Kontent qismiga oʻtish

Sigirquyruqdoshlar

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Sigirquyruqdoshlar (Scrophulariaceae) — ikki urugʻpallalilar sinfiga mansub oʻsimliklar oilasi. Koʻpchiligi oʻt va yarimbuta, ayrimlari buta va daraxt (daraxtsimon turlari tropik va subtropik rayonlarda uchraydi). Toʻpguli shingilsimon, roʻvaksimon. Gullari har xil, changchilari 2— 5 ta, urugʻchisi bitta. Tugunchasi ikki uyali. Koʻpchiligining mevasi koʻsakcha. 5000 dan ortiq turi (300 ta turkumi) bor. Aksariyati oʻrta mintaqalarda tarqalgan. Oʻzbekistonda 25 turkumga mansub 226 turi bor. Baʼzilari ekinlar orasida begona oʻt sifatida usadi. Koʻpchiligi zaharli boʻlgani uchun mollar yemaydi. Angishvonagul, sigirquyruq va boshqa tibbiyotda ishlatiladi. Ajdargul, itbinafsha manzarali oʻsimlik sifatida oʻstiriladi. Oʻzbekistonning adir va togʻ yon bagʻirlarida tarqalgan sigirquyruqning boʻyi 60—150 sm, barglari bandsiz, mevasi va poyasi tuk bilan qoplangan, sariq shingilsimon toʻpgulli, mevasi koʻsakcha. Iyundan sentyabrgacha gullaydi. Sigirquyruqni mol yemaydi. Tarkibida saponin va S vitamini bor. Bargidan tayyorlangan qaynatma xalq tabobatida jarohatni davolashda ishlatiladi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil