Shirbudun saroyi
Shirbudun saroyi | |
---|---|
Shirbudun saroyining dastlabki Prokudin Gorskiy tomonidan olingan rangli suratlari. 1911-yil. | |
Muqobil nomlari |
Shirbudun saroyi Shirbudun chorbogʻi |
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | tarixiy obida |
Turi | saroy |
Manzili | Shirbudun mahalla fuqarolar yigʻini |
Shahar | Buxoro |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Qurilishi boshlangan | 1870-yil |
Buzilgan sana | taxm. 1930-yildan buzilish boshlangan |
Texnik holati | |
Material | pishgan gʻisht, yogʻoch, ganch |
Qavatlar soni | 2 |
Dizayn va konstruksiya | |
Meʼmor | Ibrohim Hafizov |
Quruvchi | Rahim Hayotov, Abdurasul |
Shirbudun saroyi Vikiomborda |
Shirbudun saroyi — Buxoro amirlarining siyosiy qarorgohlaridan biri. Saroy Buxoro amirligida hukmronlik qilgan Amir Muzaffarxon (1860–1885) va Amir Abdulahadxon (1885–1910) davrlarida qurib bitkazilgan[1][2].
1870-yillarda Shirbudun atrofida durezgar Abdurasul, ganchkor (gilkor) usta Rahim Hayotov va boshqa ustalar ishtirokida saroy, masjid, hovuz, tomoshagoh kabi binolar qurilgan. Bino tashqi koʻrinishida Eron va Yevropa arxitekturasi belgilarini mujassamlashtirgan[1]. Saroydan, asosan, elchilarni kutib olish, yarmarkalar va turli xil sayllar oʻtkazilishida foydalanib kelingan.
Shirbudun saroyi Yevropa dizayniga xos mebellar hamda qandillari bilan ajralib turgan. Buxoro amiri Amir Abdulahadxon hukmronlik qilgan davrda majmua uchun qoʻshimcha xonalar va koʻngilochar zal qurilgan[2]. Saroy bugungi kunga qadar saqlanib qolmagan.
Etimologiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shirbudun soʻzi Sherbudin, Shirbadan tarzida talaffuz qilinib, bu soʻzlar maʼno jihatdan bir-biridan keskin farq qiladi. Shirbadan soʻzi fors tilida Shir — sut, badan — tana degan maʼnoni bildiradi. Shirbudun soʻzi esa shir xalqi yoki elati maʼnolarini anglatadi. Shir, chir, sir kabi nomlar qadimgi turkiy xalqlardan birining nomlanishi boʻlib, bu Sir budun, yaʼni „sir qavmi“, „sir xalqi“ maʼnolarida keladi[3].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shirbudun saroyi Buxoro amirligida hukmronlik qilgan Amir Muzaffarxon (1860–1885) va Amir Abdulahadxon (1885–1910) davrida qurilgan. 1870-yillarida Shirbudunda ganchkor (gilkor) usta Rahim Hayotov, durezgar Abdurasul va boshqalar ishtirokida saroy, masjid, tomoshagoh kabi binolar qurilgan[1]. Saroy taxminan Buxoro registonidan 3 verst yoki 4 km uzoqlikda joylashgan boʻlib[1], u Yangi Buxoro yoʻlida baland devor bilan oʻrab olingan[4]. Amir Muzaffarxon saroyda nufuzli mehmonlar va elchilarni kutib olishdan tashqari toʻylar, xalq sayllari, turli tadbirlar oʻtkazib kelgan. Sayllarda 500 tagacha chodirlar qurilib, unda turli yarmarkalar oʻtkazilgan[5]. Tarjimon gazetasida keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, 1897-yil 9–15-mart kunlari saroy bogʻida bayram tashkil etilib, u turli tomosha va oʻyinlar bilan birga kechgan[6].
Buxoro amirligi saroyi tarixchisi Mirza Abdulazim Somiy „Mangʻit sultonlari tarixi yoki Buxoro xonligining inqirozi“ asarida shunday yozadi:
Qudratli amir (Buxoro amiri Amir Abdulahadxon) hijriy 1303-yilda (1885–1886) oʻz shuhratli otasining oʻrniga Buxoro amirligi taxtiga oʻltirib, ajdodlariga oʻxshab azamatlik va hukmronlik gilamida hamda mana oʻn yilga yaqin, hukmronlik qilmoqda. U vaqtining koʻp qismini Buxoroda, arkda, Shirbudin va Sitorai Mohi Xossa chorbogʻlarida oʻtkazadi[7].
