Bibixonim
Bibixonim (asl ismi Saroymulkxonim) (1341 — 1408) — Amir Temurning katta xotini, Chigʻatoy ulusi xoni — Qozonxonning qizi. Dastlab Amir Qazagʻonning nabirasi — Xusayn ibn Musallabga (1355), keyin (Xusayn qatl etilgach) Amir Temurga nikohlangan (1370). Shu bilan Amir Temur Koʻragon unvoniga musharraf boʻladi. Zotan xon avlodiga mansub Saroymulkxonim haramdagi barcha malikalardan ulugʻ hisoblanib, „Katta xonim“ yoxud „Bibixonim“ degan unvonga noil boʻladi.
Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Bibixonim oʻz zamonasining yuksak idrokli, farosatli, tadbirkor, maslahatdosh va yetuk aql-zakovat sohibasi, shuningdek, husn-latofat bobida ham benazir edi. Bibixonim insonparvar, vatanparvar, mamlakatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotidan yaxshigina xabardor boʻlgan, saltanat ishlarida dono maslahatlari bilan qatnashib turgan ayol edi. Ayniqsa, ilm-maʼrifatga alohida eʼtibor berar, tolibi ilmlarga homiylik qilardi. Sohibqiron Amir Temurning harbiy yurishlarida koʻpincha hamrohlik qilgan. Bibixonim saltanatni boshqarishda vujudga kelgan ayrim muammolarni hal qilishda oʻzining oqilona maslahatlari bilan faol qatnashgan. Amir Temur Bibixonimga oshkora boʻysunmasa-da, biroq uning oqilona maslahatlariga oʻzida qandaydir ehtiyoj sezib turgan.
Bibixonim oʻz jamgʻarmasi hisobidan Samarqandda ulkan Madrasa (qarang Bibixonim madrasasi) qurdirgan.
Bibixonim farzand koʻrmagan boʻlsada, Sohibqiron oʻz nabiralari — Muhammad Sulton, Xalil Sulton, Ulugʻbek va boshqa mirzolarni bevosita zukko Bibixonim tarbiyasiga topshirgan edi.
Samarqandda Amir Temur Bibixonimga atab qurdirgan Bibixonim jome masjidi mavjud. Bibixonim haqida xalq orasida koʻplab rivoyatlar saqlanib qolgan.
Turgʻun Fayziyev.
Saroymulkxonimning hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Saroymulkxonim Chigʻatoy ulusiga mansub xonlardan biri, Qozonxonning qizi boʻlib, 1341-yilda tavallud topgan. Balogʻatga yetgach, Movarounnaxr hukmdori Amir Qozogʻonning nabirasi Amir Husaynga turmushga chiqadi. 1370-yilda, Amir Husayning Balx jangi vafotidan soʻng 29 yoshli Saroymulkxonimni Amir Temur nikohiga oladi. Yuksak insoniy fazilatlariga egaligi tufayli Saroymulkxonim, Amir Temur ahli ayollari -malikalarining ulugʻiga aylanadi hamda „kattaxonim“ yoxud „Bibixonim“ mavqei berildi. U oʻz zamonasining yuksak idrokli, farosatli, tadbirkor ayoli va aql-zakovat sohibasi boʻlgan. Shuningdek, husn-latofat bobida ham benazir boʻlgan. Saroymulkxonim siyosatdon, insonparvar, sahovatli malika sifatida saltanatni boshqarishda faol ishtirok etgan. Mamlakatning ijtimoiy va madaniy qurilish ishlariga, ayniqsa, tolibi ilmlarni har taraflama qoʻllab quvvatlash borasida nom qozongan.
Aytishlaricha, Samarqanddagi xozirgi jomeʼ masjidning kun chiqar tomonidan madrasa qurdiradi. Madrasa nihoyatda mahobatli boʻlib, Amir Temur qurdirgan jomeʼ masjidiga tutash boʻlgan. Biroq turli sabablarga koʻra vayron etilgan.
Sohibqiron farmoniga binoan, 1399-1404-yillarda jomeʼ masjid qurib bitkazildi. Baʼzi rivoyatlarda Amir Temur masjidini dono va oqila xotini Saroymulkxonimga tuhfa qilgan, deyishadi. Shuning uchun boʻlsa kerak Amir Temur jomeʼ masjidi ham Bibixonim nomi bilan shuhrat topgandir. Temuriyzodalar tarbiyasi bevosita Bibixonim bilan bogʻliq. U Shohruh Mirzo, Mirzo Ulugʻbek, Muhammad Sulton, Xalil Sultonlarning ilm-maʼrifatni anglashida rahnamolik qilgan. Ayniqsa, Mirzo Ulugʻbek sogʻlom oʻsishi, diniy va dunyoviy bilimlarni mukammal egallashida, Bibixonimning mehnati beqiyosdir.
Sohibqiron Temurning oʻlimidan soʻng, Samarqand taxti, uning nabirasi Xalil Sultonga oʻtdi shu davrda Bibixonim ancha qiyinchiliklarga duch keladi. 1409-yilda Samarqand taxtini Shohruh Mirzoning toʻngʻich oʻgʻli Mirzo Ulugʻbek egallaganda sevikli buvisi Bibixonim hayotdan koʻz yumgan edi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi — SAMARQANDNING TARIXIY OBIDALARI VA MUZYeYLARI BOʻYIChA EKSKURSIYa MATNLARI, 2010
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |