Sidqiy Hondayliqiy
Sidqiy Hondayliqiy (1884–1934) — 1884-yilda tugʻilgan. 1903-yilda oʻqishni davom ettirish niyatida Toshkentga keladi. Ayni paytda sheʼr mashq qila boshlaydi. Tarjima bilan shugʻullanadi. Sidqiyning ilk sheʼrlari ishqiy sheʼrlar edi. Shoir „Shavkat“ taxallusi bilan ikki toʻplam („Tuxfai Shavkat“, T., 1913; „Savgʻoti Shavkat“, T., 1914) nashr ettirdi. Bir qator sheʼrlariga „Shevan“ („nola“, „figʻon“) taxallusini qoʻydi. Lekin soʻngroq barcha asarlarini Sidqiy taxallusi bilan chop etdi. Hatto eski gʻazallarini ham tahrir qilib, „Sidqiy“ga oʻzgartirgan, devoninini nomini „Devoni Sidqiy“ atagan edi. Sidqiy 1934-yili vafot etdi.
Sidqiy serqirra, sermahsul ijodkor. Arab, fors tillarini yaxshi bilgan shoir tarjima bilan ham jiddiy shugʻullangan („Ming bir kecha“, Saʼdiy Sheroziyning „Boʻston“i).
Shoir poetik merosining salmoqli qismini hajviyot va ijtimoiy siyosiy sheʼrlar tashkil qiladi. Hajviy asarlarining aksariyati voqeiy va deyarli hammasi poraxoʻr qozilar, taʼmagir, tovlamachi amaldorlar, riyokor ruxoniylar haqida, ijtimoiy siyosiy sheʼrlari esa davrning muhim voqealariga bagʻishlangan. („Muxoraba“, „Rabo(t)chilar namoyishi“, „Rabo(t)chilar kelishi“, „Toza hurriyat“ kitobi).
Sidqiy nasriy asarlar ham yozdi. „Tazkirai Imomi Aʼzam“, „Sad irshodi mulla Sidqiy Xondayliqiy“, „Mezoni shariat“, „Zarbumasali Sidqiy“ anʼanaviy nasrda yozilgan. Shuningdek, u „Hikoyai latifa“, „Bahrom va malikai Gulandom“, „Karimo tarjimasi“, „Ming bir kecha“, „Ajoyib ul-maxluqot“, „Oʻgʻri va qozi“ kabi bir qator nasriy asarlarni tarjima qildi.
Mumtoz adabiyotimizda tarjimai hol harakteridagi asarlar yozish anʼanasi qadimdan maʼlum. Sidqiy ham shu janrda qalam tebratib, 1924-yili „Holoti Sidqiy“ni yozdi va uni „Iktisob“ asariga yetti bet hajmda ilova qildi.
Nashr qilingan asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Sidqiy Xondayliqiy. Navbahor. Gʻazallar, doston, hikoyalar, qaydlar. T., 1984.
- Sidqiy Xondayliqiy. Tanlangan asarlar (matn, soʻzboshi, lugʻat), 2-jild. T.: Maʼnaviyat, 1998.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Qosimov B. Sidqiy Xondayliqiy. -Navbahor. 192—232-betlar.
- Jalolov A. Inqilobiy davr oʻzbek adabiyoti va Shavkat ijodi. T.: Fan, 1987.