Kontent qismiga oʻtish

Skolopendrasimonlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Skolopendrasimonlar, katta qirqoyoqsimonlar (Scolopendgomofha) — eng yirik koʻp oyoqlilar turkumi. Uzunligi 10—25 sm gacha, tanasi 21—23 ta bir xil tuzilgan boʻgʻimlardan iborat. 900 ga yaqin turi, asosan, tropik, subtropik oʻlkalarda tarqalgan. Kunduzi tosh va yogʻochlar ostiga va yoriklarga kirib oladi; tunda ov qiladi. Yirtqich; har xil hasharotlar bilan oziqlanadi. Janubiy Amerika va Yamayka o.da tarqalgan gigant skolopendra mayda umurtqalilar (qurbaqalar, kaltakesaklar, qushlar)ga ham hujum qiladi. S.ning erkagi koʻpayish davrida yer osti yoʻllariga halqa toʻr tortib, unga urugʻ hujayralari toʻldirilgan xaltasi (spermatofor)ni qoʻyib ketadi. Urgʻochi S. urugʻ xaltani olib, oʻzining jinsiy bezi yoʻliga kiritadi. Oʻrta Osiyoda tarqalgan halqali qirqoyoq partenogenez koʻpayadi. S. qoʻygan tuxumlarini kalavaga oʻxshab oʻrab olib, yirtqichlardan himoya qiladi. Yirik S, jumladan, halqali qirqoyoq zaharli. S. chaqqan joy shishib ketadi, lekin shish 1—2 kundan soʻng qaytadi. Gigant skolopendra zahari odam uchun ayniqsa xavfli. Janubiy hududlarda tarqalgan choʻl soʻqir qirqoyogʻi doim tuproq ichida yashaydi; koʻzlari boʻlmaydi. S. zararkunanda hasharotlar va kanalarni qirib, foyda keltiradi.