdagi odam“, „Chodrali ayol“ hikoya va qissalarida Sharq xalqlari hayotini tasvirlaydi. Mirmuhsinning uch jildlik (1971-1973), toʻrt jildlik (1981-1984) asarlari toʻplami chop etilgan.
Romanlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mirmuhsin roman janrida barakali ijod qilgan. Uning „Chiniqish“ (1964), „Dagrez oʻg’li“ (1973), „Umid“ (1974), „Meʼmor“ (1974), „Chotqol yoʻlbarsi“ (1977), „Ildizlar va yaproqlar“ (1981), „Temur Malik“ (1986), „Ilon oʻchi“ (1995), „Turon malikasi“ (1998) romanlari bir necha bor koʻp tirajlarda chop etilgan. Uning romanlari rus va boshqa tillarga tarjima qilingan. Yozuvchiga „Umid“ va „Meʼmor“ romani katta obroʻ keltirdi. „Me’mor“ romanida hayot oʻta tiniq, xarakterlar mukammal tasvirlangan. Mirmuhsin — romannavisning isteʼdod va izlanishlari shu romanlarda koʻzga aniq tashlanadi.
Mukofotlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofoti laureati (1974),
- Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1981).
Nashr qilingan asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Mirmuhsin. Meʼmor. T.: „Sharq“ — 2001.
- Mirmuhsin. Temur Malik. T.: Adabiyot va sanʼat — 1986.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Normatov U., Abdullayev O. Ijodning qoʻsh qanoti. T.: Adabiyot va sanʼat nashriyoti — 1981.
- Nasriddinov F. Mirmuhsin. T.: Adabiyot va sanʼat nashriyoti — 1962.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |