Kontent qismiga oʻtish

Munis Xorazmiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Shermuhammad Munisdan yoʻnaltirildi)
Munis Xorazmiy
Asl ismi chigʻatoycha: مونس خوارزمی
Tavalludi 1778
Vafoti 1829
Xorazm viloyati
Kasbi shoir, tarixnavis, tarjimon, xattot
Ijod qilgan tillari Oʻzbek tili va Chigʻatoy tili
Ota-onasi

otasi - Amir Avazbiy (yuz urug'idan)

onasi (nayman urug'idan)

Munis Xorazmiy (taxallusi; asl ism-sharifi Shermuhammad Amir Avazbiy oʻgʻli) (1778— Xiva yaqinidagi Qiyot qishlogʻi – 1829) – oʻzbek shoiri, tarixnavisi, tarjimoni, xattoti va maʼrifatparvari[1].

Dastlabki maʼlumotni tugʻilgan qishlogʻida olgan, keyinchalik Xiva madrasalarida oʻqigan. 1800-yilda otasi vafot etgach, Avaz Muhammad Inoq Munis Xorazmiyni saroyning farmonnavis kotibi qilib tayinlagan[2].

Shermuhammad Munis Xiva yaqinidagi Qiyot qishlogʻida Avazbiy mirob oilasida tugʻildi. 1800-yilda otasi va ogʻa-inilari vafot etadi. Xorazmda Avazbiy inoq va uning oʻgʻli Eltuzarxon davrida yashadi, saroyda bosh mirob vazifasini bajardi. Munis „Firdavsul-iqbol“ nomli tarixiy asarini Eltuzarxonning taklifi bilan yozishni boshlaydi. Unda qadimiy tarixdan boshlab 1813-yilgacha boʻlgan voqealarni yozib qoldiradi. Asarni Ogahiy yakunlaydi. Munis 51 yoshida vabo kasalidan vafot etadi.

Munis „Munisul-ushshoq“ („Oshiqlar doʻsti“) nomli devon (1804–1805) tuzadi. Bu devonning turli davrlarda koʻchirilgan, toshbosmalarda bosilgan bir necha nusxalari OʻzFAShI qoʻlyozmalar fondida saqlanadi(inv.¹ 1330, 1793, 7865, 940, 9556, 62, 63, 64, 9177, 10937). Munisning sheʼriy merosi 10000 baytga yaqin. U mumtoz adabiyotning deyarli barcha janrlarida ijod qilgan. Mirxondning „Ravzat us-safo“ asarini oʻzbek tiliga tarjima qiladi. 1804-yilda arab alifbosini oʻrganishga bagʻishlangan „Savodi taʼlim“ nomli sheʼriy manzumani yaratdi. Tarixiy asarlari N.Muravev, N.Veselovskiy, V.Bartold, R.Ivanov, S.Tolstov, Ya. Gʻulomov, Q.Munirov tomonidan, adabiy merosi V.Abdullaev, S.Dolimov, R.Majidiy, N.Jumaev va boshqa olimlar tomonidan oʻrganilgan.

Kelib chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Uning to‘liq ismi Shermuhammad mirob ibn amir Avazbiy ibn Eshimbiy Mirob ibn Hasanquli atoliq ibn Oraz Muhammad bakavul ibn Davlatbiy ibn Keray biy ibn Muhammadjon so‘fi biy yuz bo‘lib, o‘z so‘zlariga qaraganda “It yilidan keyin kelgan qo‘y yilida, Navro‘z kuni, payshanba tongida” olamga kelgan ekan. Munis asarida keltirilgan barcha ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, u hijriy 19 safar (payshanba kuni shu kunga to‘g‘ri keladi) 1192 (milodiy 1778 yilning 19 marti) Xiva yaqinidagi Qiyot qishlog‘ida tug‘ilgan. Munis o‘zbeklarning Yuz urug‘iga mansub ekani uning shajarasidan ma’lum. Uning ajdodlaridan biri Jiyan biy Anushaxon davrida (hijriy 1074-1098 – melodiy 1663-1687) miroblik mansabiga loyiq ko‘rilgan. Keyinchilik uning avlodlari ham shu unvonga sazovor bo‘lgani ma’lum. Hatto Munisning akasi Muhammadniyoz ham otasi Avaz Mirobdan so‘ng (hijriy 1221 - melodiy 1800 yili) miroblik mansabiga ko‘tarilgan. Munisning onasi o‘zbeklarning Nayman urug‘idan bo‘lib, ular Xo‘jaylida yashaganlar[3].

