Kontent qismiga oʻtish

Sindor Babanov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sindor Babanov
Tavalludi 1908-yil
Siyob volosti, Samarqand
Vafoti 1938-yil
Toshkent
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Faoliyat yillari 1921—1937

Sindor Babanov (1908-yil, Mitan tumani, Samarqand – 1938-yil, Toshkent) – kolxoz raisi. Stalin davri qatagʻoni qurboni boʻlgan.

Sindor Babanov 1908-yilda Samarqand viloyatidagi Mitan tumani Qulota qishlogʻida tugʻilgan. Oilasi kambagʻal boʻlib, dehqonchilik bilan shugʻullangan. Millati – oʻzbek. Otasi 1929-yilda kolxozga aʼzo boʻlgan. Sindor Babanov 1932-yilning 14-avgustida OʻzSSR kommunistik partiyasi aʼzoligiga qabul qilingan.

Sindor Babanov mehnat faoliyatini 1921-yildan boshlagan. 1921-yildan 1928-yilga qadar Qoradaryo tumanida joylashgan xususiy xoʻjaliklarda oddiy ishchi sifatida ishlagan. Baʼzi vaqtlarda choʻponlik qilgan. 1928-yildan 1930-yilgacha Mitan tumanidagi Fayzulla Xoʻjayev kolxozida oddiy ishchi vazifasida mehnat qilgan. 1930-yilga kelib Mitan tumanida joylashgan kolxozchi yoshlar maktabiga oʻqishga kirgan. Tahsilni 1932-yilda tamomlaydi. 1932—1933-yillarda ketmonchi, kolxozchi, 1933—1934-yillarda Samarqand shahrida joylashgan sovet va partiya maktabida taʼlim olgan[1].

1934-yildan 1935-yilgacha Fayzulla Xoʻjayev nomidagi kolxozga rais boʻlgan. 1935—1936-yillarda Toshkent shahridagi OʻzKompartiya Komiteti propagandistlar tayyorlash kursida oʻqigan[2].

Oʻqishni tamomlagandan keyin 1936-yilning iyulidan boshlab 1937-yilning fevral oyiga qadar Mitan tumani partiya komitetida propagandist boʻlib ishlaydi. 1937-yildan Mitan tumani xalq maorifi boʻlimi inspektori vazifasida faoliyat yuritadi. Qamoqqa olingan paytda yashash manzili sifatida Mitan tumani Zarband qishloq sovetida joylashgan Fayzulla Xoʻjayev kolxozi koʻrsatilgan.

1938-yilning 8-oktyabrda SSSR Oliy Sudi Harbiy kollegiyasining sud majlisida oʻlimga hukm qilinadi. Hukm ijrosi oʻsha kuni taʼminlanib, otib tashlanadi.

Kommunistik partiyaning XX syezdidan soʻng realibitatsiya qilingan.

  1. Rustambek Shamsutdinov. Коллективлаштириш ва “катта террор” даврида қатагон қилинган ватандошларимизнинг xoтиpa китоби. Тошкент: Янги аср авлоди, 2015 йил — 337-bet. ISBN 978-9943-27-589-9. 
  2. Rustambek Shamsutdinov. Oʻzbekistonda sovetlarning qatagʻon siyosati va uning oqibatlari (1-kitob). Sharq Toshkent 2012 — 237-bet. ISBN 978-9943-00-481-8.