Kontent qismiga oʻtish

Sohibqiron (sheʼriy drama)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Sohibqiron (sheriy drama)dan yoʻnaltirildi)
Sohibqiron

2016-yilgi kirillcha nashr muqovasi
Muallif(lar) Abdulla Oripov
Mamlakat Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Til oʻzbekcha
Janr(lar)i Sheʼriy drama
Nashr etilgan sanasi 2016-yil
Nashriyot
Sahifalar soni
  • 136 bet (Akademnashr)
  • 91 bet (Yangi nashr)
ISBN ISBN 978-9943-4405-9-3

Sohibqiron —1996-yilda Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tomonidan yozilgan, Sohibqiron Amir Temur hayotiga bagʻishlangan sheʼriy drama.[1] Amir Temur — jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslardan biri. Uning hayot yoʻli bir tekis kechmagan. Taqdirning turfa zarbalariga munosib dosh berolganligi uchun ham shunday ulugʻ maqomga erishgan. Abdulla Oripov qalamiga mansub „Sohibqiron“ sheʼriy dramasida Amir Temurning murakkab umr yoʻli haqqoniy boʻyoqlarda ochib berilgan.

Sohibqiron sheʼriy dramasi 2016-yilda „Akademnashr“ nashriyoti tomonidan 136 betli qattiq muqovada, 2019-yilda „Yangi nashr“ nashriyoti tomonidan 91 betli yumshoq muqovada 10 000 nusxada nashr etilgan.[2]

„Sohibqiron“ dramasida Amir Temur janglarda emas, balki koʻproq oʻylar girdobida aks ettiriladi. Asarda Temurning murakkab tabiati uning Amir Husayn, sulton Boyazid, amirlar, oʻgʻillariga munosabatini koʻrsatish mobaynida yorqin aks etgan.

Amir Temur tajribali hukmdor va oʻychil faylasuf sifatida davlatni ushlab turguvchi tayanchlarni: „Moʻl xazina, yagona shoh, yengilmas lashkar“, — deya belgilaydi.

Uning jahongirlik tabiati suruvda bitta choʻpon boʻlganiday, xalqni ham bir podshoh boshqarishi kerakligi borasidagi qanoatida namoyon boʻladi.

Dramada Temurning fuqarolarga munosabati: „Hukmdorlar seva turib fuqarolarni, Umid hamda qoʻrquv ichra saqlashi darkor“, — degan qarashida aks etadi.

Asarda Amir Temurning oʻz dushmanlari gunohlarini ham kechira oladigan shaxs ekani sulton Boyazid, haddidan oshgan kimsani jazosiz qoldirmasligi Amir Husayn, ezgu amalli kishilarni taqdirlashi Hofiz Sheroziy va Qosimbek timsollari orqali ishonarli aks ettirilgan.

Dostonda Boyazidning Amir Temurga yozgan xatidagi haqoratlar uni urushga kirishishga majbur etishi ishonarli tasvirlangan: „Agarda sen biz tomonga kelmasang, Temur bilib qoʻyki, xotunlaring uch taloq boʻlgay. Agar seni yenga olmay chekinsam ortga Unda mening xotunlarim boʻlsin uch taloq“.

Muallif hech bir musulmon chidashi mumkin boʻlmagan bunday odobsizlikka Temurning jang bilan javob berishi tabiiyligini tarixiy haqiqatga ham mos holda koʻrsatadi.