Munis zamonasining mashxur olim, shoir va sanʼatkorlari bilan yaqin aloqada boʻlib, bilimi, salohiyati va kuch-quvvatini sheʼriyatga, ilm-fan va maʼrifatga bagʻishlagan. Munis 1804-yilda birinchi sheʼrlar devoni – „Devoni Munis“ni yaratgan. 1806-yilda Eltuzarxon Munisga Xiva xonligi haqida kitob yozishni topshirgan. Munis oʻz asarini Shergʻozixon davrigacha yozib yetkazganda, Eltuzarxon fojiali halok boʻladi. Munis kitobini davom ettiradi va 1819-yilda Mirxondning „Ravzat ussafo“ („Soflik bogi“) tarixiy asarini turkiy tilga tarjima qilishni boshlaydi. Munis bu asarning 1jildini tarjima qilishga ulguradi. U bu ikki asarni ham tugata olmay vafot etadi. Uning „Firdavs ul-iqbol“ („Baxtlar bogi“) asarini va „Ravzat ussafo“ tarjimasini shogirdi Ogahiy nihoyasiga yetkazadi.

„Baxt bogʻi“ tarixiy asar muallifi. 1800-yildan Xiva xonlari Avaz-inoq, Eltuzar, Muhammad Rahimxon I saroyida saroy solnomachisi va kotibi boʻlib xizmat qilgan.

Xivada kalta minor

„Firdavs ul-iqbol“ asari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Munisning „Firdavs ul-iqbol“ asari uzoq, davrni qamrab olgan boʻlib, Markaziy Osiyo, ayniqsa, Xiva xonligi tarixini oʻrganishda qimmatli manbadir. Asarda Xorazmning qadimiy davri bilan bir qatorda, Xiva xonligining 1825-yilgacha boʻlgan siyosiy tarixi bayon etilgan, toj-taxt, boylik uchun olib borilgan kurashlar va, shuningdek, Xiva xonlarining qoʻshni turkman va qoraqalpoq xalqlari bilan boʻlgan munosabatlari haqida ham koʻplab maʼlumotlar keltirilgan.

Asar muqaddima, 5 bob va xotimadan iborat. 1-bobda Odam Atodan to Nuh paygʻambar avlodigacha boʻlgan haftanomaodisalar yoritilgan. 2-bobda Yofasdan Qoʻngʻirot shoʻʼbasigacha boʻlgan moʻgʻul hukmdorlari davri xususida fikr yuritilgan. 3-bobda Kurlos avlodiga mansub podshoxlar davrida sodir boʻlgan voqealar toʻgʻrisida yozilgan. 4-bobda Eltuzarxonning ota-bobolari xayoti tasvirlangan. 5-bobda Eltuzarxonning tugʻilishidan bu asarning yozilib tamom boʻlishiga qadar boʻlgan voqealar xususida qalam tebratilgan. Xotima esa olimlar, avliyo, amir, bek, shoir, hunarmandlar xaqida maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.

„Arnalar“ risolasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Munis oʻz davridagi sugʻorish inshootlari va yer-suv munosabatlariga doir „Arnalar“ (arna-anhor, kanal) nomli risola ham yozgan. Bu risola 18-asr oxiri va 19-asr boshlaridagi dehqonchilik bilan bogʻliq, ijtimoiy munosabatlarni oʻrganishda ahamiyatli.

„Munis ul-ushshoq“ devoni

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1804-yilda u oʻz asarlaridan devon tuzgan, keyinchalik u toʻldirilib, „Munis ul-ushshoq“ nomini olgan.

1806-yilda Xiva xoni Eltuzar (1804 – 1806) topshirigʻi bilan „Firdavs ul Iqbol“ tarixiy asarini yozishga kirishadi. Asar besh bobdan iborat boʻlib, unda Xivaning umumiy tarixi va tarixi, jumladan, Eltuzar va Muhammad Rahimxonlar (1806 – 1825) hukmronligi davrlari haqida qisqacha maʼlumot berilgan.

