Sohib Nazarboyev
Sohib Nazarboyev | |
---|---|
Tavalludi |
1882-yil |
Vafoti | 1952-yil 8-avgust |
Fuqaroligi | SSSR |
Kasbi | Oʻqituvchi |
Faoliyat yillari | 1900-1951 |
Otasi | Mexlison |
Onasi | Sorabibi Hayitboyeva |
Sohib Nazarboyev (1882-yil, Andijon — 1952-yil 8-avgust) — oʻqituvchi, kotib. Bir qancha davlat idoralarida hisobchi vazifasida, maorif sohalarida ishlagan. Andijondagi „Milliy Ittihod“ aksilinqilobiy tashkilotining aʼzosi sifatida qamoqqa olingan.
Yoshligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sohib Nazarboyev 1882-yilda tugʻilgan. Otasining ismi Mexlison, millati esa nemis boʻlgan. Mexlison podsho chinovniklaridan boʻlib, Andijon viloyatida yer oʻlchovchi vazifasida ishlagan. Mexlison eʼtiqodi bilan bogʻliq muammolar tufayli Andijondan Peterburgga chaqirib olinadi, qaytishiga esa ruxsat berilmaydi. Xotini Sorabibi Hayitboyeva farzandi Sohib bilan noiloj Namanganga otasinikiga qaytadi va Nazarboy ismli kotibga turmushga chiqadi. Nazarboy bolani oʻziga oʻgʻil qilib oladi va unga Sohib Nazarboyev deb oʻz familiyasini beradi. Biroq Nazarboy koʻp oʻtmay vafot etadi. Shundan soʻng Sorabibi Andijondan boʻlgan mashhur boy Mirkomil Mirmoʻminboyevning ishchilaridan Mirsharif Mirjumaboyevga turmushga chiqadi. Shu tariqa oila Andijonda yashab qoladi.
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]1900-yilgacha Sohib Nazarboyev eski maktabda tahsil olgan. 1908-yilgacha Nazar aminga mirza, 1908—1916-yillarda esa Andijon shahrining Tegirmontosh mavzesidagi rus-tuzem maktabida ishlaydi. Maktabga Andijon shahri maorif inspektori Kuznetsov va Turkiston Maorifi bosh inspektori Ostroumovlar kelib, ish faoliyatini tekshiradilar. Bir necha kundan soʻng Kuznetsov Sohib Nazarboyevni oʻz uyiga chaqiradi va qisqa suhbatdan soʻng unga oʻzi bilan hamkorlikda ishlashni taklif qiladi. Unga oʻquvchilarning kayfiyatini oʻrganish va bu haqida Kuznetsovga axborot yetkazib turish vazifasi beriladi. Nazarboyev bu ishdan bosh tortadi. Natijada Andijon maorif boʻlimi uni taʼlim tizimida ishlashdan mahrum etadi[1]. 1916—1917-yillarda hech qayerda ishlamagan.
1917-yil 17-iyulda Shoʻroi Islomiya tashkilotining tashabbusi bilan Andijonda Yevropa millatlari vakillarining deputatlar soveti qoshida „Musulmon deputatlari soveti“ning mahalliy boʻlimi tashkil etiladi. Sohib Nazarboyev 1918-yil boshidan 11-avgustgacha Aripov, Atajonov, Raxmatov, Atabekov, Haydarhojiyev, Rizaboyevlar bilan mazkur tashkilotda faoliyat koʻrsatadi. Shuningdek u 1918-yil 15-maydan 15-iyulgacha Andijon viloyatining ijroya qoʻmitasida millatlar ishi boʻyicha komissar yordamchisi vazifasini bajaradi.
Sohib Nazarboyev 1922—1924-yillarda Andijon tuman maorif boshqarmasining moliya boʻlimida, 1924—1926-yillarda Andijon birlashgan kasaba uyushmasida xodim, 1926—1928-yillarda hisobchi, 1928—1930-yillarda selxozbankda revizor, 1930—1932-yillarda Andijon shahar moliya boʻlimida kotib lavozimlarida ishlaydi.
Nazarboyev 1934-yilda Toshkentga kelib, „Qizil dehqon“, „Qizil yulduz“ kolxozlarida hisobchi, 1934-yil noyabrdan 1948-yilgacha davlat kinostudiya idorasida hisobchi, 1951-yil 28-fevralgacha „Progress“ artelida qorovul boʻlib ishlagan.
Sohib Nazarboyev 1951-yilda sud hukmi bilan qamoqqa olinadi. Unga Andijondagi „Milliy Ittihod“ aksilinqilobiy tashkilotining aʼzosi degan ayb qoʻyiladi va 10 yil qamoq jazosi beriladi. Jazoni oʻtayotgan vaqtda 1952-yilning 8-avgustida vafot etadi[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Б. Ҳасанов. Tarixning noma'lum sahifalari. 7-kitob. Toshkent islom universiteti 2018 — 169-bet. ISBN 978-9943-4964-4-6.
- ↑ Баҳром ИРЗАЕВ „“Ўлим рўйхатидан” жой олганлар ёхуд “Ўткан кунлар”ни ўқигани учун 25 йилга қамалганлар“. uza.uz. Qaraldi: 26-iyun 2023-yil.