Skiniya
Skiniya — xudoning koʻchma ibodatxonasi. Yahudiylar xudoning irodasiga binoan Misrdan chiqqanlaridan so‘ng sahroda yurganlarida o‘zlari uchun skiniya barpo etishgan. Bibliyada skiniya atamasi maʼnosini anglatish uchun mishkan (turar joy), mishkan Yaxve (Yaxvening makoni), mishkan xa edut (shahodat manzilgohi), oxel (chodir), oxel moed (to‘planish chodiri), mishkan oxel moed (to‘planish manzilgohi), mikdash (ibodatxona) va xa kodesh (muqaddas joy) kabi atamalar ishlatilgan. Skiniya va uning zarur anjomlari, ruhoniylarning liboslari xalq tomonidan ixtiyoriy ravishda hadya etilgan oltin, kumush, mis, qimmatbaho toshlar, akatsiya daraxti yog‘ochi, matolar, teri kabi turli materiallardan ishlangan. Eng muqaddas anjomlar qimmatbaho materiallardan yasalgan. Skiniya to‘g‘ri burchak shaklga ega inshoot bo‘lib, teri va yog‘ochdan yasalgan chodir bo‘lgan. Skiniyaning ichi teng bo‘lmagan ikki bo‘lmaga ajratilgan. Skiniya to‘rida joylashgan kichikroq bo‘lma kadesh xa kodashim (muqaddaslarning muqaddasi) deb nomlangan. Skiniya atrofidagi 50x25 metr toʻgʻri burchakli maydon barpo etilgan, ushbu maydon tashqi olamdan pardalar vositasida toʻsilgan. Skiniyada saqlanadigan eng muqaddas predmet Axd qutisi bo‘lib, u „Muqaddaslarning muqaddasi“ deb nomlangan bo‘lmaga joylashtirilgan. Skiniyaning ikkinchi bo‘lmasida esa yetti ustunli tilla shamdon — menora va mehrob saqlangan. Bibliya taʼlimotiga ko‘ra, skiniya va uning anjomlari Besalel nomli usta tomonidan yasalgan. Unga Oxoliav nomli va boshqa mohir ustalar yordamlashishgan. Ruhoniylarning liboslarini ham ular tayyorlashgan. Skiniya yahudiylar Misrdan chiqqanlaridan keyingi ikkinchi yilning ikkinchi oyida qurib bitkazilgan. Skiniya ilk qurilgan davrdan boshlab yahudiylar hayotida muhim o‘rin tutib kelgan. Bibliyaga koʻra, skiniyaning vazifalarini uch qismga bo‘lish mumkin: 1) Skiniya Xudoning yahudiylar orasidagi manzilgohi va uning timsoli sifatida eʼtirof etiladi; 2) Skiniya kundalik ibodatlar va qurbonliklar amalga oshiriladigan diniy markaz sifatida ko‘riladi; 3) Skiniya Xudo o‘zining mavjudligini kuzatadigan va Muso bilan gaplashadigan joy deb eʼtirof etiladi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 348.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |