Somoniylar sulolasining tangalari
Somoniylar davlati | |
Massasi | turli xil vaznda |
---|---|
Tarkibi | mis, kumush, oltin |
Oltin | dinor troy oz |
Kumush | dirham troy oz |
Zarb qilingan yillari | IX asr ikkinchi yarmi — X asr |
Old ko'rinishi | |
Orqa tomoni ko'rinishi |
Somoniylar sulolasining tangalari – Somoniylar davlatida muomalada bo‘lgan va somoniy hukmdorlar tomonidan zarb etilgan oltin, kumush va mis tangalar.
Tohiriylarga tobe bo‘lgan dastlabki vaqtlarda somoniylar faqat kumush tanga zarb qilish huquqiga ega bo‘lganlar. Ular zarb qilgan mis tangalar — fals (fulus)lar tashqi ko‘rinishi bo‘yicha yumaloqqa yaqin, xatlari xunuk bo‘lgan. Bunga hech ajablanmasa bo‘ladi. Chunki, Samarqand zarbxonasining bu boradagi dastlabki qadamlari edi. Tohiriylar sulolasi ag‘darilishi bilan Movarounnahr mustaqilligining ramzi sifatida Somoniylarning birinchi dirhami — kumush tangasi zarb qilinadi. Ismoil ibn Ahmad davrida kumush tangalar ko‘plab chiqariladi[1]. Keyinchalik oltin tangalar paydo bo‘la boshlaydi.
Kumush tangalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oltin tangalarga nisbatan a’lo sifatli kumushdan ko‘plab zarb qilingan tangalar mamlakat tashqarisiga ham chiqib ketgan. Ma’lumki, O‘rta Osiyo xalqlarining X asrda Sharqiy Yevropa, shu jumladan, Rossiya bilan savdo-sotiq ishlari juda rivojlangan. U yerdan qunduz, qahrabo, g‘alla, mum, asal, teri singari narsalab keltirilib, O‘rta Osiyodan qator mahsulotlar bilan birga ko‘plab kumush tangalar yuborilgan. Mana shuning uchun g‘arbiy hududlarda somoniylarning ko‘plab kumush tangalari xazinalari aniqlangan. Topilgan eng ko‘p kumush tangalar mingga yaqin bo‘lib, ularning og‘irligi bir necha o‘n kilogrammni tashkil etadi.
Kumush tangalar Skandinaviya va Islandiyagacha yetib borgan. Boltiq dengizidagi Gotland orolida ham Somoniylarning juda ko‘p kumush tangasi topilgan. Ammo shu ko‘p sonli topilmalar IX—X asrlar davomida musulmon Sharqidan, xususan, O‘rta Osiyodan Yevropaga „oqib“ ketgan kumush tangalar haqida juda ham oz tasavvur beradi. Chunki ularning ozgina qismi xazina sifatida yerga tushgan. Ko‘pgina dirhamlar eritilib, ulardan turli xil bezaklar ishlangan[2].
Tangalardagi yozuvlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Somoniylar tomonidan zarb qilingan tangalardagi yozuvlar xuddi xalifalik davrida zarb qilingan tangalardek edi. To‘g‘ri, mis yoki kumush tangalarning bir tomonida bir yoki ikki qator, ahyon-ahyonda esa uch qator yozuvlar uchraydi. Dirhamlarda faqat Somoniylar noibining ismi yozilibgina qolmay (garchand ular xalifalikda butunlay mustaqil holda ajralib chiqqanliklariga qaramay), xalifalarning ismlari ham yozilgan.
Mis tangalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Somoniylar davrida zarb qilingan mis tangalar tashqi ko‘rinishi bilan ham diqqatga sazovordir. Mis tanga eng ko‘p tarqalgan, ko‘p muomalada bo‘ladigan tanga bo‘lishiga qaramay u dirham va dinorlar singari puxta ishlangan. Ulardagi yozuvlar juda ham chiroyli. Ayrim mis tangalar, ayniqsa, Buxoroda zarb qilingan mis tangalar shunchalik chiroyli va puxta ishlanganki, hozir ham kishini hayratga soladi.
Zarbxonalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Somoniylar davrida 30 dan ortiq zarbxonalar bo‘lsa ham lekin ular vaqti-vaqti bilan ishlagan. Ayrimlari qisqa muddat ishlab keyinchalik yopilgan. Buxoro, Samarqand va Shosh asosiy zarbxona hisoblangan. Bulardan tashqari Andijarog‘ (Vaxsh va Panj orasida), Axsikent, Borob (O‘rta Sirdaryoda), Binkat (Toshkent), Zomin, Isfijob (Chimkent yaqinida), Qubo (hozirgi Quva), Marg‘inon (hozirgi Marg‘ilon), Nasrobod (Farg‘ona vodiysida), Navkat (Toshkentda), Sug‘d, Termiz, Tunkat (Ohangaron vodiysida), O‘zgand, Ustrushana, Farg‘ona, Xo‘ttal singari joylarda zarbxonalar bo‘lganligi fanga ma’lum. Yuqorida qayd qilingan zarbxonalarning ko‘pchiligi hozirgi O‘zbekiston hududida bo‘lgan.