Kontent qismiga oʻtish

Soʻqoq qishlogʻi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Soʻqoq — Parkent tumanidagi qishloqlardan biri. Soʻqoq fuqarolar yigʻini shu nomli qishloq va shirkat xoʻjaligi hududlarida tashkil topgan. Yer maydoni - 6826 gektar.

Aholi soni 9064 kishi boʻlib (2006-yil hisobiga koʻra), asosan, oʻzbeklar. Aholi zichligi - 133,3 kishi/km². Qishloqda 4 ta maktab, kutubxona, klub, qishloq davolash punkti, poliklinika, maishiy xizmat koʻrsatish uyi, aloqa boʻlimi, avtomat telefon stansiyasi mavjud.

Mahalliy oqsoqollarning fikriga koʻra „Soʻqoq“ soʻzi turkiycha — „yolgʻiz oyoq yoʻli“, arab tilida esa — „kiyik yoʻli“ ma'nosini bildiradi. Baʼzilar qishloq nomini uning shifobaxsh suvlari bilan bogʻliq deyishadi. Bu yerda arxeologik yodgorlik hisoblangan qoʻrgʻonlar va qabristonlar mavjud. Mazkur qoʻrgʻonlarda arxeologik qazilmalar olib borish xalqimiz oʻtmishiga koʻpgina oydinliklar kiritishi mumkin.

Soʻqoq qishlogʻi Parkentdan 18 km janubi-sharqda, Chotqol togʻ tizmalarining gʻarbiy etaklarida, So`qoqsoy daryosining sohillarida joylashgan. Yer sathi notekis, dengiz yuzasiga nisbatan 940-1360 metr oraligʻida oʻzgaradi. Qishloqdagi mavjud zilol buloqlar markazlashtirilgan ichimlik suvi tarmogʻini va Soʻqoqsoyni suv bilan taminlab turadi. Ba'zi buloqlarning suv sarfi 10 l/sek ga yetadi. Soʻqoq dam olish maskani ob-havosi, tabiiy joylashishi, shifobaxsh buloq suvlari bilan mamlakatimiz va uning tashqarisida dong taratgan. Qishloqning toqqa tutashgan qismida togʻ meliorativ tajriba stansiyasi, meteostansiyasi hamda „Parkent“ togʻ-oʻrmonchilik xoʻjaligi ish olib boradi.

[1]

  1. Parkent tumani, Ilmiy-ommabop nashr (o`zbekcha), Toshkent: "O`qituvchi" nashriyoti, 2006-yil — 80-81-bet-bet. ISBN 5-645-04605-6.