Muhamad Ali Baljuvoniy „Tarixi Nofeyi“ asarida Buxoro amirligi hukmdorlari saroy va chorbogʻlari haqida:
Hukmdorlar saroyda dam olish uchun aʼyonlari bilan birga kelgan. Qarshi, Shahrisabz, va Buxoro tumanlarda ham xos joylar bisyordir. Har xil chorbogʻlar yasatilgan va qasrlar boshqa joylarda ham bor[8].
Sadriddin Ayniy oʻzining „Esdaliklar“ida Shirbudun saroyi va chorbogʻi toʻgʻrisida shunday yozgan:
Shirbadandagi asosiy saylgoh amir chorbogʻi oldidan oʻtadigan katta yoʻlning ikki tomonida joylashgandi. Shahardan borayotganda chap tarafda atrofi devor olingan maydon bor edi, uni chil tanobi deyishardi, uning katta darvozasi bor. Bu oʻrab olingan maydonda jome masjidi, chavki (bazm maydonlari) va tomoshaxonalar joylashgandi, maydonning bundan boʻlak joylarini qassoblar va oshxonalar egallagan. Bu maydonning oxiridan darvoza orqali katta yoʻlga chiqilardi, bu yerning janub tarafida amir bogʻining darvozaxona yoʻli va bogʻ darvozasi tomonda ayvon boʻlardi, mazkur yerni xalq ahli tomosha qilardi[9].
Shirbudun saroyiga Yevropadan mebellar, qandillar va boshqa jihozlar keltirilgan. Amir Muzaffarxondan keyingi hukmdor Amir Abdulahadxon davrida saroyni qurish bilan bogʻliq faoliyat davom ettirilgan. Buxoro amiri Amir Abdulahadxon davrida majmuada bir nechta saroy xonalari va koʻngilochar zal qurilgan[2].
Majmua 1920–1924-yillarda Buxoro Xalq Sovet Respublikasining Ziroat nozirligi ixtiyoriga oʻtkazilgan[10][11]. Shirbudun saroyi va bino oʻrni bugungi kunga qadar saqlanib qolmagan. Saroy hududida bogʻ yangidan barpo etilgan va 1960-yillarda bogʻ hududida Buxoro viloyati suv xoʻjaligi binosi qurilgan. SSSR qulab Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng, bogʻdagi ushbu bino mahalla fuqarolar yigʻiniga topshirilgan[11].
Meʼmorchiligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shirbudun saroyi devorlari balandligi 10 metr boʻlib, u aylana shaklidagi paxsa devor bilan oʻrab olingan. U boshqa saroylar singari, tekis tomlar, atirgul butalari, mevali daraxtlar, ajoyib bogʻlardan tarkib topgan. Majmua binolarining bir qismi yogʻoch, bir qismi esa gʻisht bilan qurilgan[4].
Shirbudun saroyi bir qancha kichik arab-fors uslubida bezatilgan xonalardan iborat boʻlgan. Baʼzi xonalar devoriy suratlar bilan bezatilgan. Saroy xonalarida medalyonlar ichidagi naqqoshlik namunalari sharq uslubida bezatilgan. Shuningdek, oynali xona ham mavjud boʻlib, uning balandligi 4 arsh, devorlari esa hoshiyasiz oynalar bilan oʻralgan. Xonaga fransuz gilami toʻshalgan va shiftida fransuz bronzasidan ishlangan qandil osilgan. Saroy xonasi oʻrtasidagi gumbaz arab uslubidagi naqshlar bilan bezatilgan va oltin suvi yuritilgan[12].
Saroyda bir nechta hovlichalar markazida oq marmardan favvorali hovuzlar boʻlgan[13]. Qarorgohda amirning elchilarni kutib olishi uchun qabulxonasi boʻlib, turli nashqlar bilan bezatilgan va jihozlangan, xona balkoni esa yogʻoch ustunlar bilan oʻralgan. Qabulxonaning toʻrida amir taxti joylashgan boʻlib, bu taxt Rossiya imperatori tomonidan sovgʻa qilingan. Barcha xonalarga qimmatbaho gilamlar toʻshalgan[4].
