Sinan posho masjidi (Damashq)
Masjid | |
Kirish qismi | |
Mamlakat | Suriya |
Shahar | Damashq |
Gumbazlar soni | 8 |
Gumbazlar soni | 8 |
Minoralar soni | 1 |
Minoralar soni | 1 |
Qurilish materiallari | Tosh, marmar, kafel |
Sinan posho masjidi (arabcha: جَامِع السِّنَانِيَّة , transliteratsiyasi: Jāmiʼ as-Sinānīyah, turkcha: Sinan Paşa Camii) Suriyaning Damashq shahridagi ilk Usmonli davriga mansub masjid boʻlib, Suq Sinaniya koʻchasida joylashgan[1].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Masjid 1589-yildan 1593-yilgacha Usmonlilar tomonidan Damashq hokimi etib tayinlangan Sinan Posho tomonidan 1590-yilda bunyod etilgan. U devor bilan oʻralgan shaharning janubi-gʻarbiy qismida Bazal masjidi deb nomlangan eski masjid oʻrnida joylashtirilgan. Sinan Posho, shuningdek, Qohira hokimi va sultonning bosh vaziri boʻlib xizmat qilgan va Usmonlilarning Yamanni bosib olish hujumi vaqtidagi harakatlari bilan ham mashhur[1].
Arxitekturasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sinan posho masjidi oq va qora toshning navbatma-navbat qoʻyilishi orali qurilgan. Masjiddan tashqari bu hududda madrasa, tahorat olish uchun suv favvorasi ham mavjud[2].
Gʻarbiy masjid peshtoqining arkli kirish eshigi ikki tomoni kvadrat mozaik panellari, arab yozuvlari boʻlgan marmar panellar va ustida gul naqshlari tasvirlangan sirlangan koshin panellari bilan qoplangan. Doira shaklidagi yashil sirlangan gʻishtli minora peshtoqning janubiy ustunidan yuqoriga koʻtarilib boradi, u qora va oq toshdan yasalgan dumaloq tosh asosda joylashtirilgan. Uning bitta balkoni uch qator muqarnaslar bilan mustahkamlangan va yogʻoch karniz ostidagi oʻymakor tosh panjara bilan himoyalangan. Minora uchli konussimon toj bilan yakunlangan[1].
Ichki qismi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Masjid hovlining janubiy tomonida joylashgan katta gumbaz bilan qoplangan namozxonadan iborat boʻlib, ikki zinapoya orqali koʻtarilgan ayvon yordamida ichkariga kiriladi. Bino tomi marmar ustunlar ustiga oʻrnatilgan yettita kichik gumbaz bilan qoplangan. Markaziy qismning ustunlari spiral shaklga ega. Arkali kirish yoʻlagi marmar mozaik panellar va portiko fasadining ikki qatorlik derazasi bilan oʻralgan, shuningdek, ikkita yon kirish eshigi tepasidagi timpanda Damashq plitkalari tasvirlangan arkalar joylashtirilgan[1].
Kirish eshigining oʻng tomonidagi mehrob yarim gumbaz bilan qoplangan boʻlib, u marmar kolonetlar yordamida mustahkamlangan. Portikoning butun sathi sariq, oq va kulrang toshlarning oʻzgaruvchan chiziqlari bilan ajralib turadi. Mehrob janubiy devorda, kirish eshigiga qaragan holatda joylashtirilgan. Uning joylashgan qismi tosh mozaika bilan qoplangan va yarim gumbazi qora va oq toshlardan iborat murakkab zigzag qatlamlarini oʻzida namoyish etadi. Uning koshin va toshdan yasalgan ramkasi tepasida Qur’on yozuvi bitilgan. Ansamblning yuqorisida ikkita oynakli deraza va vitrajdan yasalgan rozet joylashtirilgan. Mehrobning chap tomonidagi minbar marmardan oʻyib ishlangan, u gulli naqshlar va yozuvlar bilan bezatilgan boʻlib, tomi konussimon gumbaz bilan qoplangan[1].
Hovlisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Namozxona oldida hovli boʻlib, gʻarbiy devordagi baland muqarnas peshtoqi orqali bu yerga kirilgan. Bir vaqtlar uning yon tomonida hammom, novvoyxona va doʻkonlar joylashgan. Hovliga ham Suq as-Sakkaniya koʻchasining shimoliy tomonidan kirilgan. Hovli taxminan toʻrtburchak shaklda boʻlib, markazida sakkiz burchakli tahorat havzasi bor. Uning yeri geometrik tartibda joylashtirilgan rangli toshlar bilan qoplangan[1].
Hovlining shimoli-gʻarbiy burchagida ikki qavatli ayvon joylashgan boʻlib, uning koʻchaga qaragan ikkita oynakli derazasi bor. Hovlining shimoliy devorida Suq as-Sukkariyaga olib boruvchi ark yoʻli va uning oʻng tomonida suv favvorasi oldida yonboshlab turgan baland panno bor. Favvora oʻyilgan marmar panellar va sirlangan koshinlar bilan bezatilgan oynakli tokcha shaklida boʻlib, ark ustidagi yozuvga koʻra, u 1893-yilda taʼmirlangan. Hovlining gʻarbiy va janubiy tomonlarini oʻyib ishlangan tosh asosga oʻrnatilgan yogʻoch soyabonlar mavjud. Hovlining sharqiy va shimoliy devorlarining tepasi qirrali parapet bilan qoplangan[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 „Jami' al-Sinaniyya, Damascus, Syria“. Archnet Digital Library. Qaraldi: 2007-yil 20-mart.
- ↑ Al Snanieh Mosque (Wayback Machine saytida 2016-03-03 sanasida arxivlangan) Ministry of Tourism – Syria.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Mannheim, Ivan. Syria & Lebanon Handbook: The Travel Guide. Footprint Travel Guides, 2001.