Munis oʻrta asr musulmon tarixshunosligi anʼanalariga amal qilgan holda oʻz tarixini „Odam Atodan“ boshlaydi, soʻngra Muhammad paygʻambar va uning bevosita vorislari – xalifalar tarixiga oʻtadi. Ikkinchi bob afsonaviy Yafet va uning oʻgʻli Turkdan boshlab, Chingizxon va uning merosxoʻrlari davrigacha boʻlgan davrga qadar turk-moʻgʻullar tarixiga bagʻishlangan. Ammo shuni taʼkidlash kerakki, Munis asarining ushbu kompilyatsiya qismining ulushi juda kichik. Munis odatda Abulgʻoziyga ergashadi, baʼzan uni oʻzgartiradi yoki toʻldiradi. 18-asr, ayniqsa ikkinchi yarmi voqealari juda batafsil, koʻpincha yillar boʻyicha taqdim etilgan. Shundan xulosa qilishimiz mumkinki, muallif voqealarning bir qator zamondoshlarining batafsil soʻrovlari asosida yozgan. Xususan, 18-asrning ikkinchi yarmidagi voqealarda yaqindan ishtirok etgan otasi haqida yozgan. Voqealar bayoni 1812-yilga yetgach, muallif xondan Mirxond Rauzat-us-safoning mashhur tarixiy asarini fors tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilishni boshlash toʻgʻrisida buyruq oladi va buning natijasida Xiva tarixini jamlash toʻxtatilishiga toʻgʻri keladi. Mirxond asarining birinchi jildi tarjimasini tugatib, ikkinchisi ustida ish olib borgan Munis vafot etadi. U buyuk Xorazm tarixchisi edi.

Munisning asosiy adabiy merosi – 1815—1820-yillarda tuzilgan „Munis ul-ushshoq“ („Oshiklar doʻsti“) devoni gʻazal, muhammas, qasida, ruboiy, qitʼa va boshqa janrlardan iborat boʻlib, 20000 dan ziyod misrani oʻz ichiga olgan. U xattotlar tomonidan qayta-qayta koʻchirilib, 1880-yilda Xiva toshbosmasida nashr etilgan.

Munis Navoiyning „Mezon ul-avzon“, „Holoti Sayyid Hasan Ardasher“ asarlarini kitobat qilgan (1794, 1797). Ayniqsa, „Mezon ul-avzon“ni oldingi ayrim xattotlar yoʻl qoʻygan xatolarni tuzatib, savodli koʻchirgan. Bu uning aruz ilmining xos bilimdoni ekanligidan ham dalolat beradi.

Munisning savod chiqarishni yengillatish va xusnixat sanʼatini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan „Savodi taʼlim“ (1804) sheʼriy risolasi ham bor. Devonlarining bir necha qoʻlyozma nusxalari Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Sharq-shunoslik instituti Sharq qoʻlyozma asarlari fondida saqlanadi.

Munis 1829-yilda vafot etgan va Xivada dafn etilgan.

  1. „Shermuhammad Munis Hayoti va Ijodi“. Qaraldi: 2023-yil 25-oktyabr.
  2. Materiali po istorii turkmen i Turkmenii. – T. 2. – M.; L., 1938. – S. 23.
  3. Ogahiy va Munis asarlari, 2-jild 1-kitob, 2019. 
  • Yunusov M., Munis Xorazmiy, T.. 1953;
  • Karimov Gʻ., Oʻzbek adabiyoti tarixi, 3kitob, T., 1966;
  • Maʼnaviyat yulduzlari, T., 2001.
  • R.Majidiy. Munis Xorazmiy. Jurnal „Guliston“ 1935, № 3;
  • V.Zohidov. Oʻzbek adabiyoti tarixidan. – T.: 1961;
  • N.Jumaev. Munis gʻazaliyoti. -T.: 1991.
  • Nusratullo Jumayev.
  • Munis. Tanlangan asarlar. -T.: 1957;
  • Munis. Saylanma. -T.: 1980.