Shirbudun saroyi turli xil bezaklar, xususan, yogʻochdan yasalgan ustunlar, verandalar va chiroyli balkonchalar bilan bezatilgan. Saroyda, shuningdek, haram, hovuz, hammomlar, keng gumbazli xonalar, favvoralar va ichki hovli atrofida bogʻlar boʻlgan[4].
Galereya
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 Ремпель 1981, s. 151.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 Шубинский 1892, s. 118.
- ↑ Sayfullayeva 2010, s. 9.
- ↑ 4,0 4,1 4,2 4,3 Ole 1911, s. 558.
- ↑ Ремпель 1981, s. 63.
- ↑ Абдирашидов 2011, s. 233.
- ↑ Мирза Абдулазим Сомий 1990, s. 146.
- ↑ Муҳаммад Али Балжувоний 2001, s. 36.
- ↑ Aйний 1966, s. 201.
- ↑ Бухоро ахбори 1923, s. 7.
- ↑ 11,0 11,1 Baqoyev 2021, s. 79.
- ↑ Дмитрiева-Кавказскoго 1894, s. 93.
- ↑ Дмитрiева-Кавказскoго 1894, s. 94.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ilmiy adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ремпель Л.И. Далёкое и близкое. Tашкент: Издательсва литературы и искусства имене Гафура Гуляма, 1981 — 304-bet.
- Sayfullayeva R, Mengliyev. Hozirgi oʻzbek adabiy tili. Toshkent: Fan va texnologiyalar, 2010 — 200-bet.
- Абдирашидов З. Аннотированная библиография Туркестанских материалов в газете Таржуман, Токио, 2011 — 232-bet.
Tarixiy manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Мирза Салимбек. Тарих-и Салими (Источник по истории Бухарского эмирата). Перевод с персидского Н. К. Норкулова. Ташкент: Академия, 2009 — 330-bet.
- Муҳаммад Али Балжувоний. Тарихи нофеий. Тожик тилидан таржима, сўз боши ва изоҳлар муаллифлари Ш. Воҳидов, З. Чориев.. Тошкент: Академия, 2001 — 122-bet.
Esdaliklar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Дмитрiева-Кавказскoго Л.Э. По Cредней Азии Записки Художника. C-Петербургъ: Издание А.Ф. Деврiена, 1894 — 116-bet.
- Е.Маркова. Россiя въ Средней Азiи; Очерки путешествiя по Закавказью, Туркменiи, Бухарҍ, Самаркандской, Ташкенской и Ферганской областямъ, Каспiйскому морю и Волгҍ, C-Петербургъ, 1901 — 531-bet.
- Ole Olufsen. The Emir of Bokhara and his country ; Journeys and studies in Bokhara (With a chapter on my voyage on the Amu darya to Khiva). Gyldendalske Boghanel, Nordisk Forlag Copenhagen London: William Heinemann, 1911 — 599-bet.
- K. Baedeker. Russia with Teheran, Port Arthur, and Peking; Handbook for travelers. C-Петербургь: London, 1914 — 810-bet.
- Aйний С. Асарлар саккиз томлик VII том „Эсдаликлар“ IV кисм. Тожик тилидан Абдулла Хакимов таржимаси. Tошкент: Бадиий адабиёт нашриёти, 1966 — 240-bet.
Ilmiy maqolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Шубинский П.П. Очерки Бухарҍ // Историчискiй вҍстникъ. Томъ L. — C-Петербургъ: Типографiя А.С.Суворина.
- Ширбудун саройи зироат назоратига // Бухоро ахбори. — Бухоро.
- Мирза Абдулазим Сомий. Манғит султонлари тарихи ёки Бухоро хонлигининг инкирози. Форс-тожик тилидан Илхом Султонов таржимаси; Шарк юлдузи журнали. — Тошкент.
- Baqoyev U. Buxoro amirining Shirbudun saroyi. „Imom Buxoriy saboqlari jurnali“. — Toshkent.